
Ravshan Ermatov boshchiligidagi O‘FA delegatsiyasining Andijonga tashrifida nimalar ro‘y berdi? Yoxud xorvatiyalik Asanovich bir gapni aytdi...
Xabaringiz bo‘lsa, bu yil o‘zbek futbolining 110 yillik bayram festivallari viloyatlarda keng nishonlanib kelinmoqda. Bu safargi mana shunday shodiyona tadbirlar Andijonda davom ettirildi. Ravshan Ermatov boshchiligidagi O‘FA delegatsiyasining navbatdagi manzili aynan Andijonga qaratildi.
Viloyat futbol federatsiyasi rahbariyati, faxriylar va OAV vakillari mehmonlarni iliq qarshi oldi. Darvoqe, yaqinda Toshkentga kelgan xorvatiyalik sobiq futbol yulduzi Alyosha Asanovichning Andijonga tashrif buyurgani ham e’tiborimizni tortdi. Mehmonlar dastlab Sho‘rbuloqdagi bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasida bo‘ldilar. U erda yosh bolajonlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi hamda mehmonlar o‘zlarining esdalik sovg‘alari bilan ulashdilar. Shuningdek, Ermatov va Asanovich bo‘lajak murabbiylar bilan ham ko‘rishib, ularga o‘zlarining fikrlarini, maslahatlarini berdilar.
Tashrif davomida tabiiyki, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan ham uchrashuv belgilangan bo‘lib, rejaga ko‘ra mazkur jarayon amalga oshdi. Albatta, Shuhratbek Qo‘shoqboevich bilan uchrashuv juda samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. E’tiborlisi, Andijon viloyati hokimi o‘zbek futboli rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. O‘z navbatida Abdurahmonov Ravshan Ermatov, Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov hamda xorvatiyalik Alyosha Asanovichga zarbof to‘n kiydirdi. O‘FA vitse-prezidenti Andijon viloyati futbolning ommaviyligi ortib borayotgani, bu erdagi klublar dadil rivojlanish yo‘lida ekanini alohida ta’kidladi. Viloyat hokimi viloyatda futbolda erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib, viloyatning bosh jamoasi “Andijon” haqida ham fikr bildirib o‘tdi. Keyingi mavsumda jamoani Superligada ishtirok etishiga ishonchi komil ekanini va muxlislarni xursand qilish uchun jamoani yanada kuchaytirish va shakllantirishda barcha yordamni ko‘rsatishini alohida aytib o‘tdi.
O‘FA delegatsiyasi viloyat hokimi bilan uchrashuvdan so‘ng Andijon shahridagi Bo‘ston dahasida joylashgan viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabiga tashrif buyurdi. Shuningdek, bu erda bevosita “Andijon” futbol klubining qarorgohi ham joylashgan. U erda yosh futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. So‘ngra Ermatov, Asanovich va Isoqov futbol maktabida tarbiya olayotgan bolalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazdilar. Xorvatiyalik mutaxassis bolalarga o‘zi haqida gapirib, ular uchun o‘z maslahatini ham aytdi.
“Mening ismim – Alyosha. Yoshligimda akam bilan futbol o‘ynab yurardik, - deya gap boshladi, Asanovich. - Bir kuni akam menga, seni futbol akademiyasiga olib boraman, dedi. Keyin shunday bo‘ldi va men bordim. Bir murabbiy meni ko‘rib yoqtirib qoldi va o‘z ustingda ishlashda davom etsang, sendan yaxshi futbolchi chiqadi, deb aytdi. Keyin men yanada qattiq ishlashga kirishganman.
Bilasizmi, bizni Xorvatiya kichkina mamlakat. Aholisi 4 million. Bu xuddi Andijon aholisidek gap. Men 1998 yili Xorvatiya terma jamoasi bilan jahon chempionatida qatnashib 3-o‘rinni olganmiz. 20 yildan keyin 2018 yilda terma jamoamiz Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Har yili Xorvatiyadan 1000 nafar futbolchi chet elga ketadi. Ayniqsa, yaxshi shug‘ullanishganidan 15-17 yoshligidan ularni olib ketishadi. O‘zbekiston aholisi Xorvatiyadan 8 barobarga ko‘p. Sizlardan ham Modrich, Rakitich kabi yulduzlar chiqishi mumkin. Buning uchun bor e’tiboringlarni faqat futbolga bag‘ishlanglar.
Sizlarni o‘z vataninglar – O‘zbekiston uchun futbol o‘ynash orzuinglar bor. Ayniqsa, o‘zinglarni, oilanglarni va vataninglarni obro‘sini oshirish maqsadinglar bor. Avvalambor, sizlar futbol o‘ynayapsizlarmi, demak futbolni qattiq yaxshi ko‘rishinglar kerak. Yaxshi futbolchi bo‘lish uchun doim o‘zinglarni qiynab mehnat qilishinglar lozim. Shunchaki, ishlash bo‘lmaydi. Qattiq mehnat qilsanglargina ertaga natija bo‘ladi. Albatta, bunda murabbiylarga quloq qolish va ularning aytganlarini bajarish ham muhim. Bu erda barchamiz sizlarga xizmat qilish, sizlarga yaxshi sharoitlarni yaratish uchun hozir shu erdamiz. Futbol dunyodagi eng yaxshi sport. Bundan sizlar rohatlanishinglar kerak. Sizlar ota-onanglarni xursand qilishda va ota-onanglar sizlar bilan faxrlanishida albatta siz yoshlarga omad tilayman”, - dedi Asanovich.
Ravshan Ermatov esa Andijon futbol afsonalaridan biri hisoblanmish Baxtiyor Hamidullaevni bolalarga o‘rnak qilib ko‘rsatdi va uning qanday hujumchi bo‘lganini ularga batafsil aytib berdi. Bundan maqsad Hamidullaev kabi kelajakda terma jamoa sharafini himoya qiladigan mohir futbolchi bo‘lib etishishlarini va bunda Baxtiyorning faoliyatini namuna qilib olishlarini ham alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Ravshan Sayfiddinovich “Andijon” klubi qarorgohini ham ko‘zdan kechirdi. Klub prezidenti Jur’atbek Quvvatov va bosh murabbiy Viktor Kumikov bilan suhbatlashib, jamoaning natijalaridan mamnun ekanini bildirdi.
Rejaga muvofiq mazkur futbol maktabi maydonida O‘zbekiston va Andijon viloyati faxriylar jamoalari ishtirokida o‘yin o‘tkazildi.
O‘zbekiston faxriylar terma jamoasi: Vyacheslav Tomilin, Ma’mur Saidqosimov, Sergey Kovshov, Orif Mamatkazin, Mahmud Sobirov, Aleksey Evstafeev, Nizom Nasriddinov, Askar Jadigerov, Fazliddin Shoimqulov, Azamat Abduraimov, Furqat Esonboev.
Bosh murabbiy: Birodar Abduraimov.
Andijon viloyat faxriylar terma jamoasi: Hamid Zokirov, Rustam Sobirov, Rafael Muslimov Rahim Qodirov, Muzaffar Rahimberdiev, Adham Karimov, Otabek Qilichev, Rustam Abdiev, Baxtiyor Hamidullaev, Vitaliy Legay, Farhod Qodirov.
Bosh murabbiy: Toir Nizomov.
Gollarga boy tarzda kechgan uchrashuvda 3:3 hisobi qayd etildi. Azamat Abduraimov (2 ta) va Bekzod Karimovning gollariga Andijondan Baxtiyor Hamidullaev (2 ta) va Lochin Soliev javob qaytarishdi.
Shuningdek, "Andijon" futbol klubi prezidenti Jur’atbek Quvvatov nafaqat viloyat futboli, balki o‘zbek futboli rivoji yo‘lida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari va mehnatlari ham munosib e’tirof etildi.
Shu munosabat bilan Jur’atbek Quvvatov ko‘krak nishoni medali bilan taqdirlandi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar bo‘limi boshlig‘i, o‘zbek futboli afsonalaridan biri - To‘lagan Isoqov "Andijon" klubi prezidentiga ko‘krak nishonini topshirdi.
"Andijon" futbol klubining imidjini oshirish hamda rivojlantirish yo‘lidagi izchil harakatlari va mehnatlari o‘laroq, endilikda jamoa yangicha qiyofaga kirib bormoqda. Bu yo‘lda istiqbolli rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani ham e’tiborga molik. Bu yo‘lda ko‘zlagan maqsadiga erishishiga ishonchimiz komil!
Bugun “Bobur Arenad” pro liganing 17-turida “Andijon” “Sho‘rtan” klubini qabul qiladi. O‘FA delegatsiyasi mazkur uchrashuvni bevosita stadionda tomosha qiladi.
Fikrlar