Qo‘rg‘ontepada belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bellashuvlari o‘tkazildi

CHERY AUTO

Joriy yilning 30 oktyabrdan 2 noyabrga qadar Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar (U — 16) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. 

Tecno

Qo‘rg‘ontepa tuman sport maktabida o‘tkazilgan mazkur  kubok bellashuvlarida mamlakatimizning barcha hududlaridan 312 nafar (79 nafari qizlar) sportchilar g‘oliblik uchun kuch sinashishdi. 

Reglamentga ko‘ra, dastlab musobaqaning tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Marosimda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Alisher Halilov, Andijon viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, Respublika belbog‘li kurash federatsiyasi bosh kotibi Abduxalil Malikov hamda Andijon viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi ijrochi direktori Jamoliddin Bozorovlar ishtirok etib, sportchilarga omad tilashdi va musobaqaning dastlabki g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashdi.

Musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurash va erkin yo‘nalish bo‘yicha 14 ta vazn toifalarida kuch sinashishgan bo‘lsa, qizlar erkin yo‘nalishda 8 ta vazn toifasida bellashishdi.

Murosasiz tarzda o‘tgan bellashuvlarda Muhammadali Tursunov  (Andijon), Nurmuhammad Tohirjonov (Namangan), Fayozbek Mahmadov (Toshkent v.), Azizbek Orifjonov (Farg‘ona), Davron Abdurahmonov (Sirdaryo), Bekzod Farruxov (Buxoro), Quvonchbek Sheriboev (Xorazm), Madinaxon Shermatova (Farg‘ona), Nilufar Mustapaeva (Qoraqalpog‘iston), Nozigul Sotvoldieva (Andijon), Durdona Mirzaboeva (Jizzax) singari mahoratli kurashchilar o‘z vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!