
"Paxtakor"dan ketishni istamagan, ammo Qosimovning qo‘ng‘irog‘i fikrini o‘zgartirgan Jasur Yaxshiboev
O‘zbekistonda iqtidorli, kelajagi porloq bo‘lgan yoshlarimiz, umidli futbolchilarimiz juda ko‘p. Jasur Yaxshiboev ham ana shunday ta’rif berilgan o‘yinchilarimizdan biri hisoblanadi. O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lishda ham ushbu o‘yinchining o‘zini ko‘rsata olganini barchamiz yaxshi bilamiz. «Paxtakor» klubida esa o‘zining iqtidori bilan etaklaridan biriga aylanishi ham kutilayotgandi. Biroq vaqt o‘tgan sari bunday taxminlar va istaklar tobora aksincha ko‘rinish olishni boshladi. Futbolchining iqtidoriga shubha bo‘lishi mumkin emas. Lekin negadir «Paxtakor»da Yaxshiboev ko‘pincha zaxirada qolib ketaverdi. Chempionatimizda birinchi davra tugaganidan keyin transfer oynasi ochilgan paytda ham uning klubdan ketishi haqida gap-so‘z yo‘q edi. Biroq transfer oynasi yopiladigan kun 5 avgust, kech soat 23.55 ga yaqin Yaxshiboevning «Paxtakor»dan AGMK jamoasiga o‘tish masalasi hal bo‘ldi. Bu albatta kutilmagan yangilik bo‘ldi. Natijada futbolchi OKMK tarkibida Namanganda «Navbahor»ga qarshi kechgan debyut bahsida asosiy tarkibda maydonga tushdi va shu kuni u yangi jamoasidagi ilk o‘yindayoq g‘alaba nashidasini his qilishga erishdi. Shu sababli Jasur bilan suhbatimizni «Navbahor»ga qarshi o‘yin bilan boshladik.
«Navbahor» har doim yaxshi raqib bo‘lib kelgan»
- Jasur, sizning AGMKdagi debyut o‘yiningiz muvaffaqiyatli chiqdi va «Navbahor» maydonida o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdinglar. Dastlab debyut o‘yiningizdagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- AGMKga kelgunga qadar men ancha vaqt o‘ynamay kelayotgandim. Albatta, bu mening yangi jamoamdagi birinchi o‘yinim bo‘ldi. Baribir ancha payt o‘ynamaganim uchun futbolni sog‘ingandim. Menimcha, har qanday futbolchi ham bunday paytda o‘ynashni juda istaydi. Men esa yana futbolga qaytganim uchun juda xursandman. Afsuski, «Paxtakor»da ko‘p vaqtim zaxirada o‘tib ketdi. AGMKga kelib esa birinchi uchrashuvda bir yarim taym davomida maydonda to‘p surdim. Muhimi, men uchun amaliyot. Shu bois bir tomondan o‘ynashni boshlaganimdan xursandman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, boya aytganimdek, bu mening yangi jamoamdagi birinchi o‘yinim bo‘ldi. Raqib esa «Navbahor» edi va bu hamisha yaxshi raqib bo‘lib kelgan. Shunday ekan, bunday jamoaga qarshi to‘p surish hamma vaqt qiyin bo‘lib kelgan. Qolaversa, bungacha etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganim uchun ham boshida menga biroz qiyin bo‘ldi. Lekin eng muhimi biz safardan g‘alaba bilan qaytishning uddasidan chiqdik. Shuning uchun taassurotlarim yaxshi. Menimcha, istalgan futbolchiga yangi jamoasidagi debyut o‘yinini g‘alaba bilan boshlash juda yoqimli tuyuladi.
- Fikringizcha, AGMK Namanganda aynan nimaning evaziga g‘alaba qozona oldi deb o‘ylaysiz?
- Biz bitta narsaning evaziga g‘alaba qozondik. U ham bo‘lsa, jamoaviy o‘yin tufayli. Hamma futbolchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlab o‘ynagani uchun uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Aynan shu jihat g‘alaba qozonishimizda asosiy rolni bajardi.
«Avvaliga AGMKga rad javobini bergandim, ammo Qosimov…»
- Endi bevosita klubingizni almashtirish jarayoniga to‘xtaladigan bo‘lsak, siz transfer oynasi yopilayotgan oxirgi daqiqalardagina «Paxtakor»dan OKMKga ko‘chib o‘tdingiz. Qiziq, boshqa klubga o‘tishingiz nima uchun bu qadar kech sodir bo‘ldi? Yoki hammasi to‘satdan yuz berdimi?
- To‘g‘risini aytsam, hammasi siz aytgandek to‘satdan yuz berdi. Bundan oldin menga AGMK klubining rahbarlari qo‘ng‘iroq qilib jamoaga taklif qilishganida ularga rad javobini bergandim. O‘sha kuni soat kechki 11 gacha olmaliqliklarga o‘tmayman degan javobni aytdim. Keyin esa soat 11 dan keyin menga Mirjalol aka Qosimov qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdi. O‘zining maslahatlarini ham berdi. Murabbiyning gaplaridan so‘n men ham o‘yladim va bir qarorga keldim. Baribir o‘zim uchun ham o‘ynashim kerak edi. Natijada oxir-oqibat soat 11 yarimlarda AGMKga o‘tishga roziman degan javobni berdim. Shu tariqa, mening «Paxtakor»dan AGMKga o‘tishim oxirgi daqiqalarda amalga oshdi.
- Demak, Mirjalol Qosimovning qo‘ng‘irog‘i qaroringizni o‘zgartirishga sabab bo‘lgan, shundaymi?
- Ha, shunaqa.
- Sir bo‘lmasa, Mirjalol Qo‘shoqovich sizga nimalar degandi?
- Fikrimni o‘zgartirgan birinchi omil shu bo‘ldiki, Qosimov futbolchi sifatida ko‘p narsalarga erishgan va ko‘pni ko‘rgan. Shuningdek, Mirjalol Qo‘shoqovich futbolni yaxshi bilgani va yaxshi tushungani uchun qaysi futbolchida nima borligini, kim nimaga qodirligini ko‘ra oladi. Afsuski, «Paxtakor»da ko‘p zaxirada o‘tirdim. Natijada o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Mirjalol Qo‘shoqovich ham menga «Paxtakor»da zaxirada qolib ketayotganimni, ammo bundan foyda yo‘qligini, faqat maydonda o‘ynash kerakligini tushuntirdi. Qolaversa, sendagi bor narsa zaxirada o‘tiraversang o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi, aksincha sen o‘ynasanggina o‘zingdagi iqtidor yanada rivojlanib boraveradi dedi. Bilasizmi, meni o‘ziga jalb qilgan narsa shu bo‘ldiki, murabbiy menga ishonishini alohida ta’kidladi. Aynan shu narsa mening «Paxtakor»dan AGMKga o‘tishimda asosiy turtki bo‘ldi. «Paxtakor»da esa oxirgi paytlarda menga nisbatan bunday ishonchni his qilmayotgandim. Mirjalol aka, men senga ishonaman, sen bizga keraksan, sen o‘ynashing kerak, degan gaplari ruhimni ko‘tardi.
- Jasur, transfer oynasi yopilishiga sanoqli daqiqalar qolganida yangi klubga ko‘chib o‘tishingizda «Paxtakor»ning munosabati qanday bo‘ldi? Yoki ular hammasini o‘zingiz hal qilishingizga rozi bo‘lishganmidi?
- Yo‘q. Aslida «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze mening ketishimga qarshi edi. Bunga qadar ham murabbiyning oldiga kirib men ketishim kerak deganimda ham rad javobini bergandi. Arveladzeni mening ketishimga rozi bo‘lganiga sabab – bu Jasur Abduraimov. Ushbu mutaxassis mening birinchi murabbiyim hisoblanadi. Jasur aka Shota Arveladzega meni ketsin, boshqa joyda o‘ynasin, bu erda zaxirada o‘tiraversa, o‘zidagi bor iqtidorni ham yo‘qotadi, deb aytgan. Shota Yustinovich esa bu gaplarni o‘ylab ko‘rganidan so‘ng mayli boshqa jamoada o‘ynayversin deya rozilik bergan. Lekin qizig‘i o‘sha paytda men «Paxtakor»dan ketmayman, mayli o‘ynamasam ham qolaveraman degandim. Ammo keyin o‘zim ham yaxshilab o‘ylab qarasam, bu noto‘g‘ri qaror ekan. Keyinchalik Qosimov bilan gaplashgach, AGMKga ketishga rozi bo‘ldim.
«Arveladzening menga ishonchi kamroq edi»
- Sizni ancha paytdan beri kuzatib kelamiz. O‘yinlaringizni ko‘rgach, imkoniyatlaringizdan kelib chiqqan holda to‘g‘risi, sizga «Paxtakor»ning yorqin kelajagi sifatida qarayotgandik. Boz ustiga Arveladze sizdagi bor iqtidorni yanada «ochib» bera oladi deb ham o‘ylagandik. Ammo ko‘rdikki, baribir siz bilan bog‘liq vaziyatda o‘yiningizda «dimlanish» yuz berdi. Bu nima bilan bog‘liq edi? Murabbiyning ishonchini his qilmadingizmi yoki klubda raqobat o‘ta kuchlimidi?
- Shota Arveladze ajoyib murabbiy. U o‘zining sohasi bo‘yicha chinakam mutaxassis. Raqobatga kelsak, bu narsa futbolchini pasaytirmaydi, aksincha kuchaytiradi. Gap raqobatda emas. Hamma narsa baribir ishonchga borib taqaladi. Balki ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, Arveladze baribir menga 100 foizga ishonmagandir. Chunki meni zaxirada qolib o‘ynamayotganimga ham ancha bo‘lib qolgandi. Lekin yuqorida aytganimdek, Shota Yustinovich o‘z ishini yaxshi biladi va uning odamgarchiligi ham ajoyib. Unda odam ajratish hislati yo‘q. Hammaga birdek munosabatda bo‘ladi. Biroq nimagadir boshqalarga qaraganda uning menga bo‘lgan ishonchi kamroq edi, nima uchunligini esa bilmadim.
- «Paxtakor»ni tark etganingizdan xafa bo‘lmadingizmi?
- Nima desam bo‘ladi, bunday jamoadan ketish futbolchini bir tomondan xafa qilishi mumkin. Lekin futbolchi o‘z faoliyatini ham o‘ylashi kerak. Bir jamoada zaxirada bo‘lsa ham qolib ketishi noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Har qanday futbolchiga baribir o‘yin amaliyoti juda muhim. Buni har bir o‘yinchi yaxshi tushunadi. To‘g‘ri, «Paxtakor» O‘zbekistonda birinchi raqamli jamoa hisoblanadi. Xudo xohlasa, AGMKda mavsum oxirigacha o‘zimni ko‘rsatib, yana «Paxtakor»ga qaytaman degan umiddaman.
- Demak, AGMKda o‘zingizni ko‘rsatib, imkoniyatlaringiz yuqoriligini isbotlab yana «Paxtakor»ga qaytmoqchisiz. Siz shu maqsadda ushbu qarorni qabul qildingiz, to‘g‘rimi?
- Ha, shunday desa ham bo‘ladi.
- To‘g‘ri aytdingiz, bugungi kunda «Paxtakor» O‘zbekistonning birinchi raqamli klubi hisoblanadi. Tarkib esa haddan tashqari kuchli. Chunki O‘zbekistonning eng oldi futbolchilar shu jamoada o‘ynashyapti. Shu jumladan bu erda o‘ziga yarasha iqtidorli futbolchilar ham bor. Klub oldiga qo‘yilgan katta-katta maqsad va vazifalar yo‘lida tarkib kuchaytirildi. Lekin shuning evaziga klubning mahalliy tarbiyalanuvchilariga bo‘lgan e’tibor biroz pasaygandek tuyuldi. Bunga o‘zingiz qanday munosabat bildirasiz?
- Maqsadi bor jamoada har doim shunga yarasha kuchli futbolchilar o‘ynaydi. Bir tomondan qaraganda, bu tabiiy narsa. Chunki har qanday klub kuchayishi uchun shunga yarasha o‘yinchilarni ham olib kelishi kerak bo‘ladi. Ammo buning minus tomoni o‘zingiz aytganingizdek, jamoadan etishib chiqayotgan yosh, iqtidorli futbolchilar o‘yin amaliyoti zarurligi uchun noilojlikdan boshqa klublarga ketishadi. Chunki bunday tarkibda yoshlarga imkoniyat bo‘lmaydi. Tarkibda bunday o‘yinchilar bo‘lganidan keyin o‘z-o‘zidan yoshlarning o‘zlarini ko‘rsatishga bo‘lgan imkoniyatlari ham yo‘qoladi. Siz aytgan gaplar ham to‘g‘ri. Albatta, hozir ham «Paxtakor»da iqtidorli yoshlar bor. Ammo ularni o‘yinlarga kamdan-kam qo‘yishadi.
«O‘zimizning chempionatda qolaversam o‘sishdan to‘xtab qolishim mumkin»
- AGMKda 97-raqam ostida to‘p suryapsiz. Nima uchun bu raqamni tanladingiz?
- Aslida AGMKda 22-raqamni olmoqchi edim. Lekin bunday bo‘lmadi va keyin 97-raqamni tanladim. Lekin raqamlarga u qadar jiddiy ahamiyat berganim yo‘q.
- Umuman olganda, futbolchi sifatida o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadingiz nimadan iborat?
- Oldimdagi birinchi maqsadim AGMK jamoasida o‘zimni ko‘rsatish va uning g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shishim kerak. Asosiy maqsadim esa O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish. Shu bilan birga «Paxtakor»da ham o‘zimni ko‘rsatmoqchiman. Lekin sizga to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston chempionatida ko‘p vaqt qolib ketmoqchi emasman. Aslini olganda, menda chetga ketish variantlari ko‘p edi. «Paxtakor»daligimda ham bu istaklarimni Arveladzega tushuntirganman. Lekin meni qo‘yib yuborishni istamagan. To‘g‘ri, hozir chetga ketishimning ilojisi yo‘q. Biroq futbolchi sifatida aytadigan bo‘lsam, o‘zimizning chempionatda qoladigan bo‘lsam, futbolchi sifatida o‘sishim yo‘q bo‘ladi. Shu sababli katta maqsadlar sari intilishim va yanada o‘sishim uchun albatta xorijga ketishim lozim. Ayniqsa, terma jamoa o‘yinlari orqali legionerga aylanishni juda xohlayman.
- Bungacha sizda legionerga aylanish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldimi?
- Menda bunday imkoniyatlar ko‘p edi. Ayniqsa, Osiyo chempionatidan keyin men uchun variantlar bisyor edi. Lekin boya aytdim, Shota Yustinovich meni qo‘yib yuborgisi kelmadi.
- O‘sha Osiyo chempionatida chempion bo‘lganingizdan keyin hayotingiz va faoliyatingizda o‘zgarishlar sezildimi?
- Osiyo chempioni bo‘lish bu har kimga ham nasib qilmaydi. Millionta odamdan bitta odamga nasib qilishi mumkin. O‘sha chempionatdan so‘ng ko‘p narsa o‘zgardi. Osiyo chempioni bo‘lishdek sharafli unvonga ega bo‘lishning o‘zi futbolchi uchun juda katta yutuq. Bilasizmi, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish, xalqaro maydonlarda terma jamoa tarkibida to‘p surishning gashti boshqacha bo‘ladi. Doim klub bilan terma jamoada o‘ynashning farqi katta bo‘ladi. O‘yin tomonlama va yana boshqa qirralaringizni ham ochib beradigan hislatlari bor. Lekin hozir buni sizga yaxshi tushuntira olmayman. Buni o‘sha insonni o‘zigina yaxshi his qila oladi. Shu bois Osiyo chempionatidan keyin hayotimda ham ko‘p narsa o‘zgardi.
Fikrlar
Хурматли админлар Яхшибоевни узи ва Д. Имомхужаевни такидлашларича бу трансфер сунгги дакикаларда амалга оширилган ва трансфер ойнасини якунлаб берган.
Бирок бу сунгги трансфердан сунг орадан 1 сутка вакт утиб Бунёдкор жамоаси С. Турсунов ва адашмасам Аюпов б/н расман келишувга эришганлигини эьлон килди.
Бу кечикган келишувни кандай тушуниш мумкин.
Илтимос шунга батафсил аниклик киритишингизни сураймиз.