
Raneri o‘yini ochilib ketgan Shomurodov haqida nimalar dedi?
“Roma”ga tajribali mutaxassis Klaudio Raneri bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin Eldor Shomurodovning faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshladi.
Aynan 73 yoshli mutaxassis qishki transferlar vaqtida o‘zbek futbolchisining boshqa klubga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. Shundan so‘ng 29 yoshli hujumchi “Roma” o‘yinida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Ekspertlar garchi Shomurodov kam gol urayotgan bo‘lsa-da, hujum tashkil etishda jamoa o‘yiniga sezilarli ta’sir o‘tkazayotgani, argentinalik hujumkor futbolchi – Paulo Dibala va Matias Sule bilan hamkorlikda samarali harakat qilayotganini alohida ta’kidlashmoqda.
A Seriyaning 26-turida chempionat autsayderi “Montsa”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda Eldor Shomurodov asosiy qahramonga aylandi. Hamyurtimiz dastlab Aleksis Salemakersning goliga assistentlik qilgan bo‘lsa, birinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘zi ham chiroyli gol urib, amalda o‘yin taqdirini “bo‘rilar” foydasiga hal qildi.
Bellashuv oxirigacha yana ikkita to‘p kiritgan rimliklar hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Ushbu uchrashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Klaudio Raneri o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Futbolchilar yaxshi shug‘ullanyapti, jamoada ichki muhit a’lo darajada. Men futbolchilarimga ishonch bildirishda davom etaman. Biz muxlislarga jamoadan faxrlanish tuyg‘usini qaytara oldik. Endi ular yigitlarning imkoniyatlariga ishonch bilan qarayapti, jamoa qo‘llashmoq va bu juda muhim ahamiyatga ega.
Shogirdlarim mashg‘ulotlarda mashaqqat bilan o‘rganayotgan ko‘nikmalarini uchrashuvlar amalda qo‘llab kelmoqda. “Montsa” ligada qolish uchun kurashayotgani uchun ham bu bellashuv biz uchun o‘ta xavfli va tuzoq bo‘lish ehtimoli katta edi. Men jamoadan bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish va tezkor echim topishni talab qildim.
Yigitlar vaziyat jiddiy ekanini tushunib etdi. Mavsumni oxirigacha har bir uchrashuv o‘ta muhim va qiyin bo‘lib qolaveradi.
Men jamoa bilan doimiy aloqani ushlab turishga harakat qilaman. Shogirdlarim ham ular uchun hamma narsaga tayyor ekanimni yaxshi biladi. Muxlislar stadionga kelib, oxirigacha kurashayotgan jamoani ko‘rishi kerak. Natija ko‘p omillarga bog‘liq bo‘ladi, eng samarali usul esa alohida o‘yinchilarning jamoa manfaatlari yo‘lida o‘z irodasini namoyish qilishidir.
Eldor Shomurodov asosiy hujumchiga aylanib bormoqda. Chin dildan shuni aytamanki, muhim uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘z foydamizga hal qilish uchun birorta salbiy o‘y-xayol bo‘lmasligi kerak. Men bu yigitlarga o‘ynash imkonini beryapman.
“Napoli”ga qarshi uchrashuvda ham men kam maydonga tushayotgan o‘yinchilardan foydalanishga qaror qildim. Siz bu yigitlarni, xususan Shomurodovning mashg‘ulotlarda qanday ter to‘kayotganini ko‘rganingizda edi...Ular maydonga chiqishga oshiqmoqda. Bu men uchun muhim. Bunday vaziyatda tarkib tanlash qiyin, lekin bu futbolchilar o‘zini 100 foizga ishga bag‘ishlayapti. Har bir o‘yin futbolchining jamoa uchun o‘ynash ishtiyoqiga bog‘liq bo‘ladi, - dedi Klaudio Raneri.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 24 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
“Roma” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 2 mart kuni “Komo” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.
Fikrlar