
“Real”ni “yondirgan” to‘purar yanvarda Madriddan ketadi
Katta umidlar bilan “Real”da qolgan Gonsala Garsiya murakkab vaziyatga tushib qoldi. “Qirollik klubi” tizimidan etishib chiqqan eng iqtidorli hujumchilardan biri yozda yangi bosh murabbiy Xabi Alonsoning ishonchini qozongan edi.
21 yoshli forvard AQSh mezbonlik qilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati oltita uchrashuvda to‘rtta gol urib, muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortgandi. Shundan so‘ng, murabbiylar shtabi Gonsaloni asosiy tarkibga qo‘shishga qaror qilgan.
Biroq La Ligada voqealar rivoji biroz boshqacha tus oldi. Xabi Alonso Garsiyani chempionat boshlanganidan beri to‘rt marotaba maydonga tushirdi va umumiy hisobda 90 daqiqa o‘ynatdi xolos.
Endi o‘sib kelayotgan o‘yinchi uchun bu juda kam vaqt hisoblanadi. Shu bois, Gonsalo qishki transferlar davrida o‘ziga o‘yin amaliyoti beradigan klubga o‘tmoqchi. Ekspertlar Gonsalo Garsiyaning raqibdan qochish, jarima maydonchasi ichida aql bilan o‘ynash va gol urish qobiliyatini yuqori baholamoqda.
Fikrlar