
Oradan 412 kun o‘tib dzyudochilarimiz xorijiy Gran-prida g‘olib bo‘lishdi
Xabar berib o‘tganimizdek, kecha Marokashning Marrakesh shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-pri seriyasiga kiruvchi musobaqaning birinchi kuni yakunlandi. Terma jamoamiz uchun omadli kechgan bu kunda yigitlarimiz 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritishdi.
Dzyudochilarimizning so‘nggi bor xorijda qo‘lga kiritgan g‘alabasi 2018 yil yanvar oyiga to‘g‘ri kelib, Tunisda o‘tgan Gran-prida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishgan edi. O‘shanda -66 kg vazn toifasida Shahram Ahadov oltin medal egasiga aylangan.
Oradan 412 kun o‘tib, aniqrog‘i, kecha Sharofiddan Lutfullaev va Sardor Nurullaev vakillarimizning xorijiy musobaqadagi bunday omadsizligiga barham berishdi. Polvonlarimiz shuncha kundan beri Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida o‘tadigan Gran-pri, Katta dubulg‘a, Masters va jahon chempionati kabi musobaqalarda oltin medalni qo‘lga kirita olishmayotgan edi. Umid qilamizki, buyog‘iga muxlislarimiz dzyudochilarimizning g‘alabasini bunchalik uzoq vaqt kutib qolishmaydi.
Ma’lumot uchun, noyabr oyida Hikmatillo To‘raevning qo‘lga kiritgan g‘alabasi Toshkent Gran-prisida bo‘lgani uchun xorijdagi turnirlar hisoblab chiqildi.
Fikrlar