
Rossiya terma jamoasi Pokistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin
Pokiston terma jamoasi media menejeri Muhammad Yashal RB Sport nashriga bergan intervyusida noyabr oyida Rossiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
— 23 sentyabr kuni Rossiya futbol Ittifoqidan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish uchun taklif oldik. Ammo ma’lum tayyorgarliklarni olib borish, jamoa va mutasaddilarni yig‘ish, logistika masalalarini hal qilish zarurligini inobatga olib, Pokiston futbol federatsiyasi o‘yinni noyabr oyiga ko‘chirishni so‘radi. Ko‘p o‘yinchilar turli mamlakatlarda, shuning uchun vaqt kerak.
- O‘yin noyabr oyida bo‘ladimi?
— Biz RFUga o‘yinni noyabrda o‘tkazishga tayyor ekanligimiz haqida javob yubordik. Lekin ulardan haligacha javob kelmadi. Javob olishimiz bilanoq tayyorgarlikni boshlaymiz. Hammasi RFUning javobiga bog‘liq.
FIFA va UEFA tomonidan xalqaro musobaqalardan diskvalifikatsiya qilingan Rossiya terma jamoasi joriy 2024 yilda uchta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. 21 mart kuni Rossiya terma jamoasi Serbiyani 4:0 hisobida mag‘lub etdi. 7 iyun kuni esa Belarusni ham 4:0 hisobida engdi. 5 sentyabr kuni Vetnam terma jamoasiga qarshi o‘yin ham Rossiyaning g‘alabasi bilan yakunlandi – 3:0. Valeriy Karpin shogirdlari 2023 yilda beshta o‘rtoqlik o‘yinida qatnashgan.
Fikrlar