
Osiyo Chempionlar ligasi-2019 finalini o‘zbekistonlik hakamlar boshqaradi
Bilasiz, so‘nggi vaqtlarga kelib o‘zbekistonlik hakam, nazoratchi hamda komissarlar qit’a va xalqaro miqiyosdagi turli nufuzli musobaqalarga muntazam ravishda taklif etilmoqda. Turli yirik turnirlarning hal qiluvchi uchrashuvlarini boshqarish hamyurtlarimizga ishonib topshirilayotgani esa barchamizni birdek quvontiradi, albatta.
Qit’amizning klublar miqiyosidagi eng nufuzli musobaqasi – Osiyo Chempionlar ligasining 2019 yilgi mavsumi ham o‘z nihoyasiga etish arafasida turibdi.
Ertaga, 24 noyabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi-2019 g‘olibi nomi ma’lum bo‘ladi.
Xabaringiz bor, qit’a Chempionlar ligasi finali uy-mehmon tizimida o‘tkazib kelinadi. Joriy yilgi musobaqa finaliga Yaponiyaning “Urava Red Daymonds” va Saudiya Arabistonining “Al Hilol” klublari etib kelishdi. 9 noyabr kuni Saudiya Arabistonida o‘tgan dastlabki o‘yinda saudiyaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan edi. Ertaga esa Yaponiyada “Saitama” o‘yingohida javob o‘yini o‘tkaziladi.
Hal qiluvchi uchrashuvni boshqarib borish vazifasini esa OFK o‘zbekistonlik hakamlar brigadasiga ishonib topshirdi. Bosh hakam – Valentin Kovalenko. Unga Andrey Tsapenko, Timur Gaynullin, Aziz Asimov hamda Ilgiz Tantashev yordam berishadi. Zaxira hakami – Ruslan Serazitdinov. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Osiyo Chempionlar ligasi-2019
Final | 2-o‘yin
“Urava Red Daymonds” – “Al Hilol”
Bosh hakam: Valentin Kovalenko (O‘zbekiston)
Yordamchi hakamlar: Andrey Tsapenko (O‘zbekiston), Timur Gaynullin (O‘zbekiston).
Qo‘shimcha yordamchi hakamlar: Aziz Asimov (O‘zbekiston), Ilgiz Tantashev (O‘zbekiston).
Zaxira hakami: Ruslan Serazitdinov (O‘zbekiston).
Nazoratchi: Srinivasan Suresh (Hindiston)
Komissar: Mohd Sayfiddin Bin Abu Bakar (Malayziya).
Fikrlar