
Muxlislar uyda o‘tirib futbol tomosha qilishga rozi bo‘larmikin?
Bugungi kunda futbolsiz zerikib qolgan ishqibozlar Superliganing qachon davom ettirilishini intiqlik bilan kutishyapti, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Mavjud vaziyat bo‘yicha mutaxassislarimiz qanday fikrda?
OFK instruktori, “Paxtakor” akademiyasi direktori, tajribali mutaxassis Islom Ahmedovning qarashlari bilan tanishamiz:
- Avvalambor, biz sog‘liqni o‘ylashimiz kerak bo‘ladi. Futbol kim uchun? Albatta, muxlislar uchun, to‘g‘rimi? Shunday ekan, biz ularning sog‘ligi haqida qayg‘urishimiz lozim. Shu sababli hukumatimiz tomonidan bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashda amalga oshirayotgan ishlarga 100 foiz qo‘shilaman. Biz esa, dastlab mutaxassislar maslahatiga quloq solishimiz muhim va xato qilishimiz mumkin emas. Lekin bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, futbolni qanday qilib muxlislarsiz tasavvur qila olamiz? Hozirgi paytda boshqa mamlakatlardagi vaziyat har xil. Misol uchun evropaliklar nima uchun chempionatni davom ettirishga shoshilishyapti? Bunga sabab pul! Negaki, klublar o‘yinlarning teletranslyatsiyasidan katta daromad oladilar. Bizda esa vaziyat biroz boshqacha. Futbol birinchi navbatda muxlislar uchun. Shu bois ishqibozlarsiz futbol nima uchun kerak bo‘lishini tushunmayapman.
Yuqorida aytganimdek, bizda birinchi navbatda odamlarning sog‘ligi muhim. O‘ylaymanki, rahbarlarimiz bu borada to‘g‘ri qaror chiqaradi. Boshqa sport turlarini xafa qilish niyatim yo‘q, ammo bizda futbol birinchi o‘rinda va uning muxlislari ham ko‘p. Shuningdek, xalqaro musobaqalar ham to‘xtatib qo‘yilgan. Osiyoda esa virus kuchayib boryapti. Shu sababli OFKda ham asosan internet orqali ishlashyapti. O‘zim ham FIFA hamda OFK bilan onlayn ishlayapman. Qolaversa, murabbiylar bilan ham shunday usulda mehnat qilyapmiz. Chunki hozir vaziyat shuni taqozo qilyapti.
Islom Ahmedov hamisha sog‘liq birinchi o‘rinda bo‘lishi haqida to‘g‘ri gapirdi. Qolaversa, u futbolning muxlislarsiz tasavvur qila olmasligini ham yashirmadi. Uning fikricha, bu vaziyatda eng to‘g‘ri echimni o‘ylab topish zarur. Masalaning yana bir tomoni bor, agar Superliga o‘yinlari muxlislarsiz o‘tkazilgan taqdirda ham bu ularni futboldan butunlay mosuvo bo‘ldi, degani emas. TV orqali ham bemalol Superliga bahslarini tomosha qilish mumkin. Ammo bu kimga qanaqa? Shunday ishqibozlar borki, ular uchun o‘yinni stadiondan jonli tomosha qilishga hech nima teng kela olmaydi. Bu borada gap ketar ekan, Islom Ahmedov quyidagicha munosabat bildirdi:
- Albatta, chempionatni davom ettirish kerak. Ammo muxlislar uyda o‘tirib futbol tomosha qilishga rozi bo‘larmikin? To‘g‘ri, oxirgi paytlarda “Sport” telekanali orqali Superliga o‘yinlari efirga uzatilayotgan edi. Agar o‘yinlarni ishqibozlarsiz o‘tkazish borasida qaror chiqarilsa, u holda teletranslyatsiyaning tashkiliy masalalari bo‘yicha jiddiy ishlar olib borilishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, muxlislarga o‘yin va o‘yin atrofidagi barcha jarayonlarni mayda detallarigacha ko‘rsatilishi, sifatni yanada oshirish darkor. Ana shunda ishqiboz o‘zini stadionda o‘tirgandek his qilishi mumkin. Demak, televidenie shunday muhitni yarata olishi lozim. Hammasi vaziyat qanday davom etishiga bog‘liq. Lekin futbol muxlislarimizga juda kerak. Chunki hamma sog‘ingan. O‘ylaymanki, futbolimiz rahbarlari bu borada ham o‘ylashyapti. Ishonamanki, hamma chempionatimiz qachondan davom ettirilishini kutyapti.
Yana bir o‘ylantiradigan masala haqida ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Gap shundaki, vaqti kelib Superliga uchrashuvlarini davom ettirilishiga ruxsat berilsa, chempionat qanday ko‘rinishda o‘tadi? Ma’lumki, bungacha uchta tur bahslari bo‘lib o‘tdi va oxirgi o‘yin 15 mart kuni tashkillashtirilgandi. Hozirgacha chempionatning qachondan davom ettirilishi so‘roq ostida turibdi. Yaqin orada esa yoz fasli ham kirib keladi. Bizda esa chempionat har yili kuz faslining oxirlarida nihoyasiga etadi. Vaziyatga umumiy nazar soladigan bo‘lsak, keyinchalik taqvim masalasida jiddiy muammolarga duch kelamizmi? Chempionatni qay holatda yakunlab olish mumkin?
Islom Ahmedov bu masalaning quyidagi echimini aytdi:
- Superliga bahslariga ruxsat berilsa, uni reja asosida tugatib olish muammo bo‘lmaydi. O‘z vaqtida chempionatimizda 16 va 18 tadan jamoalar qatnashgan. Hozir esa 14 ishtirokchi bor. Nima uchun chempionatimiz noyabr oyigacha cho‘zilgan? Chunki orada FIFA kunlari ham bo‘lgan. Bunday paytda esa terma jamoa eng kamida ikki hafta oldin tayyorgarlik olib borardi. Endilikda FIFA kunlari yo‘q. Terma jamoalar miqyosidagi bellashuvlar o‘tkazilmasligi evaziga o‘ylaymanki, chempionatda katta tanaffuslar bo‘lmaydi. Bemalol rejalangan ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Bu borada har xil variantlar bor.
Xabaringiz bor, bir necha oydan so‘ng O‘zbekiston reja bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qilishi kerak. Lekin hozirgi vaziyat tashkiliy ishlarda muammo tug‘dirishi mumkin. Balki OFK musobaqani keyinroqqa ko‘chirar. Islom Ahmedov esa O‘zbekiston Osiyo chempionatini o‘z vaqtida o‘tkazishga ham tayyorligini ma’lum qilgan holda bu masalaning boshqa tomoniga e’tibor qaratdi.
- Bizda hammasi tayyor. Ajoyib stadionlar bor va xalqaro o‘yinlarni o‘tkazish tajribasiga ham egamiz. Faqat bitta savol bor, musobaqa o‘z vaqtida o‘tkaziladimi? Xudoga shukr, O‘zbekistonda vaziyat yaxshilanib boryapti, ammo Osiyoning boshqa mamlakatlaridachi? Holbuki, vaziyat og‘ir bo‘lgan davlatlar ham bor. Sentyabr oyigacha kim qanday holatda keladi, buni hech kim bilmaydi. Hozircha OFK yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining sanalarini o‘zgartirmagan. Bu borada ham vaziyat qanday tus olishini hamma kutyapti. Agarda Osiyo chempionatining taqvimi o‘zgarsa, hammaning rejalari buzilib ketadi.
Fikrlar
2022 yil Qatarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan jahon chempionati boshqa muddatga qoldirilishi ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda Rossiyaning RIA Novosti agentligi muxbiriga FIFA vakili ma’lum qilgan.
Manbada aytilishicha, FIFA yig‘ilib qolgan o‘yinlarni qulay muddatda o‘tkazish uchun a’zolar bilan maslahatlashgan holda yechim topadi: «Pandemiya vaqtida futbol jamoatchiligi birdamlik ko‘rsatmoqda va FIFA bu koronavirusning futbolga ta’sirini kamaytirishiga ishonadi», deb FIFA vakilining so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.
Agentlikning suhbatdoshi 18 mart kuni FIFA tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilgani, bu guruh pandemiya vaqtida qanday harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqqani va xususan, xalqaro o‘yinlar kalendari bo‘yicha ishlayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, koronavirus pandemiyasi sabab JCH-2022 saralash o‘yinlari to‘xtatib qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasining Yaman (31 mart), Singapur (4 iyun) va Saudiyaga qarshi (9 iyun) o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirilgan. Saralashning «D» guruhida qatnashayotgan O‘zbekiston 9 ochko bilan o‘z guruhida yetakchilik qilmoqda.