O‘zbekiston futzalida qanday o‘zgarishlar yoxud O‘FF prezidenti o‘tkazgan yig‘ilish haqida

CHERY AUTO

O‘zbekiston futzal federatsiyasi (O‘FF) prezidenti Bekzod Mamatqulov Federatsiya mas’ullari ishtirokida navbatdagi ishchi yig‘ilishni o‘tkazdi. Anjumanda Federatsiyaning oktyabr–noyabr oylarida amalga oshirgan ishlari, shuningdek noyabr oyining so‘nggi haftasi va dekabr oyidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Bu haqida O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

Yig‘ilishda milliy chempionat – Oliy liganing 4–5-turlari yuzasidan hisobot tinglandi. Chempionat davomida kuzatilgan bahsli va munozarali vaziyatlar batafsil muhokama qilindi. Xususan, ayrim jamoalarda tartib-intizom susaygani, murabbiylar, futbolchilar o‘rtasidagi nizoli holatlar ko‘zga tashlanayotgani, bunday muammoli vaziyatlar translyatsiyalar orqali barcha muxlislar ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgani tanqid qilindi. Shuningdek, hakamlik darajasi chempionat uchrashuvlari saviyasidan ortda qolayotgani ta’kidlandi.

Federatsiya mas’ullari va tegishli komissiyalarga chempionat saviyasiga putur etkazayotgan, intizomni qo‘pol tarzda buzayotgan jamoalar, o‘yinchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi. Avvalo ogohlantirish, vaziyat barqarorlashmasa, musobaqadan chetlatish kabi keskin choralar ko‘rishga tayyor turish zarurligi qayd etildi.

Shu bilan birga, O‘zFHM bilan hamkorlikda chempionat uchrashuvlariga jalb etiladigan hakamlar va nazoratchilar bilan puxta ish olib borish, O‘zMTRK va O‘FF YouTube kanallaridagi jonli efirlarda mutaxassis, muxlis, oddiy tomoshabinlarda e’tirozlarga o‘rin qoldirmaslik, adolat va shaffoflik mezonlariga qat’iy amal qilish vazifasi topshirildi.

O‘FF rahbari dekabr oyida start oladigan Birinchi liga musobaqasi yuzasidan ham ma’lumot oldi. Hisobotga ko‘ra, 8 ta jamoa mamlakat birinchiligida ishtirok etishga tayyor, hujjatlar topshirilishi esa yakuniy bosqichga kirgan. Bekzod Mamatqulov jamoalarning O‘FF talablariga to‘liq javob berishini qat’iy nazorat qilish, qur’a tashlash jarayonini onlayn tarzda shaffof o‘tkazish, turlar taqvimini ishlab chiqish va manzillarni belgilash bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogi final bosqichiga tayyorgarligi masalasi ham muhokama etildi. Bosh murabbiy Nodir Eliboevning hisoboti tinglandi. O‘FF Tibbiyot departamentiga terma jamoaga nomzod futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatini doimiy nazorat qilish, zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va murabbiylar shtabini xabardor qilib borish vazifasi yuklatildi. "Osiyo kubogi–2026" musobaqalari o‘tkaziladigan qoplamaga mos inshootlarda – Buxoro va Andijon shaharlaridagi “Universal” sport majmualari hamda O‘FA Terma jamoalar markazi sport zalida mashg‘ulotlar va nazorat o‘yinlarini o‘tkazish tavsiya etildi.

O‘FF prezidenti Yoshlar va O‘smirlar terma jamoalarini shakllantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 2029 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlarining O‘zbekistonga topshirilgani Federatsiya zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.

Bekzod Mamatqulov Yangi mavsumiga qadar murabbiylar shtabini aniqlash, 2013 yil va undan keyin tug‘ilgan iste’dodlarni izlab topish, yoshlar o‘yinlariga bosqichma bosqich tayyorlab borish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Portugaliya kabi futzali rivojlangan mamlakatlarda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilishi rejasi borligini ma’lum qilindi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Konstantin Sviridovga iqtidorli yoshlarni milliy terma jamoaga etkazib berish borasida yanada faol va fidoyi ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish yakunida futzal mavsumi yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladigan an’anaviy “Futsal Awards–2025” tadbiriga tayyorgarlik hisoboti tinglandi. Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Shuningdek, tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. O‘FF Bosh kotibi lavozimida ishlab kelgan Marupov Inomjon Islomovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!