
"Qizilqum" bosh murabbiyi: "Gapingizga qo‘shilmagan bo‘lardim"
Superliganing 23-turida “Navbahor” Namanganda “Qizilqum”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Akmal Rustamov qatnashdi.
- O‘yin juda vaziyatlarga boy bo‘ldi. “Nasaf” bilan uchrashuvdan keyin bu bahsga ham yaxshi tayyogarlik ko‘rgandik. Bu uchrashuvda qaysi jamoa gol uradigan bo‘lsa, yutishi aniqroq edi. Birinchi bo‘limda 2-3 ta golga tortadigan imkoniyat yaratdik. Oxirgi zarbani berishda oqsayapmiz. Qiziq o‘yin bo‘ldi. Taqdir shunaqa ekan, “Navbahor”ga omad kulib boqdi va g‘alabani ilib ketdi.
- Birinchi taymda “Qizilqum” ustunlik qildi, ammo ikkinchi taymda boshqacha “Qizilqum”ni ko‘rdik. Ruhiy tomondan muammolar bormi? Sababi nimada?
- Men gapingizga qo‘shilmagan bo‘lardim. Jamoam ruhiy tarafdan normal holatda. O‘yindan-o‘yingacha oraliq vaqt kam. Navoiydan kelgunimizgacha yo‘l ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Biz ham 1:0 hisobida yutishimiz mumkin edi. Agar birinchi bo‘limdagi vaziyatlarni golga aylantirganimizda g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, ammo omad mezbonlarga kulib boqdi.
- O‘zgarishlar qanchalik o‘zini oqladi, deb o‘ylaysiz?
- Nikola Kumburovich, Ilhom Vahobov jarohat olgan. Ular tiklanguniga qadar navoiylik U21 jamoasida o‘ynayotgan yoshlarga qo‘rqmasdan imkon beramiz. Mana shunday uchrashuvlarda o‘zlarini ko‘rsatishsa keyinchalik asosiy tarkibda o‘ynab ketishlariga ishonaman.
- Legionerlardan qanchalik qoniqdingiz?
- Uchta legionerimiz maydonda edi. Roman Papariga, Jaba Jigauri va Dushan Miyich. Ikkinchi bo‘limda ularda ozgina charchoq alomatlarini ko‘rdim. Oldin bu kuzatilmagandi. Umumiy oladigan bo‘lsam, ularni o‘yinidan qoniqdim. Nafaqat uchala legioner, balki barcha o‘yinchilarga rahmat aytmoqchiman. Omad kelmadi. Omad bo‘lganida biz 1:0 ga yutib ketgan bo‘lardik.
- “Navbahor”dagi murabbiylar almashinuvi rejalaringizga qanchalik ta’sir qildi?
- Bu tabiiy holat. Futbolda murabbiy ketsa, o‘rniga boshqa murabbiy keladi. Bizni rejamizda yo‘q edi. Agar rejamizda bo‘lgan taqdirda ham o‘z o‘yinimizni o‘ynashimiz kerak edi. Vaziyatlarni golga aylantirish yoki aylantira olmaslikda murabbiyni bor-yo‘qligi ta’sir qildi, deb o‘ylamayman.
- Kim chempion bo‘lishi mumkin?
- Bu narsani aytish qiyinroq. Oldinda 8 ta tur bor. O‘ylaymanki, “Nasaf” ikkita fronta jang olib boryapti. Ularga qiyinroq bo‘ladi. Ichki chempionat va OChLda qatnashyapti. “Neftchi” bilan solishtirsak farg‘onaliklarda bunday qiyin vaziyat yo‘q. Oldindan hech nima aytib bo‘lmaydi.
Fikrlar