"Repetitsiya tugadi, hamma katta sahnaga" yoxud bugundan Superligada 2-davra boshlanyapti

  • 2 avgust, 2024, 01:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Nihoyat, Superligamizda 2-davra uchrashuvlari boshlanyapti.

Tecno

2 avgust kuni Superliganing ikkinchi davra bahslariga start beriladi. 2, 3 va 4 avgust kunlariga 3 ta o‘yin belgilangan.

“Neftchi” – “So‘g‘diyona” va “Olimpik” – “Nasaf” o‘yini 20 avgustda, “Paxtakor” – “Surxon” bahsi esa 22 avgustga belgilangan. “Dinamo” – “Navbahor” qarama-qarshiligi boshqa kunga ko‘chirilgan.  Demak, siz bilan biz hozircha 14-turning 3 ta o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Jamoalar yozgi tayyorgarlikdan so‘ng asosiy e’tiborlarini yana rasmiy uchrashuvlarga qaratishadi. "Repetitsiya" tugadi va endi hamma "katta sahnaga".

2 avgust

19:45. “Qizilqum” – “Bunyodkor”

Chempionatning ilk turida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Qizilqum” “Bunyodkor”ni 3:2 hisobida yutib qaytgandi. O‘shanda “Qizilqum” tarkibida o‘ynagan himoyachi Shahboz Jo‘rabekov raqib darvozasini ishg‘ol qilgan va bitta golli pas ham bergan. Endi esa Jo‘rabekov “Bunyodkor”ga o‘tdi va “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushish imkoniyatiga ega. Birinchi davrani o‘z darajasidan past o‘tkazgan “Bunyodkor” uchun ikkinchi davra hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar natijalar yana salbiyligicha qolaversa, “Qaldirg‘ochlar” pastga qarab sho‘ng‘ishda davom etadilar. Ikkala jamoa ham tarkibiga yangi o‘yinchilarni qo‘shib olishdi. Qarshidagi uchrashuvda imkoniyatlar teng. Faqat kim qanday tayyorgarlik ko‘rganiga ko‘p narsa bog‘liq.

3 avgust

19:45. “Andijon” – OKMK

“Bobur arena”da to‘p surish mehmon jamoalar uchun juda og‘ir. Chunki andijonlik muxlislarni qanday kuchga egaligini hamma yaxshi biladi. Ular stadionda hosil qilayotgan yuqori darajadagi muhit mehmonlarni sarosimaga solib qo‘yishi mumkin. “Andijon” hamda OKMK jamoalari hozirda jangovar kayfiyatda. Yozgi selektsiyada ikkala klubda tarkib masalasida ayrim o‘zgarishlar kuzatilganini bilasiz. Birinchi davrada Olmaliqdagi bellashuvda darvozalar daxlsiz qolgan. Ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgan ushbu qarama-qarshilik hujumkor ruhda o‘tishi shubhasiz. Qolganini o‘yin davomida ko‘rib olamiz.

 

4 avgust

19:45. “Metallurg” – “Lokomotiv”

Bilasiz, birinchi davrani g‘alabasiz tugatgan yagona klub “Metallurg”dir. Salbiy natijalar fonida yozda bekobodliklar safida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bosh murabbiylikka Grigoriy Kolosovskiy keldi. Tarkibga bir qancha o‘yinchilar olib kelindi. Ular uchun har bir o‘yin finalga teng. “Metallurg”ning raqibi “Lokomotiv” ham tarkibida ancha-muncha o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Turnir jadvalida ular “Metallurg”dan u qadar uzoqda emas. Jamoalarni faqat uch ochko ajratib turibdi. “Lokomotiv” ham maqtanarli holatda emas. “Metallurg” uchun mas’uliyat va natija har qachongidan muhim.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!