
Ravshan Ermatovning O‘FA birinchi vitse-prezidentligidagi ilk fikrlari
Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ijroqo‘m azolari yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Unda FIFA referisi Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi. Ushbu tayinlovdan so‘ng Ravshan Ermatov o‘zining ilk fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Avvalambor, bildirilgan ishonch uchun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevga va sizlarga katta minnatdorchiligimni bildiraman. Qolaversa, turli yillarda futbolimiz ravnaqiga o‘z xissasini qo‘shgan, futbolimiz rahbarlari va mutaxassislariga futbol jamoatchiligi va o‘zim nomimdan katta rahmat aytaman.
Albatta, bugun hayajondaman. Ochig‘ini aytsam, menga bu erda turishdan ko‘ra futbol maydonida turish ancha qulayroqdek tuyulyapti (kuladi). Lekin futbolimiz oldida turgan og‘ir, jiddiy va mas’uliyatli vazifalarni ko‘rib turib, bir chekkada tomoshabin bo‘lib turish, ona vatanimni sevishim, futbolni yaxshi ko‘rishim va vijdonimga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, futbol bu jamoaviy o‘yin. Agar biz hammamiz birlashib, ahil bo‘lib, faxriylarimizning duosini olib, mutaxassislarimiz-u muxlislarimiz halollik bilan, adolat bilan yondoshib, borimizni berib, yagona maqsad yo‘lida futbolga xizmat qilsak, hudo xohlasa ishonchim komilki, biz oldimizda turgan har qanday qiyinchiliklarni birgalikda engib o‘tamiz, - dedi Ravshan Ermatov.
Fikrlar
Halol bo'lsa duoda.