Qur’a haqida: Yoshlar terma jamoasining sobiq ustozi xotirjamlikka berilmaslikka chaqirmoqda, sababi...

  • 19 iyun, 2020, 15:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Timur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga ham e’tibor yuqori. Maqsad esa aniq – faqat oliy marra. Guruhdagi raqbilar ma’lum bo‘lgach, terma jamoamiz bosh murabbiyi ham Sports.uz orqali o‘zining dastlabki fikr va mulohazalarini bildirgandi.

Tecno

Yaxshi bilasiz, ushbu terma jamoamizni Kapadzega qadar Otabek G‘ulomxo‘jaev boshqargandi va u ham yigitlarning kuchi hamda imkoniyatlarini yaxshi biladi. Tabiiyki, qur’a borasida u ham befarq emasdi.

Shuni nazarda tutgan holda yoshlar terma jamoamiz sobiq ustozining ham guruhdagi raqiblar haqidagi fikrlari bilan qiziqdik. O‘z navbatida G‘ulomxo‘jaev nafaqat guruhimiz, balki yana boshqa e’tiborni qaratishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bo‘yicha ham o‘z munosabitini bildirdi.

“To‘g‘risi, Indoneziyani ham e’tibordan chetda qoldirmasdim”

-  Osiyo chempionatiga to‘rt oy vaqt bor va har bir murabbiy jamoasini musobaqagacha qanday tayyorlaganini o‘sha paytda ko‘ramiz. Lekin yoshlar terma jamoasini boshqargan chog‘imda biz CAFAdagi turnirda Eron bilan to‘qnash kelgandik. O‘shanda asosiy tarkib emas, balki ikkinchi tarkib bilan borgandik. Eronning kuchli tomoni shundaki, ular jismonan baquvvat. Shuningdek, saralash bahslarida Indoneziyaning o‘tkazgan har bir o‘yini menda bor. To‘g‘risi, ularni ham e’tibordan chetda qoldirmasdim. Sababi jahon chempionati Indoneziyada o‘tadi va ular Osiyo chempionatida juda xotirjam o‘ynaydi. Ular guruhda uchta o‘yinni o‘tkazib ketish uchun kelishmaydi. Imkoni qadar uzoqroqqa borib kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynab, o‘z kuchini baholab olmoqchi. Hozirgi paytda Indoneziya, Tailand, Vetnam, Gonkong futboli rivojlanayotgan mamlakatlar sanaladi. Mutaxassislari ham kuchli.

gulomxujaev

“Aslo xotirjamlikka berilish kerak emas”

-  Osiyo chempionatiga qur’a tashlangach, u erda-bu erda guruhimiz engilroq, raqiblar osonroq, degan gaplarni o‘qiyapmiz. Ammo men dushman emas, do‘st sifatida aytamanki, aslo xotirjamlikka berilish kerak emas. Kambodjaga keladigan bo‘lsam, ha, ular guruhimizda yaqqol autsayder bo‘lishi mumkin. Lekin oldingi Osiyo chempionatlarini kuzatganmiz va o‘ziga yarasha syurpriz ko‘rsatib bera oladigan jamoa bo‘lgan. To‘g‘ri, jamoamizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yaxshi, ammo haddan tashqari xotirjamlikka berilish yaxshi emas. O‘sha CAFAdagi musobaqada Afg‘oniston bilan xotirjam o‘ynaganmiz va oqibatda 2:0 hisobida yutayotib yakunda 2:2 bo‘lgandi.

“Ko‘p narsa birinchi o‘yinga bog‘liq”

-  Biz Osiyo chempionatida o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Hamma vaqt o‘z maydonimizda o‘ynaganda devorlar ham yordam beradi, deyiladi. Ammo uydagi bosimni engib o‘tish ham har bir futbolchi uchun emas. Buning mas’uliyati juda og‘ir, qolaversa, har doim ko‘p narsa birinchi o‘yinga bog‘liq bo‘ladi. Biz esa ilk uchrashuvni Eronga qarshi o‘tkazamiz. Agar dastlabki bellashuvni Kambodjaga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozonib o‘zlariga bo‘lgan ishonch yanada ortganida bu boshqa gap edi. Lekin shuni qo‘rqmay ayta olamanki, biz shu guruhning favoriti bo‘la olamiz.

“Xavotirga solayotgani shuki, ko‘plab futbolchilarimiz

Superliga klublarining xatto zaxirasida ham yo‘q”

-  Shunga qaramay, meni yana bir xavotirga solayotgan jihat bor. Jamoamizdagi ko‘pchilik futbolchilar Superliga klublarining asosiy tarkibi tugul, hatto zaxirasida ham yo‘q. Faqat o‘z klubining asosiy tarkibida o‘ynayotganlardan Hojimat Erkinov, Jasur Jaloliddinov va Abduvohid Ne’matovni aytishim mumkin. To‘g‘ri, nomzod yigitlarimiz o‘rinbosarlar safida va pro-ligada o‘ynayapti. Biroq Osiyo chempionati bu boshqa saviya. Xohlaymizmi-yo‘qmi, terma jamoamizning asosiy negizi baribir “Paxtakor” va “Bunyodkor” futbolchilaridan tashkil topadi. Ammo klublar o‘sha yigitlarni har doim ham asosiy tarkibda o‘ynataverishmaydi. Axir ularning ham o‘ziga yarasha maqsadi bor va tarkibida ham raqobat kuchli. Ammo imkon qadar termaga nomzod futbolchilar o‘z klublarining asosiy tarkibida o‘ynashsa yaxshi bo‘lardi. Shuni hozirdan aytishim mumkinki, o‘rinbosarlar saviyasi Osiyo chempionatinikiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xalqaro maydonda baribir saviya, tezlik boshqa darajada bo‘ladi.

uzb

“Pley-offdan o‘tib olsak finalgacha etib bora olamiz”

-  Hozirdan pley-off haqida gapirish noo‘rin. Shaxsan men bu haqida gapirmasdim. Ammo terma jamoamizning bu guruhdan chiqishiga ko‘zim etyapti. Pley-offda esa hammasi boshqacha bo‘ladi. Chunki u erda hammasi bitta o‘yindan iborat. Keyingi bosqichda ko‘pchilik Yaponiya bilan Janubiy Koreyani aytishyapti. O‘z vaqtida koreyslar bilan optimal tarkib bilan o‘ynaganmiz. O‘shanda hujumkor o‘yinni taklif qilganmiz. Ammo himoyada ayrim nuqtalar bo‘sh qolgan va bunday holatda koreyslar kechirishmaydi. Umuman aytganda, Koreya bilan ham, Yaponiya bilan ham o‘ynasa bo‘ladi. Lekin Osiyo chempionatida bo‘sh jamoaning o‘zi yo‘q. BAA, Qatar yoki boshqa termalar Osiyo chempionatiga chiqa olishmadimi, demak hozirgi kunda O‘zbekistonga keladigan termalar kuchli va bunga munosib. Eng muhimi, terma jamoamizga omad tilayman. To‘g‘ri, yaxshi tayyorlanamiz, ammo omadga ham ko‘p narsa bog‘liq. Agar pley-offdan o‘tib olsak, yigitlarimiz xotirjamlik bilan finalgacha etib bora oladilar. Taqvim yaxshi tuzilgan va qaerdadir Saudiyadan alamimizni olishimiz mumkin bo‘lardi. Aynan ular finalgacha bizga to‘g‘ri kelishmas ekan. Balki adashayotgandirman, nima bo‘lganda ham ular bilan yarim finaldami yo finaldami, baribir Saudiya bilan alohida hisob-kitobimiz bor edi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!