
O‘zbek polvoni shohsupaga ko‘tarildi
25 aprel kuni Bangkok shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ilk kunida mahoratli dzyudochimiz Zamahshari Bekmurodov -66 kilogramm og‘irlikda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Chempionatning saralash bellashuvlarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Bekmurodov finalda o‘tgan yilgi jahon va qit’a chempioni, oltita “Katta dubulg‘a” turnirlari sovrindori, yaponiyalik Ryoma Tanaka bilan ro‘baro‘ keldi.
Shiddatli kechgan bellashuv qo‘shimcha daqiqalarga qadar etib bordi. Tailand tatamisining eng jozibali bellashuvi ko‘rinishini olgan mazkur kurashda tajriba o‘z so‘zini aytdi. Yaponiyalik dzyudochi oltin, hamyurtimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, Bekmurodov o‘tgan yili Janubiy Koreyada yoshlar o‘rtasida o‘tgan qit’a chempionatida ushbu vaznda oltin medalga egalik qilgan.
23 ta davlatning 220 nafar dzyudochisi ishtirok etayotgan qit’a chempionatida 15 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar kechmoqda.
Fikrlar