
"Paxtakor" bosh murabbiyi "Sharja"ga qarshi javob bahsi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi
23 aprel kuni "Paxtakor" OChL guruh bosqichidan o‘rin olgan bahsda "Sharja" bilan kuch sinashadi. Bugun bellashuvdan avvalgi matbuot anjumani o‘tkazildi va unda "sherlar" ustozi Piter Xyuistra ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Birinchi davrada etarlicha ochko jamg‘ara olmadik. Shu sababli ertaga bizni juda muhim bahs kutmoqda. Avvalgi bahsdagi xatolarni o‘rgandik, tahlil qildik. Jamoam o‘yinni juda yomon o‘tkazdi deb o‘ylamayman, ammo himoyaviy harakatlarda ko‘ngildagidek o‘ynay olmadik. Himoya faqat himoyachilarning harakatidan iborat emas, unda butun jamoa ishtirok etadi. Jamoaviy harakat bo‘lishi kerak. Qolaversa, to‘pni nazorat qilish orqali ko‘proq imkoniyat yaratishimiz lozim. Bu borada uyg‘unlikni yuzaga keltirish darkor. Chempionlar Ligasida buni uddalashga urinib ko‘ramiz. Birinchi bellashuvda 70 foiz holatda to‘pni nazorat qildik, ammo bu samara bermadi. Endi vaziyatlarni ko‘proq sodir etishga intilamiz.
"Sharja" yaxshi saviyadagi jamoa. Ertaga Koronado maydonga tushgan taqdirda ular yanada xavfli bo‘ladimi? Biz o‘z o‘yinimizni, yuqori saviyamizni ko‘rsata olsak, juda yaxshi jamoamiz. Aynan shuni uddalashga harakat qilamiz. Dastlabki ikki uchrashuvda g‘alabaga haqli edik, ammo omadimiz kelmadi. "Sharja" bilan birinchi bahsda esa xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bularni tuzatishga urinamiz. Bosim bor holatda barcha ishlar yaxshi bo‘lishi kerak, - dedi murabbiy.
Fikrlar