
"Persepolis"dan ketdi degan xabarlarga ishonmanglar, bu yolg‘on". Futbolchimiz nomidan kim yozgan? Sherzod Temirov asl vaziyat haqida intervyu berdi
Iste’dodli hujumchimiz Sherzod Temirov “Paxtakor”dagi faoliyatidan so‘ng Eronning “Persepolis” klubiga ko‘chib o‘tgan holda legioner sifatida to‘p surib kelmoqda. Kuni kecha hamyurtimizning klubdan ketgani haqidagi xabarlar tarqalib ketdi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun futbolchi bilan bog‘landik. O‘z navbatida Temirov Sports.uzga vaqt ajratdi.
- Yaqinda eshitdik-ki, “Persepolis” klubi bilan xayrlashdingiz. Bu qarorga kelishingizga nima turtki berdi?
- Avvalambor, barcha muxlislarga salom. “Persepolis”dan ketdi, degan xabarlarga 100 foiz ishonmasliklaringizni so‘rab qolgan bo‘lardim. Bu klub bilan meni amalda yana bir yillik shartnomam bor. Bu chiqqan xabar yolg‘on. Bunday xabar chiqishiga boshqa klublardan bo‘layotgan takliflar sabab bo‘ldi. 4-5 ta klub transfer qilishlarini istashgan. “Persepolis” ularga rad javobini bergan. Shuning uchun ham men haqimdagi xabar tarqalib ketdi. Bu savolingizga javobim shunaqa.
- Aslida voqealar rivoji qanday tus olgandi?
- Aytganimdek, bunday ma’lumotlarni hammasi yolg‘on, bo‘lmagan gaplar. Internetda hamma narsaga ham ishonaverish noto‘g‘ri. Hamma xabarlar ham to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Nafaqat Eronda, butun dunyoda ham jurnalistlar qandaydir yangilik tarqatib o‘z saytining reytingini ko‘tarmoqchi bo‘lishadi. Balki shunaqa bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Klubdagi rahbariyat, futbolchilar hammasi bilan yaxshi munosabatdaman. Ketish niyatim yo‘q. To‘g‘ri, variyatlar bor. Hali ular haqida o‘ylashga hojat yo‘q. Amalda bir yillik shartnomam bor. Bitim tugagach, keyin o‘ylab ko‘rsam bo‘ladi.
- Instagramdagi sahifangizda “Persepolis” bilan xayrlashganingiz va klubga omad tilaganingiz haqida yozilgan-ku! Shu holatga izoh bersangiz!
- Yana qaytaraman: bo‘lmagan gap. Meni instragram sahifam “zakrit”. Men instragramdan ko‘p ham foydalanmayman. Meni nomimdan yolg‘on akkauntlarni eronliklar ishlatishadi.
- Tushunarli. Nima bo‘lganda ham ushbu xabar hamma joyda tarqalib ketdi. “Persepolis” klubining munosabati qanday bo‘ldi?
- Eronda bunaqa mavzular juda tez tarqaladi. Hozirda klubda hammasi yaxshi. Ular ham hayron qolishgan. Qolaversa, men ham. Menda faqat ketish bo‘yicha klubdagilar bilan maslahat bo‘lgan xolos. Evropa va Osiyodan takliflar bor. Ammo klubim qo‘yib yubormasligini aytgan.
- “Persepolis”dagi faoliyatingiz qanday kechyapti? Qoniqish darajangiz yuqorimi?
- “Persepolis” jamoasi Osiyodagi eng zo‘rlaridan biri. Faqat yuqori maqsadlar bilan ishlaydigan klub. Har doim yaxshi jamoada yaxshi sharoitlar bo‘ladi. Men uchun ham barcha sharoitlar bor. Bundan juda xursandman. Klubdagilarga buning uchun rahmat. Mendan talab qilinadigan vazifa faqat mashg‘ulot va o‘yinlarda o‘zimni ko‘rsatish hamda gol urish. Aynan shu jihatlar menga zavq beradi. Xudoga shukr, jamoamga ancha moslashib ketdim. Bu mavsumda oldimga katta maqsad qo‘yganman. Nasib qilsa, bunga albatta erishaman. Eron futboli juda tez va shiddatli. Eron chempionatida xatolar kechirilmaydi. Bu jihatlar bilan ham Osiyoda ajralib turadi.
- Shuningdek, sizga “Zob Axan” ham jiddiy qiziqib qolgan ekan. Qolaversa, Evropa va Osiyoning yana qaysi klublari taklif bildirdi?
- Eronni o‘zidan 3 ta klubdan rasmiy taklif bo‘lgan. “Zob Axan” bu jamoalar qatorida. Yuqorida aytganimdek, meni amalda “Persepolis” bilan shartnomam bor. Evropa hamda Osiyo klublarini ochiqchasiga ayta olmayman. Bu sir bo‘lib qolsin.
- Bundan tashqari, “Navbahor” klubi ham sizni o‘z safiga chorlayotgani haqida eshitgandik...
- “Navbahor” bosh murabbiyi va prezidenti bilan maslahat olib turaman. Ular bilan aka-ukadek gaplashib turamiz. Klubga o‘tishim noaniq edi.
- “Persepolis”dagi asosiy maqsadingiz qanday?
- “Persepolis” klubi va uning muxlislari faqatgina chempionlikni yuqori maqsad deb bilishadi. Shu jumladan men ham. Jamoamdagi rahbarlar, murabbiylar va albatta muxlislar bilan yaxshi muloqotdamiz. Bizda hammasi yaxshi ketyapti. Xudo xohlasa, bu yil vazifa chempion bo‘lish va o‘zimni qaytadan kashf qilishni maqsad qilganman. Yana meni birgina orzuim bor: Evropada kuchli klublarda to‘p surish. Nasib qilsa, bunga ham erishaman.
- Eron chempionatida to‘p surib nima o‘rganyapsiz?
- Legioner bo‘lish oson emas. Klubingiz sizdan doim ko‘prog‘ini talab qiladi. Bu yaxshi holat. Futbolda daraja degan narsa bor. Eron chempionatining darajasi yuqori turadi. Osiyoda to‘p surish anchagina qiyin. Lekin harakat qilsa bo‘ladi. O‘zingizda ishonch bo‘lishi muhim. Bu erda futbol taktikalari va asosiysi, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapman. Bu hayot. Eronda qancha vaqt qolishimni oldindan ayta olmayman. Evropadagi takliflar ma’qul kelsa, to‘p surish niyatim bor.
Fikrlar