Mundial debyutantlari ishtirokidagi o‘yinlar zerikarli bo‘ladi?! Karragerga e’tirozlarimiz bor
Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Jeymi Karrager 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan ayrim jamoalarni tanqid qilib, ularning o‘yinlarini “faqat aqldan ozgan odamlar” tomosha qilishini aytdi.
“Bu Jahon chempionatida albatta, juda zerikarli o‘yinlar bo‘ladi. Sog‘lom fikrli hech kim Kabo-Verde – O‘zbekiston yoki Iordaniya – Tunis o‘yinini intiqlik bilan kutmaydi,” — dedi Karrager. Ammo Karragerning bu so‘zlarida jon bormi? Futbol bugun global sport turi, yangi jamoalarning chiqishi esa millionlab muxlislarda qiziqish uyg‘otmayaptimi? Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Futbol vatani” sanalgan Angliya o‘zi qanday natijalar ko‘rsatmoqda? Quyida shu savollarga javob topasiz:
Jahon chempionatining debyutantlari: O‘zbekiston, Kabo-Verde, Iordaniya terma jamoalarining yuksalishi va futbol jamoatchiligining ularga bo‘lgan qiziqishi
O‘zbek futboli so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib, xalqaro miqyosda tanilib bormoqda. Dastlab, Eldor Shomurodovning Italiya A Seriyasining “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” klublarida to‘p surgani xorijlik muxlislarda O‘zbekiston futboliga nisbatan e’tibor uyg‘otdi. Shundan so‘ng Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”da paydo bo‘lishi esa bu qiziqishni yanada kuchaytirdi — endi o‘zbek futbolchilari turli mintaqalarda o‘z muxlislariga ega bo‘la boshladi.
Bu yillarda O‘zbekiston terma jamoalari bir qator yirik musobaqalarda e’tiborga molik natijalarni qayd etdi:
FIFA reytingida o‘sish: 2021 yilda 85-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston 2025-yilda 54-o‘ringa ko‘tarildi.

2024 yil Osiyo Kubogi: chorak finalgacha etib bordi.

2022 yil U-23 Osiyo chempionati: finalchi bo‘ldi.

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi kichik mundial — FIFA U-17 Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
2024 yil Parij Olimpiadasi: O‘zbekiston ilk bor futbol bo‘yicha ishtirok etdi.
Eng e’tiborli jihatlardan biri — O‘zbekiston U-17 terma jamoasining 2023 yilda FIFA U-17 Jahon chempionatida Angliya U-17 jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etgani bo‘ldi. Bu o‘yin yosh futbolchilarimizning texnik mahorati va ruhiy tayyorgarligini namoyon etdi.

Kabo-Verde:
Afrikaning kichik orol davlati Kabo-Verde so‘nggi yillarda futbol orqali o‘z nomini qit’a miqyosida tanita oldi. Afrikaning g‘arbida joylashgan bu kichik orol davlatining maydoni atigi 4 000 kv,km, aholisi esa bor-yo‘g‘i 583 ming kishini tashkil etadi. Jahon chempionati tarixida bunday kichik hududga ega mamlakat hali ishtirok etmagan.

FIFA reytingi (2025): 65-o‘rin atrofida joylashgan.
Afrika Millatlar Kubogi (2024): chorak final bosqichiga chiqdi
.
Evropa klublarida: Kabo-Verde futbolchilari Portugaliya, Frantsiya va Niderlandiya ligalarida muntazam to‘p surishmoqda (masalan, Garri Rodriges — “Olimpiakos”, Rayyan Mendes — “An-Nasr”).
Tarixiy natija: 2013 yilda Afrika Kubogida ilk bor ishtirok etib, chorak finalgacha etib borgan.
Shu natijalar Kabo-Verdening futbol tizimi cheklangan resurslarga qaramay, o‘sayotganini ko‘rsatadi.
Iordaniya:
Iordaniya — G‘arbiy Osiyoda joylashgan, aholisi 11 millionga yaqin bo‘lgan mamlakat bo‘lib, so‘nggi yillarda futbol bu erda eng ommabop sport turiga aylangan. Mamlakat Osiyo miqyosida sezilarli yuksalishga erishmoqda.

FIFA reytingi (2025): 62-o‘rin;
2023 yilgi Osiyo Kubogda tarixiy yutuqqa erishib, finalgacha etib bordi va Qatar bilan 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, jamoa ushbu turnirning yarim finalida Osiyoning grandi Janubiy Koreyani engib, hammaning e’tiborini tortdi.
U-23 Osiyo chempionati (2024): Chorak finalgacha etib bordi:
Legioner futbolchilar: Iordaniya futbolchilari Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA klublarida muntazam to‘p surishadi:
FIFA va OFK tomonidan so‘nggi yillarda Iordaniya futbol tizimiga katta sarmoya yo‘naltirilmoqda. Mamlakat 2018 yilda ayollar futboli bo‘yicha Osiyo Kubogiga mezbonlik qilgan va yangi akademiyalar tarmog‘ini rivojlantirmoqda.
Muhammadqodir Ruzmatov
Davomi bor...



Fikrlar