Ro‘ziqul Berdiev: "Kannavaroning mahalliy o‘yinlarni ko‘rib borishi yoqimli"

  • 17 oktabr, 00:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 25-turida “Nasaf” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yindan so‘ng mezbonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

Tecno

- Muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Yigitllar katta kuch berishdi, ko‘p mehnat qilishdi. Barchamizga g‘alabani taqdim etishganidan xursandmiz. Ko‘p jamoalar nafaqat biz bilan o‘yinda, balki O‘zbekistonda shunday tendetsiya bo‘lyaptiki, 5 ta himoyachi bilan o‘ynashyapti. Kecha sanab chiqdik, ko‘proq klublar 5 ta himoyachiga o‘tib olishgan. Bunday vaziyatlarda tezkor gol, raqibni xato qilishga majburlash kerak va keyin vazifangiz engillashadi. Standart vaziyat ishladik. Shundan keyin raqib ochilishga harakat qildi. Qarshi hujumlarda yana harakat qildik. Bunday holatlarda hujumchilarimiz qanchalik qiyin bo‘lsa ham ko‘proq vaziyat izlashlari kerak bo‘ladi. Bugun buni yaxshi amalga oshirishdi.  

- Cholovichni pozitsiyasi o‘zgardi. U endi yangi pozitsiyaga o‘tdimi?

- Ba’zi-bir uchrashuvlarda bu sxemada o‘ynayapmiz. 4-3-3 sxemasi, faqat joylashuvida ozgina farq qiladi. Bu pozitsiyada mashg‘ulotlarda ishladik. “Buxoro” jamoasiga qarshi ham shunday o‘ynagandik. Qaerdadir qo‘l kelyapti va raqibga noqulaylik tug‘diryapti. Uni pozitsiyasini o‘zgartirdik, yomon o‘ynamadi. Sherzod ko‘p o‘yin o‘tkazdi, kecha ertalab etib keldi. Holati unchalik yaxshi emasdi. O‘yinga yaxshi qo‘shildi va goli bilan uchrashuvga nuqta qo‘ydi.  

- Uch nafar o‘yinchimiz milliy terma jamoada bo‘lganida taqvimdagi o‘yin ko‘chirilardi. “Nasaf”ga qisqa muddatda 5 ta futbolchi etib keldi. Bu borada adolat bo‘lishi kerakmi?

- Biz murojaat qildik. Umar Eshmurodov bilan Xusayn Norchaev chaqirilgandan keyin murojaat qilib ko‘rdik, PFLga ham, terma jamoaga ham. Ammo o‘yin sanasiga ancha yaqin qolganligi uchun “Qo‘qon-1912” jamoasiga ham murojaat qilganimizdan so‘ng bu o‘yin qoldirilmasligi aniq bo‘ldi. Futbolchilarni ushbu uchrashuvga holatlari har xil bo‘lsa ham g‘alaba qozonishimiz muhim edi. O‘yinchilarni holatini hisobga olib ichki imkoniyatimizdan foydalandik. 5 ta o‘yinchi terma jamoaga borgan, Sardor olimpiya termasida edi. Futbolchilarni holati har xil bo‘lgani bois bu tashvishli vaziyat edi. Uchrashuv muhimligi uchun o‘yinchilarni imkon qadar tayyorladik va ularga minnatdorchilik bildirdik. Maydonda yaxshi ishlashdi.

- Chempionat so‘nggida “Nasaf” uchun og‘ir mavsum bo‘lyapti. Lekin peshqadamlikni saqlab kelyapti. Yana chempion bo‘lsa xursandchilik bo‘lardi...

- Yaxshi niyatlar uchun rahmat. Futbolchilarni ham, murabbiylarni ham, klubni ham asosiy maqsadi shu. Chempionlikni himoya qilishni oldimizga maqsad qilgandik. O‘ylaymanki, oxiri ham biz kutgandek bo‘ladi. Bu oson bo‘lmaydi. Chunki raqib jamoalar ham qarab turishgani yo‘q. Mavsum oxirida biz yanada jipslashib, yaxshi tugatishimiz kerak.

- “Nasaf”ning Elit OChLda navbatdagi o‘yini BAAning “Al-Shabab” klubiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Keyingi raqiblar oldingilariga qaraganda u darajada emas. Shu o‘rinda nimani kutyapsiz?

- U darajada deb bo‘lmaydi. “Al-Shabab”ni saviyasi “Al-Hilol”niki kabi. “Al-Hilol”da mahalliy terma jamoa o‘yinchilari ham bor edi. “Al-Shabab”da esa mahalliy futbolchi juda kam. Legionerlarga qarshi o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Munosib qatnashishni niyat qilganmiz. Raqiblar jiddiyligini ko‘rib turibsizlar. Har bir o‘yinga yigitlarni yaxshi natijalarga erishish uchun tayyorlab boramiz.

- Safar oldidan “Nasaf”da yo‘qotishlar yo‘qmi?

- Bugungi o‘yingacha yo‘qotishlar bor edi. Oxirgi uchrashuvlarda Siddiqov bilan Muhitdinov jarohat olishgandi. Ikki kun avval umumiy guruhga qo‘shilishdi. Bu safar ularni tavakkal qilmadik. Keyingi o‘yingacha yaxshi holatga kelib oladilar. Asosiy futbolchilarimizdan biri Murodni yo‘qotdik. Akmal ketganidan keyin Murod bu pozitsiyada o‘zini yaxshi taraflama ko‘rsatayotgandi. Harakatlari hammadan yuqori edi. O‘rnini to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Uni keyingi o‘yinlarga tayyorlashga umid qilamiz.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi o‘yinni stadionda kuzatdi. Uni kelishi evaziga futbolchilarni ko‘proq o‘zlarini ko‘rsatishni xohlaganlarini sezdingizmi?

- Terma jamoamiz murabbiylarini mahalliy o‘yinlarini ko‘rishlari yoqimli. Futbolchilarni o‘zi ko‘rib olsa, qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Balki bu uchrashuvda futbolchilardan kimdir uni kelganini bilgandir. Menga ham xabar berishgandi. Ammo yigitlardan o‘yinga e’tibor qaratishlarini talab qildik. O‘zini ko‘rsatishga harakat qilishlari tabiiy. Ammo qaerdadir bu xalaqit qilishi ham mumkin. Qaysidir futbolchimiz terma jamoamiz murabbiyiga yoqqan bo‘lsa, imkoniyatlarini ko‘rib oldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!