
Rossiyada porlayotgan Sardor Azmunni o‘zbekistonlik mutaxassis kashf qilganini bilasizmi?
O‘zbek futbolining yorqin yulduzi Andrey Fyodorovning Rossiya futbolida ham o‘z o‘rni, hurmati va xizmati bor. Mashhur futbolchimiz “Rubin” bilan birga birinchi ligadan to jamoaning Rossiya chempioni bo‘lgunicha uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan.
2000-2008 yillari Qozon shahri jamoasini sharafini himoya qilgan Andrey Fyodorov Rossiya premer-ligasida 127 ta uchrashuv o‘tkazib, himoyachi bo‘lganiga qaramasdan, raqiblar darvozasini 15 marta aniq nishonga olgan. 2003 yili Rossiya chemponatida bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, besh yildan keyin jamoa sardori sifatida Rossiya chempionati oltin medali va bosh sovrinini ham qabul qilib olgan.
“Tatar-inform” axborot agentligi Andrey Fyodorovning “Rubin”dagi faoliyatiga oid suhbatini e’lon qildi. Ushbu ishtervyuning eng qiziq joylarini e’tiboringizga havola qilamiz.
- Andrey, futbolchilik faoliyatingizni 2008 yili yakunlagansiz. Lekin futboldan uzoqlashmadingiz...
- “Rubin” chempion bo‘lganidan keyin butsalarni mixga ilishga qaror qildim. Albatta, faoliyatimni davom ettirish imkoniyati bor edi. Birinchi liga klublaridan takliflar bo‘ldi. Lekin “Rubin” rahbariyati va bosh murabbiy Qurbon Berdiev bilan suhbatlashganimdan keyin klubda qoladigan bo‘ldim. Meni klubning selektsiya bo‘limi boshlig‘i etib tayinlashdi.
Ta’kidlash joizki, o‘sha paytgacha klubda selektsiya bo‘limi yo‘q edi. Yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun murabbiylarning o‘zi yurardi. Men klub taklifini qabul qildim va shu bilan birga Murabbiylar oliy maktabida o‘qidim.
2012 yili Yuiy Utkulbaev “Rubin” o‘rinbosarlari tarkibidagi bosh murabbiylik postini topshirdi va uning o‘rnini men egalladim. Oilaviy sharoit tufayli bir yildan so‘ng, yana selektsiya bo‘limidagi joyimga qaytdim. 2014 yil fevralida “Rubin”dan bo‘shab ketdim.
- O‘zingiz selekstsiya bo‘limida ishlagan davringizdagi yorqin lahzalarni gapirib bersangiz. O‘yinchilarni qaerdan va qanday topardingiz, kimlarni “Rubin”ga siz olib kelgansiz?
- Frantsiyaning Tulon shahrida har yili may-iyun oylarida futbol iste’dodlarining yarmarkasi bo‘ladi. U erga butun dunyodan o‘smirlar terma jamoalari keladi. Xuddi shunday turnir Ispaniyaning Valensiya shahrida ham tashkil etiladi. Bu turnirlarning yaxshi tomoni shundaki, u erga xali mutaxassislar e’tiboriga tushmagan yangi futbolchilar olib kelinadi.
Bundan tashqari, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon va qit’alar chempionatlaridagi o‘yinchilarni ham kuzatib borardim. Menga bu borada selektsiya bo‘limidagi mutaxassislar Oleg Nachaev va Marat Kabaev yordam berardi. Keyinchalik selektsiya bo‘yicha analitik lavozimi ham tashkil qilingan edi.
“Rubin” uchun biz topgan eng yorqin o‘yinchi haqida gapirsak, bu shubhasiz Sardor Azmun. Birinchi bo‘lib, uni Marat Kabaev Sankt-Peterburgdagi turnirda kashf qilgan. O‘shanda Azmun 17 yoshda edi. Bir yil davomida uni olish ustida ishladik va nihoyat, 18 yoshga to‘lishi bilan eronlik futbolchi Qozonga ko‘chib o‘tdi. Bu yosh futbolchi transferi edi.
Agar taniqli o‘yinchilar transferini haqida aytadigan bo‘lsam, Salomon Rondonni “Rubin”ga olib kelganmiz. Albatta, Rondonni biz kashf qilganmiz, demayman. Chunki o‘sha davrlarda u ko‘zga ko‘ringan futbolchi edi. Ispaniya chempionatida “Malaga” sharafini himoya qilardi. Aslida, dastlab uning o‘rniga senegallik hujumchi Dame Ndoyeni olishni istagandik. U “Kopengagen” safida Chempionlar ligasida bizga qarshi o‘ynagandi. Lekin oxir-oqibat “Lokomotiv” o‘tib ketdi va biz Rondonni taklif qildik.
- Keyin O‘zbekistonda murabbiylik qildingiz...
- Ha, “Rubin”da ishlagan vaqtimda deyarli har kuni Farg‘onadan qo‘ng‘iroq bo‘lardi. Natijada 2014 yili “Neftchi” taklifini qabul qilib, faoliyatimni boshlagan klubga qaytdim. Boshida maslahatchi murabbiy edim, keyinroq bosh murabbiy bo‘ldim. O‘sha paytda Pro litsenziyasini olgandim va rasman jamoani boshqarishim mumkin edi. 2018 yildan joriy yilning avgustiga qadar Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida ishladim.
- “Rubin” qiziqqan Oston O‘runov “Lokomotiv”dagi o‘yinlari Siz ishlagan davrga to‘g‘ri keladimi?
- Yo‘q. Lekin men uning salohiyatini juda yaxshi bilaman, chunki oldinroq – “Navbahor”da o‘ynaganida e’tiborimni tortgan edi. Menimcha, u tayanch zonadan ko‘ra, hujumchi ortida yaxshi o‘ynaydi. Ayniqsa, yonida biror futbolchi bilan o‘ynasa, ko‘proq samara beradi. O‘zbekistonda asosan qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynardi. “Spartak”da Zobnin Moyzes kelgunicha shunaqa o‘ynadi-ku, huddi shunday. Agar u “Rubin”ga keladigan bo‘lsa, Shatov va Xvan bilan asosiy tarkibga kirish uchun bemalol raqobalasha oladi. Oston to‘pni yaxshi olib yuradi va kuchli driblingga ega. U jamoani kuchaytira oladi, deb o‘ylayman.
Fikrlar