
Muvaffaqiyat siri yoxud Erik ten Xagning “Manchester Yunayted”da hal qilishi kerak bo‘lgan 7 muammosi
"Manchester Yunayted" Erik ten Xag qo‘l ostida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Niderlandiyalik mutaxassisni qiyin mavsum kutyotgani aniq!
Erik ten Xagning asosiy vazifasi - "Manchester Yunayted"ni APL "taxt"iga qaytarish. Juda qiyin topshiriq, sababi Devid Moyes, Lui van Gal, Joze Mourino va Ole-Gunnar Sulsher kabi murabbiylar ham buni uddalay olmadi. “Manchester Siti” va “Liverpul” yangi transferlarni amalga oshirayotgan va raqobatchilaridan tobora uzoqlashib borayotgan bir paytda, “qizil iblislar”ning Premer liga chempionligi uchun kurashi juda qiyin. Boisi, ten Xag oldida echishi kerak bo‘lgan muammolar mavjud. Shu bois, hozir niderlandiyalik mutaxassis MYuni top darajaga qaytarishi uchun nimalarga e’tibor berishi kerakligi haqida batafsil to‘xtalamiz.
Ronaldu bilan til topishish kerak
Ronaldu yakunlangan mavsum "Manchester Yunayted"ning asosiy figuralaridan biri bo‘ldi. Ko‘pchilik mutaxassislar uni klubning ichki muhitini buzdi, deb aytishdi, ammo portugaliyalikning MYu uchun zararidan foydasi ko‘proq bo‘lgani hech kimga sir emas.
Krish o‘tgan mavsumda barcha musobaqalarda 24 ta gol urib, hamon top darajadagi markaziy hujumchi ekanligini yana bir bor isbotladi.
Erling Xoland hamda Darvin Nunesni qo‘ldan chiqarganidan so‘ng "Yunayted" yangi mavsumda ham tajribali Ronalduga tayanishi mumkin. Chunki ayni paytda transfer bozorida ko‘zga ko‘ringan forvardlar juda kam, borlari ham “qizil iblislar”ga o‘tishni istamayapti.
Shuning uchun, ten Xag portugaliyalikni o‘z tizimiga moslashtirish yo‘lini topishi va zamonaviy hujumchilar uslubida pressing qilmasligi borasida kelishib olishi kerak. Ronalduning darvoza oldida haqiqiy “qotil”ga aylanishini bilib, boshqa futbolchilar bu vazifani o‘z zimmasiga olishi talab etiladi. Bu ten Xagning birinchi mavsumi uchun hal qiluvchi rolni bajarishi mumkin.
Reshford va Sanchoni avvalgi holatiga qaytarish kerak
Jeydon Sanchoning "Manchester Yunayted"dagi birinchi mavsumi havas qilarli darajada bo‘lmadi. Shu sababli, uning Angliya terma jamoasi safidagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda. Ayni damda uning Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga borishi ham noma’lum. U Mundialga boradigan 26 nafar futbolchi orasiga kirish uchun ham qo‘lidan kelganini qilishi talab etiladi. Jeydon uchun hozirgi paytdagi eng ustuvor vazifa — MYu safida “Borussiya” Dortmunddagi o‘yini namoyish qilish.
Sancho "Manchester Yunayted" muxlislari istagan hujumchiga aylanishi kerak edi. Ammo u buni hali ham uddalay olmadi, chunki futbolchini APLga kelishini istagan Ole-Gunnar Sulsher bir necha oydan so‘ng “qizil iblislar” boshqaruvidan ketdi. Bu esa ingliz vingeriga salbiy ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi tayin. Ralf Rangnik qo‘l ostida Sancho bir nechta yorqin o‘yinlarni o‘tkazdi, ammo biz haqiqiy Jeydonni ko‘rmadik. Ten Xagning asosiy vazifalaridan yana biri — Sanchoni "jonlantirish".
Markus Reshford yangi murabbiy e’tiboriga muhtoj bo‘lgan yana bir futbolchi. U ham xuddi Sancho kabi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun kurashmoqda va ten Xagdan hujumda o‘zini ko‘rsatishga imkon berishini xohlaydi. Reshford olti yil avval “Manchester Yunayted”ga kelganidan beri etishmayotgan narsani yangi murabbiy bilan amalga oshirishga umid qilmoqda.
Agar ten Xag Reshford va Sanchodan maksimal darajada foydalana olsa, bu jamoa hujumiga yangi nafas berishi tayin.
Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish kerak
Birinchi mavsumda ten Xag uchun eng katta vazifa — "Manchester Yunayted"ni Chempionlar ligasiga qaytarish. Avvallari, “qizil iblislar” bu musobaqaga yo‘llanmadan quruq qolsa, klub muxlislari uchun bundan-da ayanchi narsa yo‘qdek edi. Biroq hozir EChLga chiqa olmaslik Manchesterning qizil tomoni uchun oddiy holatga aylanib bo‘ldi.
Ten Xag uchun muammo shundaki, yangi mavsumda kuchli to‘rtlikka kirish uchun kurashayotgan jamoalar talaygina: Antonio Konte qo‘l ostida ajoyib o‘yin ko‘rsatayotgan "Tottenxem", yildan yilga o‘sib borayotgan "Arsenal" va Tuxelning "Chelsi"si.
"Vest Xem" va Saudiya Arabistoni investorlari qo‘liga o‘tgan "Nyukasl"ni ham esdan chiqarmaslik kerak. "Yunayted"ni juda qiyin kurash kutmoqda. Agar klub ketma-ket ikkinchi yil EChLga chiqa olmasa, mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi, deb bo‘lmaydi.
Kubok...
“Manchester Yunayted” sovrin qo‘lga kiritmaganiga besh yil bo‘ldi. Bir necha mavsum davomida quruq va’dalar, qayta qurish ishlari va o‘zgarishlar. Mourino 2017 yilda Liga kubogi va Evropa ligasida g‘alaba qozonib, o‘zgacha “oltin dubl” qayd etganda, ko‘pchilik “qizil iblislar” oldingi mavqeyiga qaytdi deya taxmin qilgan edi. Keyingi mavsumda ham klub APLda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va Angliya kubogi finalida o‘ynadi.
O‘shandan beri "Manchester Yunayted" "Manchester Siti" va "Liverpul"ning qarshiligini sindira olmayapti. Keyinchalik Sulsher Evropa ligasida g‘alaba qozonishga yaqin keldi, ammo jamoa penaltilar seriyasida “Vilyarreal”ga mag‘lub bo‘ldi. Hozirgi kunda mankuniyaliklar muntazam ravishda yirik sovrinlarni chetda qolmoqda.
Ten Xag esa har yili sovrin qo‘lga kiritishga odatlangan. U “Ayaks”dagi faoliyati davomida 3 marta ichki chempionat va ikki marta Niderlandiya kubogini qo‘lga kiritgan. Agar Erik “Old Trafford”da ham buni amalga oshirsa, “Manchester Yunayted”ning qora an’anasiga chek qo‘ygan bo‘lardi.
Katta g‘alabalarni qo‘lga kiritish kerak
“Manchester Yunayted” muxlislarining ko‘pchiligi bu mavsumda ularning sevimlilari uchun chempionlikka kurash qiyin kechishini yaxshi tushunishadi. Biroq ular jamoasining katta g‘alabalari juda ham sog‘inishgan.
"Manchester Siti"ning 2018 yilgi chempionlik bayramini kechiktirgan 3:2 hisobidagi g‘alaba bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ko‘z yoshlari bo‘yalgan “Etihad” stadionini ko‘rish, mankunianliklar muxlislariga haqiqiy bayram tuhfa etadi.
2020 yilgi "Manchester derbisi"da qozonilgan 2:0 hisobida g‘alaba yodingizdami? O‘sha paytdagi olomonning g‘ala-g‘ovuri-chi? O‘shanda “Old Trafford”ning tomi uchib ketadigandek taassurot uyg‘otgandi. EChLda PSJning musobaqadan chiqarib yuborilishi, so‘nggi soniyalarda kiritilgan gollar, Neymarning memlarga aylanib ketgan nigohlari...
Futbol shunday lahzalar bilan qiziq. Ten Xag bularni yana takrorlashga, “qizil iblislar” muxlislariga yana katta g‘alabalarni taqdim etishga harakat qilishi kerak. “Manchester Yunayted” yangi mavsumning 3-turida “Liverpul”, oktyabr oyi boshida esa “Siti” bilan to‘qnash keladi. Agar mazkur bahslarda g‘alaba qozonilsa, niderland mutaxassisiga bo‘lgan ishonch yanada oshishi tayin.
Muxlislar bilan muloqot
Kloppning muvaffaqiyati murabbiylik salohiyatidan tashqari, uning "Liverpul" muxlislari bilan muloqot qila olishi hamdir. Buni hatto Gvardiola "Siti"da takrorlay olmagan.
Ten Xag ham muxlislar bilan do‘stlashib olishi kerak. Agar u mankunialiklar bilan yaxshi natija ko‘rsata olsa va muxlislar bilan muloqotni yo‘lga qo‘ysa, Erik manchesterliklarning sevimlisiga aylanishi tayin. Ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashi esa har qanday mutaxassisga qo‘shimcha kuch bera oladi.
Fergyusondan keyingi davrda ishlagan murabbiylar muxlislar bilan muloqot o‘rnatishga harakat qildi. Biroq tomoshabinlar bahona emas katta g‘alabalar va sovrinlarni kutishadi.
Jozibali futbol uslubi
"Manchester Yunayted"ning so‘nggi 9 yildagi muammolarining asosiy qismi murabbiy tayinlashda izchillik yo‘qligi bo‘ldi. Moyes, van Gal, Mourino va Sulsher turli xil murabbiylar hisoblanadi. Bu esa klubning o‘yin uslubiga salbiy ta’sir o‘tkazdi.
Turli futbol g‘oyalari jamoani izdan chiqarib yubordi: van Galning to‘pga haddan tashqari ko‘p egalik qilishga asoslangan tizimi, Mourinoning o‘z darvozasi xavfsizligiga tayangan pragmatik o‘yini Pep Gvardiola va Yurgen Klopp bilan solishtirganda ahmoqonadek ko‘rinardi.
Sulsherning uslubi esa qarshi hujumlarga asoslangan tizim edi. Biroq uning taktikasi ham o‘zidan pastroq bo‘lgan jamoalarga nisbatan samarasiz bo‘lib chiqdi.
Garchi bu tezda o‘z samarasini bermasa ham, ten Xag o‘z falsafasini amalga oshirishi kerak. Muxlislar uning nima qilmoqchi bo‘layotganini bilishsa va bu haqiqatan ham jamoaga yordam berishiga ishonishsa, ular sabr qilib kutadi.
“Manchester Yunayted” ten Xagni jamoaga yangi qon olib kirishi uchun tayinladi va yangi mavsumdan e’tiboran mutaxassis nimalarga qodirligini ko‘ramiz.
Jamshidbek Mahmudov tarjimasi.
Fikrlar