
Qonli mundial! «JCh 2022»ga tayyorgarlik chog‘ida 6 750 kishi vafot etdi
SPORTS.uz sahroda davom etayotgan stadion qurilishi haqidagi mudhish voqealardan xabardor etadi.
Qatarga nega mundial topshirildi?
Hali-hamon mundial mezbonligi borasida mish-mishlar mavjud. FIFAning sobiq prezidenti – Zeb Blatter 2010 yilda o‘z qarori bilan futbol muxlislarini hayron qoldirgan edi. Arab mamlakati turnirni uyda o‘tkazish uchun da’vogarlar orasida eng kuchsiz vakil edi. Yaponiya, AQSh, Koreya, Avstraliya, Kanada singari grandlar orasida kichik mamlakat g‘olib chiqdi.
Aslida, Shimoliy Amerika vakillari asosiy da’vogar edi. Mezbonlarni aniqlashda Blatter va uning sheriklari Qatarga ovoz berdi.
Yozda Osiyo davlatida +50 daraja issiq kuzatiladi. Bunday vaziyatda to‘p surish uyoqda tursin, havodan nafas olish ham mushkul. Oqibatda, mamlakat JChga tayyorgarlik ko‘rish uchun ulkan reja tuzib chiqdi.
Qatar uchun ovoz berganlarning barchasi ta’qib ostiga olindi. Mundial mezbonini aniqlash maqsadida berilgan har bir ovoz uchun arablar 5 million evro naqd to‘lab bergani haqida xabarlar hali-hamon paydo bo‘lmoqda.
Hozir, ushbu qarorni qabul qilganlarning yarmi jazoga tortildi. Qolganlari futbol sohasini abadiy tark etdi.
Qatar esa, 12 yil ichida fantastikani real hayotga tatbiq etdi. Shu bois, hech kim ortiqcha e’tiroz bildirgani yo‘q.
Rossiyada 21 quruvchi, Qatarda 6750!
Qatarda stadion qurilishida vafot etganlar soni 7 mingga yaqinlashib qolgani rasmiy ma’lumot. Buni Qatardagi Bangladesh, Hindiston, Nepal, Shri-Lanka elchixonalari vakillari tasdiqladi.
«The Guardin» nashrining ma’lum qilishicha, olamdan o‘tganlar orasida Filippin va Keniyadan kelgan ishchilar nomi ko‘rsatilmagan. Rossiya yashil maydonlarini qurish paytida 21 inson vafot etgan edi. Agar Qatar bilan solishtirsak, 320 barobar kichik raqamga ko‘zimiz tushadi.
Xorij nashrlari olib borgan kuzatuvdan ma’lum bo‘ldiki, Qatarda xavfsizlik qoidalariga umuman rioya qilinmayapti. Juda ham issiq iqlim va ob’ektlarni tezroq bitirishga bo‘lgan ishtiyoq ko‘plab quruvchilarning umriga zomin bo‘lmoqda.
10 yildan beri davom etayotgan qurilish ishlari chog‘ida olamdan o‘tganlar soni ortib bormoqda. Qashshoq mamlakatdan kelgan ishchilar uchun Qatar 4 ming evro ajratadi, biroq ularning deyarli hech biri boquvchisini yo‘qotgan oilalarga etib bormaydi. Ish bilan ta’minlovchi firmalar bu pullarni o‘zlashtirib yubormoqda.
Aslida vaziyat qanday?!
«The Guardin» bergan ma’lumotlarga qaraganda, Qatar olamdan o‘tgan ishchilar borasida ma’lumotlarni yashirishga urinmoqda. Misol uchun Nepaldan kelgan ishchilarning 1641 tasi uyiga qaytib bormagan. Protokol da ularning 12 foizi o‘z joniga qasd qilgani ko‘rsatilgan. Bunga ishonish mushkul. Shuningdek, qurilish chog‘ida og‘ir tan jarohati olganlarni hech kim hisoblagani yo‘q. Manbaning ma’lum qilishicha, bu 15-20 ming ishchini tashkil etishi aniq.
O‘rtacha hisob-kitoblarga qaraganda, qurilish qaynab turgan o‘choqlarda har haftada 12 kishi qurbon bo‘lmoqda. Aholisi 3 million kishini tashkil etuvchi davlat esa, yangidan-yangi quruvchilarni ishga taklif etishda davom etmoqda.
Yuqorida nomi zikr qilingan davlat yuristlari kattaroq kompensatsiya puli undirmoqchi edi, biroq Qatar bunga rozi bo‘lmadi.
Agar mamlakat bu summani to‘lasa, demak aybini tan olgan bo‘ladi. Shu fikr sababli ko‘plab ishchilarning farzandlari qashshoqlikda qolib ketadi.
Insonlardan pul qadrliroqmi?
Bundan 6 yil ilgari nobud bo‘lgan ishchilar soni 1200 ga etgani e’lon qilingan edi. «Footbal Leaks» nashri bergan xabarlardan so‘ng, Jani Infantino musobaqani boshqa paytga surishdan bosh tortdi.
Ushbu ma’lumot omma yuzini ko‘rgach, AQSh va Kanadalik huquqshunoslar Jannini ta’qib qilishni boshladi. Qatar amirining bankdagi hisob raqamida 10 milliard dollardan ko‘proq pul mavjud. Shu bois, uning imkoniyatlari keng. Infantino uning ra’yini qaytara olmagani uchun Qatardan JCh mezbonligini tortib olmadi. Qonun tomondan esa, Shimoliy Ameriklar uni «g‘ajib» tashlash uchun materiallar yig‘ish bilan band.
Aslida, barcha FIFA a’zolari birgalikda Qatardagi JChga baykot e’lon qilmoqchi edi, ammo Koronavirus rejalarni barbod qildi. Qatar sog‘liqni saqlash vakillari mamlakatda hech qanday virus yo‘qligini rasman e’lon qilishdi. Oqibatda, mezbonlik uchun asosiy da’vogarlar mum tishlab qolishdi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham FIFA o‘z qarorlari bilan hurmatini to‘kib qo‘ydi. Evropa va Amerika qit’asidagi federatsiyalari tez orada Qatardan JChni tortib olish uchun chora qo‘llashi mumkin. Janni Infantino bu sinovni qanday engib o‘tishi noma’lum.
Qatar bu ma’lumotlarni rad etishdan charchamayapti. Ular butun futbol olamiga taqdim etgan hisobotlarga asoslansak, qurilish yuqori tempda davom etmoqda.
Xorij nashrlari FIFAni sayyoramizdagi korruptsiyaning o‘chog‘i deb hisoblaydi. Ularning fikricha, FIFA rahbarlari kerakli pullar to‘lab berilsa, Shimoliy Koreyani ham Mundial egasi deb e’lon qilishi mumkin. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish olishini SPORTS.uz da kuzatib boring!
Fikrlar