
“O‘zbek legioneri bilan raqobatlashishdan qo‘rqmayman!”
2021 yilgi futbol mavsumida o‘zbekistonlik muxlislar UEFA tarkibiga kiruvchi Italiya, Rossiya, Polsha, Qozog‘iston, Belarus chempionatlarini ham diqqat bilan kuzatib boradi. Chunki bu mamlakatlarda o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari to‘p tepmoqda. Quvonarli tomoni, Evropa futboliga daxldor bu chempionatlar a’zosiga aylangan futbolchilarimizning aksariyati o‘z jamoasida etakchi hisoblanadi.
Xususan, Belarusning eng qudratli jamoasini tanlagan Shahboz Umarovdan ko‘pchilik BATEni tark etib, asosiy raqib – Soligorskning “Shaxtyor”iga o‘tib ketgan etakchi futbolchi Igor Stasevich o‘rnini egallashini kutmoqda. O‘tgan yili “Energetik-BGU” jamoasida o‘ynagan Umarov bir yil davomida Belarus futboliga ko‘nikib bo‘ldi. U jamoasining oliy ligadagi barcha uchrashuvlarida ishtirok etgan yagona futbolchisidir. 30 ta uchrashuvda to‘rtta gol urib, uch marta jamoadoshlariga golli pas uzatdi.
Shahboz Umarov o‘tgan yilgi chempionatda BATE darvozasiga uzoq masofadan supergol urib, ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongandi. Borisovliklar ham aynan mana shu goldan keyin o‘zbek futbolchisini olishga qaror qildi.
Umuman olganda, BATEda yangi mavsum oldidan jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Bosh murabbiy Aleksandr Lisovskiy boshqa ishga o‘tdi, bir guruh futbolchilar jamoadan ketdi. Tabiiyki, klub rahbariyati o‘zi ishonch bildirgan bir necha yangi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Shahboz Umarov ham shulardan biri.
O‘tgan mavsumda raqiblar darvozasiga 12 ta gol urgan BATE etakchilaridan Pavel Nixaychikdan jurnalistlar jamoa kelgan Shahboz Umarov bilan ichki raqobat va o‘zbek futbolchisining jarima zarbalarini zo‘r ijro etishi haqida so‘rashdi.
- Avvalgi etakchi Stasevich ketdi, o‘rniga Umarov keldi. U jarima zarbalaridan gol urmoqda. Bu borada yana raqobatga qilishingizga to‘g‘ri keladimi?
- Raqobatning borligi har doim yaxshi. Hech qachon raqobatdan qochmaganman va qo‘rqmayman. Eng muhimi, Shahboz Umarovning jamoaga foyda keltirishidir. Agar shunday bo‘lib chiqsa, bundan juda xursand bo‘laman va jarima zarbalarini ijro etishni unga qoldirishga tayyorman, - dedi Pavel Nixaychik.
Ta’kidlash joizki, Shahboz Umarov mavsum oldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda faol qatnashdi. Legionerimiz o‘rtoqlik o‘yinlarida “Isloch” va “Dinamo Kiev” darvozasini jarima zarbasidan ishg‘ol qildi. Shuningdek, jamoadoshiga golli pas ham uzatdi.
Joriy mavsumda BATE Belarus chempionati tarixidagi oltin medallari sonini 16 taga etkazib, qo‘yishga harakat qiladi. O‘tgan mavsumda borisovliklar chempionlikni oxirgi turning so‘nggi daqiqalarida Jasur Yaxshiboev o‘ynagan “Shaxtyor”ga boy berganini yaxshi bilasiz.
Yangi mavsumda esa, o‘zbekistonlik muxlislar BATE va “Shaxtyor”ga ishqibozlik qiladi. Chunki, borisovliklar tarkibida Shahboz Umarov, Soligorsk jamoasida Shahzod Ubaydullaev mahoratini namoyish etadi.
“Shaxtyor” oliy liganing birinchi tur uchrashuvini 13 mart kuni o‘z maydonida “Minsk” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bir kundan keyin BATE o‘z uyida "Slutsk" klubini qabul qiladi.
Fikrlar