
“Real” barcha zamonlar rekordini o‘rnatdi
“Real” futbolchilari Evropa Chempionlar ligasining chorak finaliga yo‘llanma oldi va bosh sovrin uchun yurishni davom ettiradigan bo‘ldi.
Karlo Anchelotti shogirdlari nimchorak final bosqichida o‘z hamshaharlari – “Atletiko” bilan to‘qnash kelgan edi. Har ikki jamoa o‘z maydonidagi uchrashuvda zafar quchgani bois, musobaqani kim davom ettirishi penaltilar seriyasida aniqlandi.
11 metrlik nuqtadan to‘p tepishda omad “Qirollik klubi” tomonidan bo‘ldi va ular javob uchrashuviga mezbonlik qilgan “matraschilar”ni 4:2 hisobida dog‘da qoldi.
Squawka statistika markazining ma’lum qilishicha, “Real” qit’aning eng nufuzli musobaqasida to‘rtinchi marotaba penaltilar seriyasida g‘olib chiqdi. UEFA Chempionlar ligasi va bu turnir Evropa Chempionlar kubogi deb atalgan davrda ham hech bir jamoa bunaqa ko‘rsatkich qayd etolmagan.
Demak, “Real” ushbu musobaqada penaltilar seriyasida g‘olib chiqish bo‘yicha barcha zamonlar rekordini o‘rnatdi.
Endi Karlo Anchelotti shogirdlari keyingi bosqichda Londonning “Arsenal” jamoasi bilan kuch sinashadi. Birinchi uchrashuv 8 aprel kuni Londonda, javob o‘yini 16 aprelda Madridda bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar