
Ronaldu sahifasiga reklama joylashtirish qancha turadi? Futbol yulduzlari qanday daromadlarga ega?
Odamlar dunyoning eng yaxshi futbolchilari shaxsiy samolyotlarda uchishiga, o‘z orollarida yashashiga va deyarli barcha narsaga qodir ekanligiga e’tibor beradi. Ular haqiqatdan ham juda boy va ularning daromadlari faqatgina sport bilan bog‘liq emas. Keling, mashhur futbolchilar qanday daromad manbalariga ega ekanligini ko‘rib chiqamiz.
Futbol sayyoramizdagi eng mashhur sport turi hisoblanadi. Futbolchilar qaerga bormasin, odamlarning e’tibor markazida bo‘ladi va shuning uchun jahonning eng taniqli brendlari ular bilan reklama shartnomalarini tuzishga intiladi. Zamonaviy futbolni reklamasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Juda ko‘plab video, banner va plakatlarda futbolchilarni ko‘rishga odatlanganmiz.
Bundan tashqari, o‘yinchilarning o‘zlari uchun bunday hamkorlik juda foydalidir, chunki bu ularni yanada ulug‘vorlikka erishishiga imkon beradi.
Ko‘plab futbol yulduzlari "to‘p o‘ynash" qobiliyati tufayli shu qadar mashhurlikka erishdiki, kiyim-kechak, parfyumeriya va boshqa ko‘plab mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi brendlarni yaratishdi. Kimdir sport buyumlarini, kimdir oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradi... Futbolchilar tomonidan yaratilgan brendlar jahon bozorida ularni jiddiy tarzda tanitdi.
Ayni paytda sportchilar, xususan, futbolchilar uchun eng katta daromad manbalaridan biri bu Instagram sahifasidir. Masalan, Krishtianu Ronalduning sahifasiga bitta reklama joylashtirishning narxi 1 mln dollar turadi, Neymarning sahifasida 720 ming dollar va Messinikida 650 ming! Tasavvur qiling, bu qanchalar katta raqamlar! Ba’zi futbolchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali klubda ishlab topadigan maoshiga yaqin pul topmoqda.
Millionlab dollarlik boylikka egalik qilganingizda har doim yirik loyihalarga qo‘l urishingiz va pulingizni sarmoyalashingiz zarur. Ba’zi dunyo yulduzlarida allaqachon o‘zlarining futbol jamoalari mavjud. Masalan, Devid Bekxem MLS chempionatida qatnashuvchi "Mayami" klubining egasi, Jerar Pike ham Ispaniyada futbol klubiga egalik qiladi. Bularning barchasi futbolchilarga katta foyda keltiradi!
Fikrlar