Quvaytga gol urgan Erkinov o‘yindan so‘ng nimalar dedi?
O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida Quvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Bellashuvdan so‘ng Hojimat Erkinov uchrashuv va yangi murabbiy haqida fikrlarini bildirdi.
— Yangi murabbiyga moslashish haqida:
"Assalomu alaykum, hammaga! Butun xalqimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Quvaytga qarshi o‘yinni yaxshi boshladik va tezkor gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu uchrashuv to‘liq nazoratimiz ostida o‘tdi. Kannavaro uslubiga tezroq moslashib ketamiz degan umiddaman."
— Kannavaro bilan Kapadze uslubi farqi haqida:
"Deyarli uslubi bir xil ikki mutaxassisning. Ammo hozirgi murabbiy ko‘proq hujumkor o‘yinni talab qilmoqda."
— Imkoniyatlarni golga aylantira olmaslik haqida:
"Bahs davomida ko‘plab xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Ammo ulardan gol ura olmadik. Buning asosiy sababi — nasib qilmaganligi. Lekin har doim ko‘proq gol urishga harakat qilamiz. Asosiysi — g‘alaba qozondik. Bu bizni qoniqtiradi."
— Urugvayga qarshi o‘yin haqida:
"Urugvay kabi kuchli terma jamoalar bilan o‘ynab, birinchi navbatda Jahon chempionati oldidan yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘taymiz. Shuningdek, o‘z kuchimizni ham bilib olamiz. Mundialgacha ko‘proq kuchli jamoalar bilan o‘ynasak, musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz."



Fikrlar