
Murosasiz kurash: O‘zbekiston va Tailandning eng kuchli tomoni qaysi?
Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogining pley-off bosqichi boshlandi. “V” guruhidan bitta g‘alaba va ikki durang bilan chiqqan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1/8 finalda Tailand futbolchilari bilan to‘qnash keladi.
Osiyo kubogi tashkilotchisi – Osiyo futbol konfederatsiyasi bo‘lajak uchrashuv oldidan har ikki terma jamoaning ustun tomonlari haqida ma’lumot berdi.
Qit’a chempionatini kuzatib borayotgan ekspertlar Tailand terma jamoasining eng kuchli tomoni mustahkam himoya chizig‘iga ega ekanini ta’kidlamoqda. Guruh bosqichida qatnashgan 24 ta terma jamoa orasida faqatgina musobaqa mezbonlari – qatarliklar va tailandliklar birorta gol o‘tkazgani yo‘q.
Tailand “F” kvartetida dastlabki turda Qirg‘izistonni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan keyin arab futboli vakillari – O‘mon va Saudiya Arabistonidan ochko tortib oldi. Ayniqsa, saudiyaliklarga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi uchrashuvda tailandliklar Roberto Manchini shogirdlariga gol urish imkonini bermadi. Darvozabon Saranon Anuin penaltini qaytarish orqali jamoasini ketma-ket ikkinchi marta Osiyo kubogining pley-offiga olib chiqdi.
Tailand terma jamoasining yana bir xavfli futbolchisi Supachay Chaided hisoblanadi. U jamoasining musobaqadagi ikki goliga ham mualliflik qilgan. Umuman olganda, yaponiyalik bosh murabbiy Masatada Isii tailandliklarni 2026 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga olib chiqishni maqsad qilgan. Shuningdek, Qatardagi qit’a chempionatida ham bu jamoa imkon qadar uzoqqa bormoqchi.
Xo‘sh, O‘zbekiston terma jamoasi Tailandning mustahkam himoyasini yorib o‘ta oladimi?
Saranon Anuinni o‘z darvozasidan birinchi to‘pni olib chiqishgi kim majbur qiladi?
Osiyo futbol konfederatsiyasi ekspertlari Srechko Katanets boshqarayotgan terma jamoaning ham ustunliklarini aniqladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyada ancha tartibli o‘yin namoyish qilmoqda. Guruh bosqichida uchta o‘yindan ikkitasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Avstraliya bilan o‘yindagi raqibning yagona goli juda shubhali penaltidan kiritildi.
Xalqaro tashkilot ekspertlari jiddiy jarohat olgan Igor Sergeev O‘zbekiston uchun Tailand bilan bo‘ladigan uchrashuvdan oldin katta yo‘qotish ekanini ta’kidlamoqda. Chunki tajribali hujumchi Tailand chempionatida to‘p tepadi va raqib futboli, uning o‘yinchilari imkoniyatiniya yaxshi biladi.
Shunga qaramay, Osiyo futbol konfederatsiyasi terma jamoamizning hujumkorlik salohiyatini yuqori baholamoqda.
- Tailanddan chaqirtirilgan hujumchi Igor Sergeev safdan chiqqaniga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Jaloliddan Masharipov hamda Abbosbek Fayzullaev qatorida iste’dodli charm to‘p ustalari ko‘p.
“Oq bo‘rilar” bu galgi Osiyo kubogida Tailand darvozasini ishg‘ol qilgan birinchi jamoa bo‘lishga harakat qiladi. Shu orqali, o‘zbeklar beshinchi bor chorak finalga chiqishga urinib ko‘radi, - deb yozdi www.the-afc.com rasmiy sayti.
O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi nimchorak final uchrashuvi 30 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
Osiyo kubogi finalida O‘zbekiston bilan o‘ynasak yaxshi bo‘lardi!
O‘zbekiston “qora an’ana”ga chek qo‘ydi yoxud Qatardagi rekordlar, sensatsiyalar va faktlar
Fayzullaev darrov o‘zini ko‘rsatdi!
Fikrlar