
Qachongacha Xavi o‘z "yoqimtoylar"ini o‘ynatishda davom etadi yoxud "Barsa"da imkon berilmayotgan ikki futbolchi
"Barselona" La Liganing 30-turida "Xetafe" bilan durang o‘ynab, yana ochko yo‘qotdi. Mazkur o‘yindan keyin jamoa turnir jadvalida hamon birinchi o‘rinda bormoqda, lekin "Real" bilan oradagi farq endi 11 ochkoga qisqardi. Bundan tashqari, katoloniyaliklar ketma-ket 3 ta bellashuvdan buyon raqib darvozasiga yo‘l topa olmayapti. Klub La Ligada 15-o‘rinda borayotgan "Xetafe" va "Jirona"ga gol ura olmadi. Keling, biz o‘yinni tahlil qilmaymiz, balki, "Barsa"ning zaxira o‘rindig‘ida "chiriyotgan" ikki futbolchi, aniqroq qilib aytganda, Xavi ishlatmayotgan "qurollar" haqida gaplashamiz.
Ispaniyalik mutaxassisning o‘yindan oldingi bir qarori qiziq bo‘ldi. Murabbiy Alexandro Baldeni chap qanot hujumiga qo‘ydi. Biz tarixda bunday o‘zgarishlar foyda olib kelganini ko‘rganmiz ( Saka va Beyl faoliyatining boshida chap qanot himoyachisi bo‘lgan). Ammo Baldedan vinger chiqmasligini hozir hammamiz ko‘rib turibmiz. Chap qanot hujumida harakatlangan futbolchi faqat markazga to‘pni tashlab berishi kerak, degani emas.
Xo‘p, Fati va Torresdan foyda bo‘lmayapti ekan. Biroq 3 ochko u qadar ham zarur bo‘lmagan paytda tavakkal qilgan holda, ularni asosiy tarkibda maydonga tushirish to‘g‘ri variant emasmi? Ular o‘zining optimal formasiga qaytsa, klub uchun muhim futbolchilarga aylana oladi. Bundan tashqari, "Barsa" tarkibida ushbu pozitsiyani to‘ldirib beradigan futbolchi bor. Gap Anxel Alarkon haqida ketyapti. "La Masiya"dan chiqqan va hali katta klub bilan shartnoma imzolamagan, lekin Xavi tomonidan asosiy jamoaga chaqiralayotgan 19 yoshli vinger. U markaziy hujumda ham o‘ynay oladi, lekin mazkur joyning o‘z egasi bor. Levandovskining o‘yini chiqsa, chiqmasa maydonda harakatlanaveradi. Shu sababli, Xavi Alarkondan qanotda foydalanishni xohlayapti. To‘g‘ri, biz Anxel haqida ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. U o‘yinga tushib, bir nimani qoyillatib bermasligi ham mumkin. Shunday bo‘lsa-da, biz bu futbolchi haqda ozgina bo‘lsa ham bilib olishimiz uchun u uchrashuvlarda qatnashishi kerak emasmikan? Mavsum davomida Alarkonga 32 daqiqa berildi. Unda ham jamoa g‘alaba qozonayotgan paytda vaqt cho‘zish uchun maydonga tushib bergan. Ayrim mutaxassislar Alarkonni Fati va Toressdan ham kuchliroq, deyishmoqda. Xavi esa hali beri tavvaqal qilmoqchi emasdek.
Keyingi foydalanilmayotgan yulduzni ehtimol tanishingiz mumkin. Pablo Torre mavsum boshida "Real Rasing"dan 5 million evro evaziga sotib olingan. Ikkinchi Pedri bo‘lishi kutilgan yarim himoyachi hozircha buni uddalay olmayapti yoki unga kam o‘yin o‘yin amaliyoti berilmoqda. Keling, 20 yoshli ispanning o‘tgan mavsumdagi statistikasiga nazar solib ko‘ramiz. 31 ta o‘yin, 10 ta gol va 11 ta assist. Menimcha, yarim himoyachi uchun 21 ta golda ishtirok etish ajoyib ko‘rsatkich. Solishtirish uchun, Gavi bir yil oldin 48 ta bahsda qatnashib, 2 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan va 6 ta golli pas bergandi. Xo‘p, gap statistikada ham emas, deylik. Xavi so‘nggi o‘yinlarida Kesse va Busketsni birgalikda o‘ynatmoqda. "Barsa" o‘zi gol urishni xohlaydimi? Chempionlik masalasi 90 foizga hal bo‘lgan bir paytda hujumkorlikni oshirish uchun ekspiriment qilib ko‘rish kerak emasmikan? Xavi ularni birgalikda noilojlikdan tushirmoqda. Pedri va De Yong lazaretda. Ushbu vaziyat Torrega imkon berish vaqti kelganidan darak bermasmikan? Axir, Pablo hujumda aktiv, xavfli vaziyatlar yarata oladigan yarim himoyachi-ku. Yo‘q, Xavi yana ochko olishga harakat qilib, tajribali futbolchilarni o‘ynatdi. Aytgancha, Torrega nafaqat oxirgi matchlar, balki, mavsum davomida o‘yin amaliyoti etarlicha berilmadi. U 9 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shulardan ikkitasi kubok doirasida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar. Pablo bitta gol urib, bir marta assist amalga oshirishga ham ulgurdi. Ammo Xavi Torreni yana o‘z joyiga "mixlab" qo‘ydi. U endi Gavi yoki Pedri va De Yonglarni o‘yinlarini siz-u biz kabi tomosha qilib o‘tirishdan nariga o‘tmayapti. Shunga majbur ham. O‘zi Frenki ham katta o‘yinarda hali ham jamoaga kerakligini bildirib qo‘ydi. Bo‘lmasa, biz haligacha yarim himoya chizig‘ida Pedri, Gavi, Buskets uchligini ko‘rgan bo‘lar edik.
"Barselona" yozda katta transferlar amalga oshira olmasligi mumkin. Klub keyingi mavsum ham deyarli mana shu tarkib bilan harakatlanish ehtimoli bor. Shunday bo‘lgan taqdirda, "Barsa" muxlislari asosiy tarkibdagi o‘rni kafolatlangan futbolchilar jarohat olib qolsa, jamoaning mazmunsiz o‘yinlarini tomosha qilishga majbur bo‘ladi. Sababi, ularning o‘rniga o‘yin amaliyoti bo‘lmagan, faqat uchrashuv tugashiga 10-15 daqiqa qolganida maydonga tushadigan futbolchilar o‘ynashiga to‘g‘ri keladi.
Suhrob Xolbekov maqolasi
Fikrlar