
Rahmatilla Nuriddinbekov: "Dzyudoda ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritish niyatidaman"
14 sentyabr kuni Samarqand shahrida mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlangan, viloyat hokimi sovrini uchun milliy kurash bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazilgan edi.
Ushbu musobaqada yurtimizning kuchli polvonlari bilan bir qtorda Indoneziya, Tojikiston va Qozog‘istondan tashrif buyurgan sportchilar uch vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Shubhasiz, eng murosasiz bahslar 73 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tdi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Aynan, shunday shiddatli kechgan ushbu vazn toifasidagi bellashuvlarda andijonlik Rahmatilla Nuriddinbekovga teng keladigan raqib topilmadi. U barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, hokim sovrini “Spark” avtomobilini qo‘lga kiritdi.
Biz ushbu polvonimizga turnir taassurotlari va faoliyatiga oid bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Avvalo, g‘alaba va avtomobil muborak bo‘lsin!
- Raxmat.
- Bu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritish oson bo‘lmaganligi aniq. Nima deysiz?
- Shubhasiz. Chunki, juda kuchli raqiblarga duch keldim. Shunday bo‘lsada, g‘alaba qozona oldim.
- Umuman olganda ushbu turnir g‘olibiga aylanish yo‘lida nechta raqib bilan to‘qnash keldingiz?
- Finalga qadar, to‘rt nafar yaxshi saviyadagi kurashchining to‘sig‘idan o‘tishimga to‘g‘ri keldi.
- Odatda, milliy kurash bo‘yicha Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxorodan kuchli polvonlar etishib chiqishiga o‘rganib qolganmiz... Siz Andijon milliy kurash maktabi tarbiyalanuvchisimisiz?
- Albatta, Andijon olimpiya zahiralari kolleji tarbiyalanuvchisiman. Lekin murabbiyim surxondaryolik bo‘lganligi uchun, voha tomonlarda ko‘p o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga borib turaman.
- Kurash bo‘yicha bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritganingizni bilamiz. Lekin dzyudo musobaqalarida ham ishtirok etasiz. Bu sport turida esa, natijalar biroz kamtarroq. Bunga sabab nimada?
- Dzyudoda ham bir nechta sovrinlarni qo‘lga kiritganman. Lekin asosiy musobaqalarning aksariyati milliy kurash bilan bir vaqtda bo‘lib qoladi. O‘sha uchun ko‘plab nufuzli turnirlarni o‘tkazib yuboraman. Biroq, bu sport turida ham yaxshi natijalarni qayd etish niyatidaman.
- Baribir sportchini muvaffaqiyat qozonishida murabbiydan tashqari ota-onaning ham o‘rni katta to‘g‘rimi?
- To‘g‘ri, ota-ona va murabbiylar sportchi uchun juda muhim insonlar. Men ham ota-onamning duolari, murabbiyimning salohiyati va mexnati tufayli, ushbu darajaga etishdim deb o‘ylayman.
- Odatda ko‘plab sportchilarimiz, bunday holatda avtomobil kalitini dadasiga sovg‘a qiladi?
- Men ham shunday qildim. :)
- Hozirda ko‘plab, yakkakurash ustalari sportchilik bilan bir qatorda faoliyatini huquqni muhofaza qilish organlarida ham olib borayapti. Balki, Sizda ham shundaydir?
- Yo‘q unday emas. Hozirda, murabbiylik faoliyatimni yo‘lga qo‘yganman.
- Milliy kurash bo‘yicha terma jamoa safidagi faoliyatingiz borasida nima deya olasiz?
- Yaratganga shukr, bir necha yillardan buyon terma jamoa safidaman. Nasib qilsa, jahon arenalarida ham yurtimiz sha’nini munosib himoya qilaman degan umiddaman.
- Terma jamoa safidan o‘rin olish uchun asosiy raqobat kimlar bilan kechadi?
- Asosan, o‘sha Samarqanddagi turnirda to‘qnash kelgan raqiblarim bilan desam to‘g‘ri bo‘ladi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun raxmat. Kelgusi faoliyatingizda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
- E’tibor uchun minnatdorman. O‘ylaymanki, Osiyo, Jahon chempionatlarida ham g‘alaba qozonib, yurtimiz bayrog‘ini sarbaland bo‘lishiga astoydil harakat qilaman.
Ahmadbek EShMATOV suhbatlashdi.
Fikrlar