Otabek G‘ulomxo‘jaev: "Jasur Jaloliddinovni erkalatmoqchi emasman. Ammo...

  • 20 aprel, 2021, 20:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Kubogi “A” guruhi, 1-tur doirasida “Andijon” klubi o‘z maydonida “Lokomotiv”ni qabul qildi. Ushbu uchrashuvda mezbonlar 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Tecno

Bellashuvdan keyin “Andijon” bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- “Lokomotiv”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun shiddatli o‘yin bo‘ldi. “Lokomotiv”ning mavsum boshida ishlari unchalik yurishmadi. Keyin ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritishni boshladi. Ko‘rinib turibdiki, jamoa asta-sekin o‘z holatiga qaytyapti. Biz ham ushbu uchrashuvga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘zimiz yaratilgan vaziyatlardan foydalana olmadik, ammo xatolarimiz evaziga gollar o‘tkazib yubordik.

- Kubok bahsida “Andijon”ga qanday maqsad qo‘yilgan?

- Imkon qadar uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Minimal vazifamiz guruhdan chiqish.

- Birinchi bo‘limda jamoa o‘yini chiqmadi. Ikkinchi bo‘limda penaltidan gol urgach, o‘yin yaxshi shakllandi. Ammo futbolchilarga motivatsiya etishmayotgandek...

- Jamoaning ichki muhitida ayrim mayda detallar bor va ularni yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Tarkibda ko‘pchilik futbolchilarni yoshligidan o‘zim tarbiyalaganman. Ular meni hali ham yoshligimizdagi murabbiy deb o‘ylashyapti, shekilli. Qaerdadir qattiqroq tursangiz xafa bo‘lib olishadi. O‘yin amaliyotiga kam ega bo‘layotgan futbolchilarga ham imkoniyat beryapmiz. Birinchi bo‘limda ularning hujumlariga chidashimiz kerak edi. Maqsadimiz gol o‘tkazmaslik edi va ikkinchi bo‘limda hujumkorlikni oshirishni o‘ylagandik. Ko‘rdinglar, imkoniyatlar bo‘ldi, foydalana olmadik. Ammo himoyada bolalarcha xato qildik. Darvozabonimiz Javohir Qilichevdan oxirgi marta qachon o‘ynaganini so‘rasangiz o‘zi ham bilmaydi. Yo‘q joydan ikkita gol olib keldik.

- Jasur Jaloliddinovga golgacha shijoat etishmadi. “Lokomotiv”dek jamoada o‘ynab keldi. U jamoa o‘yinini qo‘lga olishi kerak emasmi?

- “Lokomotiv”da u quruq mashg‘ulot bilan cheklandi, menimcha. Unga imkoniyat berishmadi, xuddi shunday “Tambov”da ham. Uni yonini olmoqchi emasman. Biroq Jasurning boshidan qanday kechinmalar o‘tganini men bilaman. Uning oldida O‘zbekistonning boshqa klublaridan ham variantlar bor edi. Jaloliddinovni erkalatmoqchi emasman, kerak paytda uni joyiga qo‘yamiz. Lekin u albatta o‘z holatiga tushib oladi. Etakchilik xususiyati bor. Ammo uni hali yoshligini ham unutmaslik kerak.

- Gollar standartdan urilyapti...

- Masalan, Doniyor Abdumannopovning individual mahorati evaziga penalti ishladik. Yaxshi kombinatsiyalar qilyapmiz. Faqat oxirgi nuqtani qo‘yadigan futbolchi topilmayapti. Mashg‘ulotlarda ham faqat darvoza oldida ishladik, u erda hamma gol uradi, asosiy o‘yinda esa...Menimcha, omadga ham bog‘liq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
20/04/2021 21:47
Жалолиддинов етакчи бу'лишига 5 _6 йил бор .мартинга етакчиликни бериш керак майдонда барча футблчилар унга бу'йсинишлари керак