
Olimpiada chempionini tarbiyalagan murabbiy endi O‘zbekiston terma jamoasini boshqaradi
Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini endi Pavel Xan boshqaradi. Bu haqida assotsiatsiyaning Tokio-2020 yakunlari va yangi strategik rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, shuningdek, assotsiatsiya mutasaddilari va murabbiylari ishtirok etishdi.
Dastavval assotsiatsiyaning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan faoliyati sarhisob qilindi. Sherzod Tashmatov Olimpiada yakunidan keyin sportchilarning ishtiroki chuqur tahlil qilingani, shundan so‘ng terma jamoada bosh murabbiy o‘zgarganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, endilikda Pavel Xan bosh murabbiy, Aleksandr Kim esa maslahatchi trener sifatida faoliyat olib boradi.
Ma’lumot uchun, Xan Pavel Afanasevich 1984 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Taekvondo bo‘yicha O‘zbekistonning ilk Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi hisoblanadi.
Manba: olympic.uz
Fikrlar