O‘zbekistonning 2 ta ayollar jamoasi OFK litsenziyalashidan muvaffaqiyatli o‘tdi

  • 14 yanvar, 2022, 06:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo futbol konfederatsiyasi talabi asosida har yili erkaklar jamoalari litsenziyalash jarayonidan o‘tishi sizga ma’lum. Futbol klublarining infratuzilma jihatidan rivojlanib borishini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan mazkur jarayonga O‘zbekiston professional futbol ligasi oxirgi yillarda jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Tecno

O‘zbekiston Osiyoda birinchilardan bo‘lib, ayollar jamoalarini ham litsenziyalashdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Xususan,  ortda qolgan 2021 yilda Osiyoda ilk bora ayollar jamoalari ham sinov tariqasida litsenziyalashdan o‘tkazildi. O‘zPFL OFKning qit’ada ayollar futbolini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi va OFKning so‘roviga ijobiy javob bergan holda, kam sonli mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ayollar oliy ligasi jamoalari ilk bora litsenziyalashga ariza topshirishdi. Bunda 11 ta klub – oliy liganing 10 ta ishtirokchisi va ko‘ngilli tarzda birinchi liganing “Dinamo-W” jamoasi OFKning onlayn platformasi – AFC CLASga 5 asosiy tamoyil: sport, infratuzilma, ishchi-xodimlar, huquqiy, moliyaviy mezon bo‘yicha zarur xujjatlar to‘plamlarini yuklab borishdi.

Yakunda 2 ta klub – Jizzaxning” So‘g‘diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoalari OFK litsenziyasini qo‘lga kiritishdi.

Qit’a futbol uyushmasining rejasiga ko‘ra, 2022 yildan e’tiboran ayollar jamoalarini litsenziyalash jarayoni barcha qolgan a’zo davlatlarda ham qat’iy tatbiq etiladi. Boisi, 2023 yildan boshlab ayollar jamoalari o‘rtasida to‘laqonli Osiyo Chempionlar ligasi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda va ushbu musobaqada kelasi yildan faqat litsenziya oladigan klublargina ishtirok etadi.

PFL matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!