Rossiyalik mutaxassis: "O‘zbekiston - Rossiya ishtirokidagi o‘yindan ko‘p narsa kutyapman, Shomurodov uchun bu o‘zgacha ahamiyat kasb etadi"
Oldindan rejalashtirilganidek, 20 noyabr kuni O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu o‘ziga xos to‘qnashuv bo‘lib, muxlislar bo‘lajak o‘yinni intizorlik bilan kutishmoqda.
Ayni paytda qator mutaxassislar oldinda turgan uchrashuv borasida o‘zining fikr va munosabatlarini bildirmoqdalar. Yodingizda bo‘lsa, yaqinda Sports.uz sayti uchun rossiyalik taniqli mutaxassislardan biri Yuriy Belous intervyu bergandi. O‘shanda O‘zbekiston – Rossiya terma jamoalari bellashuvidan nima kutayotganini, futbolimizning bugungi holati va albatta Eldor Shomurodov haqida ham gapirgandi.
“O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘ladigan o‘yindan ko‘p narsani kutyapman. Ishonamanki, bellashuv muxlislarga yoqadigan, tomoshabop ruhda kechadi. Shuningdek, terma jamoangizning bahsda munosib o‘yin ko‘rsatishini ham kutyapman. Axir O‘zbekiston o‘z mintaqasida kuchli futbol mamlakati sanaladi. Sizlarda iqtidorli futbolchilar juda ko‘p. Misol tariqasida, Odil Ahmedovni aytishim mumkin yoki bo‘lmasa bugungi kunda futbolchilaringiz orasida eng taniqlisi hisoblanadigan Eldor Shomurodovni tanimagan ishqiboz topilmasa kerak. Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol mutaxassislari kuchli ekanligi bilan ham ancha tanilgan.

Albatta, mening nazarimda O‘zbekiston o‘z mintaqasining eng kuchli terma jamoasi hisoblanadi. Agar Markaziy Osiyo emas, balki umum ma’noda, Osiyo futboli haqida gapiradigan bo‘lsak, Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron va Saudiya Arabistoni eng kuchli terma jamoalar sirasiga kiradi. O‘zbek futbolini kuzatib kelaman. Yuqorida aytganimdek, sizlarda iqtidorli o‘yinchilar ko‘p. Agar yuksalishning to‘g‘ri yo‘lidan boriladigan bo‘lsa, yaqin kelajakda O‘zbekiston ham Osiyodagi eng kuchli terma jamoalardan biri sifatida tilga olina boshlanishi shubhasiz. Chunki biz juda ko‘plab yosh iqtidor egalarini bilamiz. Sizlarda iqtidor egalari borasida katta potentsial mavjud.
Bejizga sizlarda ko‘plab yosh iqtidor egalari borligini aytib o‘tmadim. Masalan, U-23 terma jamoangiz Osiyo chempionatining finalida o‘ynaganligini yaxshi bilamiz. Bu esa ko‘p narsadan dalolat beradi. Sizlarda futbolni rivojlantirish uchun juda yaxshi shart-sharoitlar yaratilgan. “Paxtakor” va “Bunyodkor” kabi dongdor klublaringiz bor. “Bunyodkor”ning moddiy texnik-bazasi juda yaxshiligini va klub ixtiyorida shug‘ullanish uchun bir nechta maydonlar borligini bilaman. Bu masalada Rossiya premer-ligasining ayrim ishtirokchilari “Bunyodkor”ga eta olmasa ham kerak. Milliy chempionatingiz yil sayin rivojlanib boryapti. Shunga qaramay, mamlakatingiz bosh jamoasining JCh final bosqichiga chiqa olmasdan kelayotgani negadir kishini hayron qoldiradi. Bunday muvaffaqiyatsizlikka bir qancha sabablar ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmagan. Sizlarda JCh saralash bosqichi ancha murakkab tizimda o‘tkaziladi. Saudiya Arabistonida tashkil etilgan saralash bosqichining ikkinchi qismida terma jamoangizdan omad yuz o‘girgandi. Vaholanki, O‘zbekiston bunday potentsial bilan jahon chempionatining final bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqishi kerak edi.

Albatta, Shomurodov uchun bu o‘zgacha ahamiyat kasb etadigan bellashuvga aylanishi tayin. Men uni juda iqtidorli, jismonan kuchli va har tomonlama shakllangan futbolchi sifatida bilaman. U aynan Karpin qo‘li ostida to‘p surib yurgan kezlarida o‘yinini yanada kuchaytira olgan. Bejizga Shomurodovni top-beshlik orasida o‘ziga obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Italiya A seriyasiga olib ketishmagan. Umuman olganda, milliy terma jamoa bayrog‘i ostiga chaqiriladigan har qanday futbolchi uchun uning libosida maydonga tushish katta sharaf hisoblanadi. Chunki bunday imkoniyat har kimga ham havola qilinavermaydi. Bunday mahalda o‘yinchilar avvalo yurt sha’ni haqida o‘ylaydi. So‘ngra o‘zlarining maksimal darajasini ko‘rsatish payida bo‘ladilar. Bilasiz, Rossiya chempionatining saviyasi ancha baland. Premer-liga ishtirokchilari tarkibida esa futbolchilarga shunga yarasha haq to‘lanadi. O‘z-o‘zidan o‘yinchilaringiz orasida Rossiyaga qarshi uchrashuvda o‘zlarini ko‘rsatib, e’tiborni tortishga intiladigan futbolchilar jon kuyuktirib to‘p surishlariga shubha qilmayapman.
Shak-shubhasiz. Men uni bejizga har tomonlama shakllangan ijrochi, deb aytmadim. Ammo futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Shomurodovga to‘pni bexato uzatib bera oladigan sheriklarining yordami juda zarur bo‘ladi. Eldor juda tezkor, ikkala oyog‘ida va bosh bilan yaxshi zarba bera oladigan futbolchidir. Italiyada to‘p surishni boshlagandan keyin u endi to‘pni qisqa paslar orqali o‘ynashni ham yaxshi o‘zlashtirib oldi. Rossiyalik mutaxassislar e’tiborini tortadigan futbolchilaringiz ancha bo‘lishiga ishonchim komil. Bilsangiz kerak, hamyurtingiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” klubida to‘p surib, ancha tanilishga tushdi. Shuningdek, milliy chempionatingizda kurashni qizdira oladigan klublar soni ancha oshayotganidan xabarim bor. Bu esa intriganing ortishiga xizmat qiladigan omil hisoblanadi”, - dedi Belous.



Fikrlar