
Pitstsa sotuvchisi, hisobchi va didjey. Jahon futbolini kimlar boshqaryapti?
SPORTS.uz Evropa futboli haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tishda davom etadi.
Jorje Mendesh – didjey
Portugaliyalik agent hozirda Krishtianu Ronaldu, Bernardu Silva, Fabino, Ruben Diash, Ederson, Jota, Xames Rodriges, Nelson Semedu, Anxel Di Mariya singari taniqli futbolchilar bilan hamkorlik olib bormoqda.
Qahramonimiz portugaliyalik barcha taniqli va iqtidorli yigitlarni o‘z agentligi mijoziga aylantirgan. Shuningdek, Braziliyadan tashrif buyurgan futbolchilarning aksariyati aynan Mendeshning mijozi bo‘lishga intiladi. Sababi, u istalgan Evropa chempionati vakillari bilan aloqalar o‘rnatgan. Uning ishonch kreditlarini grand klublar juda qadrlaydi.
Jorje sobiq futbolchi, biroq professional darajada uzoq faoliyat olib bormagan. 30 yoshda butsalarini mixga ilgach, bir muddat tungi klubda didjey bo‘lib faoliyat olib bordi.
Mendesh badavlat oilaning farzandi edi. Otasi katta neft kompaniyasining direktori bo‘lgani uchun unda pul bilan hech qanday muammo bo‘lmagan.
Ana shunday baxtli kunlarning birida, Jorje Nunu Eshpiritu Santush bilan tanishib qoladi. Portugaliya chempionatida omadi kulmagan kiperni u Ispaniyadagi do‘stlari yordami bilan «Deportivo»ga tavsiya etadi. Bu transfer amalga oshgach, yaxshigina pul ham ishlab oladi.
Hozirda «Vulverxempton» bosh murabbiyi Mendeshning futbol agenti sifatidagi «pochin»i desak, adashmagan bo‘lamiz.
Mino Rayola – pitstsa sotuvchisi
Italiyalik janjalkash agentning oilasi bundan ancha ilgari Gollandiyaga ko‘chib o‘tadi. Qahramonimizning otasi o‘z restoranini ochadi. «Napoli» deb nomlangan tamaddixonada asosan italyancha taomlar tayyorlanar edi.
Mino ushbu restoranda farrosh, ofitsiant, idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib mehnat qiladi. Keyin yuristlikka qiziqib qoladi va o‘qishga kiradi.
Gollandiyada katta bo‘lgan italyan futbolni jonidan ortiq ko‘rar, shu bois ushbu sport ichida faoliyat olib borish orzusida edi. Shu tariqa, u yosh gollandiyalik futbolchilarga o‘z xizmatlarini taklif etishni boshlaydi.
Uning ilk mijozlaridan biri bo‘lgan Dennis Bergkampning «Inter»ga o‘tishi, Rayolani mashhur qilib yuboradi. 90 yillarda u juda kuchli sanalgan A Seriyaga mahalliy iqtidorlarni etkazish bilan shug‘ullanadi. Bu orada, Italiya grandlari bilan aloqalari yaxshilangan qahramonimiz sekin-asta taniqli futbolchilar bilan kontakt o‘rnatadi. Ayniqsa, Zlatan bilan hamkorlik uni sayyoramizning eng mashhur futbol agentiga aylantirdi.
Uning muzokaralar chog‘ida futbolchilar tomoniga yon bosishi, klublardan pul undirish borasidagi mahorati sababli mijozlari ko‘payib ketdi.
Hozirda Erling Xoland, Mattias De Ligt, Marko Veratti, Janluijji Donnarumma, Pol Pogba, Moyze Kin singari taniqli futbolchilarning agenti sanaladi.
Jonatan Barnett – kazino kassiri
Barnett haqida ko‘pchilik ma’lumotga ega emas, ammo uni futbol olami vakillari juda yaxshi taniydi.
Qahramonimiz hozirda «Steller Gruop» kompaniyasini muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda. Uning mijozlari soni naqd 615 futbolchini tashkil etadi! Bu futbol olamidagi mutlaq rekord! Undan keyingi o‘rinda turgan Mendeshning mijozlari 144 ta, xolos.
Ushbu kompaniya bugungi kunda Saul, Jek Grilish, Ben Chiluell, Meyson Maunt kabi futbolchilarning transferi bilan shug‘ullanmoqda.
O‘z vaqtida, Barnett Garet Beylning transferida Florentino Peresga yordam berib yuborgan bo‘lib, uning grandlar bilan aloqalari juda yaxshi.
Qahramonimiz ham Jorje Mendesh singari badavlat oilada tavallud topgan. U otasi ochgan kazinoda avvaliga oddiy personal, keyinroq g‘aznachi sifatida faoliyat olib borgan.
Kazinoning o‘rnini sekin-asta sport o‘yinlariga pul tikish egallay boshlagach, u futbol orqali pul topish haqida bosh qotiradi. 1966 yilgi jahon chempionatini to‘liq stadiondan turib tomosha qilgan yigitning salohiyati yuqori ekanligini uning kelajakdagi g‘alabalarida katta rol ijro etdi.
U nafaqat futbol, balki kriket va regbi klublari uchun ham yangi nomlarni kashf etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, uning kompaniyasi o‘z vaqtida Lennoks Lyuis bilan hamkorlik qilgan va uning pramouterlaridan biri edi.
Maktabni ham to‘liq bitirmagan Jonatan hozirda futbol agentlari orasidagi eng katta byudjetga ega kompaniyaning egasi.
Pinxas Zaxavi – harbiy
Zaxavini ko‘plab futbol mutaxassislari «ochko‘z piranya», deb ataydi. Yaqindagina, u David Alaba uchun «Bavariya»dan fantastik shartnoma undirish maqsadida uzoq muddat muzokaralar olib borganidan xabaringiz bor.
Uning hayoti sarguzashtlarga boy. Qahramonimiz o‘qish uchun Isroilga jo‘nab ketadi. Birinchi kursni tugatishi bilan uni harbiy xizmatga olib ketishadi. U erdan qaytgach, “JCh-1974”ni tomosha qilish uchun yana safarga otlanadi. Ingliz futbolchilari bilan do‘stlashgani keyinroq unga naf beradi.
O‘zining ilk transferini Zaxavi 36 yoshda amalga oshirgan. Eng qizig‘i shundaki, bachasi tasodifan yuz beradi.
Zaxavi «Xitrou» aeroportining kutish zalida o‘tirgan edi. U bilan bir reysda «Liverpul» klubi direktori ham samolyotga o‘tiradi. Yo‘l davomida, Zaxavi Avi Koen haqida ma’lumotlar berib boradi. Manzilga etib borgach, «qizillar» rahbari futbolchini jamoasiga qabul qilishini ma’lum qiladi.
Ushbu trasnferdan qahramonimiz 200 ming funt ishlab oladi. Koen «Enfild»da o‘z o‘rnini topib ketgach, Zaxavi «Manchester Siti» uchun ham bir nechta transferlarni amalga oshiradi.
U atayin futbol olamidagi mashhurlarga yaqinroq bo‘lish uchun sport jurnalistikasida ta’lim oladi. Shu tariqa, sekin-asta mashxurlar bilan do‘stlashadi.
Vagner Ribero – Jurnalist
Ushbu agent futbol tarixidagi eng ulkan transferni amalga oshirgan shaxs sanaladi. Neymarning avvaliga «Barselona»ga, keyin PSJga ko‘chib o‘tishi Vagner Riberoning mehnati.
U asosan Janubiy Amerikadagi iqtidorlarni Evropaga olib kelish bilan shug‘ullanadi. O‘z vaqtida, Robinoni ham «Real»ga ko‘chib o‘tishida bosh-qosh bo‘lgan agentning yoshligi muammosiz o‘tgan.
Ribero doimo mahalliy futbolchilarning Evropa yashil maydonlarini zabt etishidan zavqlangan. Shu bois, o‘z mijozlarining Evropada o‘z o‘rnini topishi uchun qo‘lidan kelgan barcha yordamni ayamaydi.
Uning jurnalistlar bilan suhbatdagi intervyulari, juda uzoq muhokamalarga sabab bo‘ladi. U o‘z vaqtida, «Real» futbolchilarini (Guti, Raul, Kasilyas) irqchilikda ayblagan bo‘lsa, keyinroq Luis Felipe Skolari haqida haqiqatlarni oshkor qilgan.
«L’Equipe»ning ma’lum qilishicha, u sayyoramizning eng badavlat agentlaridan biri. Asosiy vaqtini Braziliyaning chekka hududlarida o‘tkazuvchi Ribero iqtidorlarni topishda benazir.
Fikrlar