O‘runovdan xushxabar!

  • 9 yanvar, 2021, 11:11
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Transferi eng ko‘p muhokama qilinayotgan Oston O‘runov hozircha faoliyatini “Spartak”da davom ettiradigan bo‘ldi.

Tecno

Xabaringiz bor, “Ufa”dagi kreativ o‘yinlari bilan Rossiya premer-ligasining bir necha klublari, xususan, “Rubin”, “Lokomotiv”, TsSKA e’tiborini qozongan Oston O‘runov o‘zini Ufaga taklif qilgan Shamil Gazizov maslahati bilan “Spartak” jamoasi safiga qo‘shilgandi.

Rossiyaning eng ko‘p muxlisga ega bo‘lgan klubining talabchan tarafdorlari va ayrim mutaxassislar bu yosh futbolchi kelajak uchun olinganini to‘g‘ri qabul qilishni istamasdan, Oston O‘runovga bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Ayniqsa, Shamil Gazizovning “Spartak” bosh direktori lavozimidan iste’foga chiqarilgani va uning transfer siyosati klub rahbariyatiga ma’qul kelmagani o‘zbekistonlik legionerning faoliyatiga ham soya solishi mumkinligi aytilgandi.

Jamoa bosh murabbiyi Domeniko Tedesko O‘runov hali o‘sishga erishishi, uning salohiyatiga ishonishi va o‘zini ko‘rsatishi uchun vaqt, imkon berishini ta’kidlaganiga qaramay, ko‘pchilik  Oston O‘runov Shamil Gazizovning ortidan ketishini kutayotgan edi.

a1de2d80211eaa673f95285d76a09_2

Shuningdek, bu voqealar ortidan “Rubin” va “Ufa” o‘zbek futbolchisining xizmatlariga ehtiyoj sezayotganini ma’lum qildi. Qozonliklar hatto rasmiy so‘rov ham yubordi. Biroq, moskvaliklar bu transfer uchun so‘ragan 6 million evro miqdoridagi mablag‘ “Rubin”ga og‘irlik qildi. “Ufa” ham bu summani eshitgach, o‘zi 1,5 million evroga transfer qilgan futbolchini ortga qaytirishga cho‘chib turibdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Spartak” murabbiylar shtabi Oston O‘runovni premer-liganing ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘rish uchun xorijiy yig‘inga boradigan futbochilar ro‘yxatiga kiritdi. Bu jamoa bosh murabbiyi Oston O‘runovga bundan keyin ham ishonch bildirishini anglatadi. Shuningdek, birinchi yig‘inda “Spartak”ga Oston O‘runov bilan bir paytda kelgan Aleksandr Kokorin ham jalb qilinadi.

“Spartak” yangi yildagi ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 14-24 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Oston O‘runov shu paytga qadar “Spartak” tarkibida premer-liga va Rossiya kubogida jami 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan. Aleksandr Kokorin esa 10 ta bahsda penaltidan ikkita gol urib, bir juft golli pas uzatdi.

193246_m

Bundan tashqari, “Spartak” jamoasi 2021 yildagi ilk uchrashuvini “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazishini alohida ta’kidlash lozim. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra, o‘rtoqlik uchrashuvi moskvaliklarning Birlashgan Arab Amirliklaridagi ikkinchi yig‘ini davomida, ya’ni 30 yanvar kuni Dubaydagi “Jabal Ali” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Oston O‘runov jamoasi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini Jasur Yaxshiboev yordamida Belarus chempionligini qo‘lga kiritgan Soligorskning “Shaxtyor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu uchrashuv ham Dubayda 6 fevral kuni tashkil etiladi.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!