
O‘zbekiston va Kosta-Rika terma jamoalarining FIFA reytingi va transfer narxlaridagi farqi qanday?
27 sentyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyada Kosta-Rika bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
Mazkur bahs oldidan jamoalarning FIFA reytingidagi o‘rni va transfer narxlaridagi farq borasida ma’lumot beramiz.
Kosta-Rika terma jamoasi FIFA reytingida 34-o‘rinda bormoqda avvalgi raqibimiz 38-o‘rinda edi). Bu KONKAKAF (Shimoliy Amerika)dagi 3-jamoa degani. Reytingda ertangi raqibimizdan o‘z qit’asidan Meksika (12) va AQSh (14) yuqorida joylashgan.
O‘zbekiston esa 77-pog‘onani band etgan. Hamyurtlarimiz Osiyoning ayni paytdagi o‘ninchi jamoasi hisoblanadi. Qit’amizda bizdan yuqorida Eron (22), Yaponiya (23), Janubiy Koreya (28), Avstraliya (39), Qatar (48), Saudiya Arabistoni (53), BAA (69), Iroq (70) hamda Ummon (75) kabi jamoalar joylashgan.
Transfermarkt portaliga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston milliy terma jamoasining umumiy narxi 25.95 million evroni tashkil qiladi. Eng qimmat futbolchimiz Eldor Shomurodov – 8 million evro (“Roma” klubi hujumchisi). Terma jamoadagi transferi eng arzon vakilimiz Botirali Ergashev – 350 ming evro (AGMK darvozaboni).
Kosta-Rikada bu ko‘rsatkich pastroq. Ularning ayni paytdagi umumiy narxi 11.90 million evroga baholangan. Terma jamoaning eng qimmat futbolchisi Joel Nataniel Kempbell – 2.5 million evro (Meksikaning “Leon” klubi hujumchisi). Eng arzon futbolchi Patrik Sekera – 150 ming evro (Ispaniya ikkinchi divizionining “Lugo” klubi posboni). Kosta-Rikaning asosiy darvozaboni va yulduzi Keylor Navas bu yig‘inga jalb qilinmadi.
Kosta-Rika futbolchilari transfer narxlari borasida bizdan qay darajada pastroqda bo‘lsa, FIFA reytingida shuncha yuqorida. Qolaversa, ular jahon chempionatlarida ishtirok etib kelmoqda.
Fikrlar