O‘zbek sporti muxlislari uchun ajoyib xushxabar

  • 6 dekabr, 2020, 14:57
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Olimpizm
BEPUL PROPAN

Bugun poytaxtimizda II Toshkent Xalqaro marafoniga start berildi. Garchi havo sovuq bo‘lishiga qaramay, “Humo Arena” muz saroyi oldidagi maydon haqiqiy sport muxlislari bilan har qachongidan gavjum.

Aslida mazkur marafon shu yil 22 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq koronavirus pandemiyasi sababli musobaqa kechiktirildi va 6 dekabrda o‘tkazishga qaror qilindi.

II Toshkent Xalqaro marafonining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov hamda Bosh vazirning o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Ikkinchi bor tashkil etilgan Toshkent Xalqaro marafonida 400 nafarga yaqin ishtirokchi marafon va yarim marafon yo‘nalishlarida bahslarga kirishdi. Shundan qariyb 300 nafar yarim marafonda o‘z omadini sinab ko‘rishgan bo‘lsa, qolganlar to‘liq marafonda Tokio olimpiadasi yo‘llanmalari uchun startga chiqishdi.

Bu yilgi marafon va yarim marafon trassasi AIMS Xalqaro marafon va yugurish assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan. AIMS – World Athletics Xalqaro engil atletika federatsiyalari uyushmasining a’zosi hisoblanadi.

Biroz avval yakuniga etgan erkaklar o‘rtasidagi to‘liq marafon bahslarida hamyurtimiz, Rio olimpiadasi ishtirokchisi Andrey Petrov Olimpiya o‘yinlari talabini bajardi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, marafon musobaqalarida erkaklar uchun Olimpiya o‘yinlari talabi 2 soatu 11 daqiqani tashkil etadi. Petrov esa 42 kilometr 195 metr masofani 2 soatu 10 daqiqa ichida bosib o‘tdi va amalda Tokio olimpiadasi yo‘llanmasini naqd qildi. Faqat, bu ko‘rsatkichni yaqin kunlarda Xalqaro engil atletika federatsiyasi ham tasdiqlab bersa, biz Petrovni rasman tabriklashimiz mumkin bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!