OChL. "Ajdarlar" yana parvoz qiladimi?

  • 19 aprel, 2022, 22:47
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi birinchi davrasi o‘z yakuniga etdi. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari 3 raqibi bilan ham kuch sinashib ko‘rdi. Xo‘sh, keyingi bosqichga chiqish uchun ularda qanday imkoniyat bor? Qaysi aspektlardagi ustunlik muvaffaqiyat keltirishi mumkin?

Bugungi holat: Imkoniyatlarning yarmi havoga uchdi

Turnir jadvaliga qarar ekanmiz, hammasi u qadar yomon emasdek tuyuladi, ammo... Birinchi turdagi 1:1 va so‘nggi bahsdagi 0:1 voqealar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. "Nasaf" qo‘ldan chiqqan imkoniyatlarning o‘rnini to‘ldirish maqsadida ikkita juda og‘ir o‘yin o‘tkazishi shart. Shu o‘rinda qiziqarli ma’lumot: "Nasaf" guruh bosqichidagi 3 ta o‘yinning barchasida to‘p nazoratida raqiblaridan oldinda bo‘ldi. Shuningdek, raqib darvozasi tomon yo‘llangan zarbalar soni borasida ham ular oldinda. Bu yaxshi ko‘rsatkich, ammo kuchli hayajon va futbolchilardagi tajribasizlik ustunliklarni ochkoga aylantirishga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, "ajdarlar" ikkinchi davra starti avvalida guruhdan chiqish imkoniyatlarini to‘liq saqlab qoldi. Xatto, vaziyat chakki emas, deyish ham mumkin. Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida kurash olib borayotgan klubimiz tarkibida muammolar bor. Birgina Sherzod Nasrullaevning yo‘qligi butun boshli o‘yin mexanizmiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Alibek Davronov qanchalar harakat qilmasin, u Nasrullaev singari Berdievning taktik sxemasida muhim ijrochi emas. Shunday bo‘lsada, Davronov jamoasi o‘yinini buzib qo‘ymayapti. Bu ham yosh futbolchi uchun katta plyus. Ortda qolgan 3 bellashuv haqida fikr bildirar ekanmiz, jamoa kamida 7 ochko jamg‘arishga qodir edi. Bu vaziyatda qarshiliklar safidagi legionerlar Osiyo klublarinikidan ancha farq qilishini ta’kidlashimiz adolatdan bo‘lardi. Stanoevich o‘z yo‘liga, ammo hujum chizig‘iga taklif etiladigan forvard kamida OChL darajasida bo‘lishi shart. Smaylagichni "Al-Faysali" hujumchisi Tavares bilan solishtirib ko‘rishning o‘zi kifoya. Semir butun bahs davomida faol bo‘lishga urindi, ammo jamoadoshlari tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan birortasini gol bilan yakunlay olgani yo‘q. Tavares esa, raqibni yarimta xatosidan jamoaga 3 ochko "yasab berdi". Shu va shunga o‘xshash boshqa omillar "Nasaf"ning birinchi davrani maksimal darajadagi ochkolar bilan yakunlay olmasligiga sabab bo‘ldi.

nasaf_2

Ortda qolgan 3 tur nima berdi?

Birinchi navbatda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch! Berdiev shogirdlari muxlislari bilan maqtanadigan "Al-Vehdat", Xavidan qolgan "Al-Sadd" va Tavaresga suyanib qolgan "Al-Faysali" bilan kurash olib bordi. Ular murabbiyning nazariy ko‘rsatmalaridan tashqari, amalda ham o‘zlari uchun ko‘plab yangi narsalarni bilib olishdi. Endi hammasidan unumli foydalanagan holda, natija ko‘rsatish lozim. Shu o‘rinda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdievni alohida e’tirof etish lozim. Qahramonimiz guruh bosqichidagi 3 o‘yinda uch xil o‘yin sxemasiga murojaat etdi.

"Al-Sadd"ga qarshi o‘yinda:

Tecno

Asosan, raqibga markazni topshirgan holda, qanotlarga bor kuchini tashlagan Berdiev nomdor raqibning rejalarini barbod qilishga muvaffaq bo‘ldi. Qizil kartochkalardan so‘ng "Nasaf" bemalol 3 ochkoni ilib ketish uchun harakatni boshladi, ammo tajribasizlik pand berdi. Boz ustiga, raqibga ortiqcha baho berilgani ham minusga ishladi. Bugungi "Al-Sadd" bu Xavi davridagi jamoa emas! Uning ancha eskirgan va kuchdan qolgan varianti.

"Al-Vehdat"ga qarshi o‘yinda:

Bu safar murabbiy Iordaniya klubini ortiqcha muammosiz mag‘lubiyatga uchratishiga ishondi va hujumkor o‘yin taklif etdi. Qanot futbolchilariga erkinlik bergan holda, fulbeklarni butun maydon bo‘ylab harakat qilishini ta’minladi. Natijada, birinchi bo‘limda biroz hayajonlangan "Nasaf" ikkinchi taymda instensiv futbol evaziga raqibning "kilsorodini to‘sib qo‘ydi". So‘nggi 20 daqiqalikda "ajdarlar" ortiqcha muammosiz ustunlikni 3 ochkoga aylantirdi.

"Al-Faysali"ga qarshi o‘yinda:

"Al-Sadd" bilan o‘yindan farqli o‘laroq, ehtiyotkorlik kamaytirildi. Barchasi birinchi bo‘limda o‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng o‘zgarib ketdi. Vaholanki, bahsni Berdiev ikkita sof hujumchi bilan boshlagandi. Ikkinchi 45 daqiqalikda "Nasaf" ustunlikni qo‘liga olib, vaziyatlar yaratdi. Afsuski, o‘sha kuni "ajdarlar" safida Tavares darajasidagi top-futbolchi yo‘qligi pand berib qo‘ydi.

Endi murabbiy va futbolchilar raqib kuchiga to‘g‘ri baho berishi mumkin. OChL starti avvalida "Al-Sadd"ni boshqa darajadagi futbol namoyish etishi, "Al-Vehdat"ni qarshi hujumlar "qiroli" va "Al-Faysali"da kuchli jamoaviy o‘yin mavjud ekanligi haqidagi quruq gaplar tasdig‘ini topgani yo‘q. Bundan tashqari, "Nasaf" ortda qolgan 3 o‘yinning birortasida taktik va jismoniy tomondan mag‘lubiyatga uchramadi. Bu ikkinchi davrada hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. O‘yinlar orasi juda yaqin bo‘lgani bois, jismoniy holati yaxshi va zaxira o‘rindig‘i kengroq bo‘lgan jamoalarda imkoniyat oshadi. Bu borada "Al-Sadd" guruhda qolganlardan yaxshiroq imkoniyatga ega. "Nasaf" esa, kuchli jamoaviy o‘yin va sinovdan o‘tgan o‘yin mexanizmiga suyanadi. "Al-Faysali" yopiq futbol o‘ynab, natijaga erishishga urinib ko‘radi. "Al-Vehdat" deyarli kurashdan chiqib bo‘ldi. Ikkinchi davra startida yana "Al-Sadd" bilan to‘qnash keluvchi Iordaniya klubi katta ehtimol, bilan kvartetning so‘nggi pog‘onasida qoladi.

nasaf2

Guruhdan chiqish imkoniyatlari qanday?

Imkoniyatlar 100 foiz saqlanib qolingan, deb bo‘lmaydi, ammo pley-off "ajdarlar"dan juda uzoqlashib ham ketgani yo‘q. Kamida, 3 o‘yindan 7 ochko olish shart. Bu 6 ochkoning 3 tasi "Al-Faysali"dan olinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Voqealar rivojidan kelib chiqib, bu ochkolar 6 ta bo‘lsa ham yakunda "ajdarlar"ga 2-pog‘onani naqd qilishi mumkin. Barchasi, Saudiya Arabistoni klubi bilan 20 aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan o‘yinga bog‘liq. Agar "Nasaf" g‘alaba qozonsa, guruhda birinchi o‘rin uchun ham kurash olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Boshqacharoq hisob qayd etilsa, qolgan o‘yinlardagi natijalarga ham e’tibor qaratishga majbur bo‘lamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Nasaf Qarshi
20/04/2022 02:11
Бугун ютишимиз шарт йигитлар
Farrukh Ergashev
19/04/2022 23:12
Albatta bugun Nasaf g'alaba qozonadi
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonaman . Paxtakor dan ham uidim ancha katta ediyu lekin ammo biroq o'xshamadi . Olg'a Nasaf