
"Navbahor" darvozasiga "dahshatli" gol urgan futbolchini yaxshilab tanib oldingizmi? U buni qanday amalga oshirganini aytdi
Kuni kecha Superliganing 5-tur doirasida Namanganda “Navbahor” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu bahsga e’tibor va qiziqish ancha yuqori edi. Har doim bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin juda shiddatli o‘tadi. Bu safargisi ham bundan mustasno bo‘lgani yo‘q. Chempionatda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini “Navbahor” o‘z maydonida to‘xtatishi kutilgandi. Lekin yakun bunday bo‘lib chiqmadi.
“So‘g‘diyona” qaysar jamoa bo‘lgani uchun namanganliklar ancha qiyinchiliklarga duch keldi. Shoxruz Norxonovning goliga mezbonlar Zoran Marushichning goli bilan javob qaytardi. Aslida uchrashuv 1:1 hisobidagi durangga qarab ketayotgandi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Doniyor Abdumannopovning goli hammasini ostin-ustun qilib yubordi. U shunday gol urdiki, bunaqasi kamdan-kam takrorlanishi mumkin yoki yo‘q! Natijada Doniyorning supergoli tufayli “So‘g‘diyona” deyarli kutilmagan g‘alabani ilib ketdi. Tan olib aytganda, uchrashuv durangga mos edi. Buni uchrashuvdan so‘ng, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev matbuot anjumanida ham aytib o‘tdi. Biroq Abdumannopovning goliga har qancha ta’rif bersak arziydi. Hatto, Samvel Babayan ushbu golni fantastik deb atadi.
Futbolchi qanotdan zarbani to‘g‘ri darvoza tomon yo‘llaganmidi yoki sheriklariga uzatmani amalga oshirganmidi? Shuningdek, uning faoliyatidagi eng chiroyli golmi? Andijonlik yarim himoyachi shunday dedi:
- O‘sha vaziyatda shunchaki, darvozaga zarba berdim. Balki gollarim orasida eng chiroylisidir. “Metallurg” darvozasiga urgan golim ham chiroyli chiqqandi. Men uchun kiritgan barcha gollarim muhim. Chiroyli gollarni esa muxlislar aniqlaydi.
“Navbahor”ning o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘ygani mahalliy muxlislarni ranjitgani bor gap. Lekin o‘sha gap: uchrashuv aslida durangga qarab ketayotgandi, biroq Abdumannopovning supergoli evaziga mehmonlar o‘ta qimmatli g‘alabani ilib ketdilar. Zaxiradan maydonga tushib o‘yinning qahramoniga aylangan futbolchi “Navbahor”ga qarshi uchrashuv yuzasidan ham o‘z fikrini aytdi.
- Namanganda qo‘lga kiritilgan ajoyib g‘alaba bilan “So‘g‘diyona” muxlislarini va jamoadoshlarimni qizg‘in tabriklab qolaman. Biz g‘alaba uchun oxirigacha kurashdik. Murabbiyimizning ko‘rsatmalarini maydonda bajarishga harakat qildik va shuning evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Zaxiradan maydonga tushayotganimda ham bosh murabbiy mendan faqat o‘z o‘yinimni ko‘rsatishni ta’kidlagan.
Doniyorning goli ijtimoiy tarmoqlarda ham rosa “aylanyapti”. Qiziq, uning ushbu golini yana kim takrorlay olishi mumkin? “So‘g‘diyona” o‘yinchisining bu boradagi qisqacha javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Urgan golimga ta’rifni muxlislar berishsin. Men esa Allohdan mana shunday gollar ko‘proq nasib qilishini so‘rayman.
Shuningdek, Doniyor Abdumannopov kuchli raqib sanalgan “Navbahor”ning “So‘g‘diyona”ga qarshi namoyish etgan o‘yini bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdi.
- “Navbahor”da juda yaxshi jamoa yig‘ilgan. Ularning tarkibida kuchli va nomdor futbolchilari bor. Albatta, bizga qarshi uchrashuvda ham ular juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Nazarimda, ikkala jamoa tengma-teng kurash olib bordi.
Lekin yana bir jihatni ham unutmaslik kerakki, “So‘g‘diyona” “Navbahor” uchun oxirgi paytlarda noqulay raqibga aylanib qoldi. Namanganliklar oxirgi bor ikki yil oldin jizzaxliklar ustidan 2:0 hisobida ustun kelgandi. Shundan so‘ng, chempionat doirasidagi oxirgi to‘rtta uchrashuvda “So‘g‘diyona”ning qo‘li baland kelyapti.
- Balki o‘yin uslubi bo‘yicha jamoamiz “Navbahor”ga noqulaylik tug‘dirsa kerak. Men bu borada shuni aytmoqchimanki, nafaqat “Navbahor”ga, balki boshqa jamoalar uchun ham noqulaylik tug‘dira olamiz, - dedi Abdumannopov.
Fikrlar