
Mourino: Ketaman desa, Abraxamga javob!
Yozda 40 million evro evaziga “Chelsi”dan transfer qilingan Temmi Abraxam “Roma”ning haqiqiy yulduziga aylandi.
Angliyalik hujumchi legioner sifatida jami 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblari darvozasini 24 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga beshta golli vaziyat yaratib berdi.
Kuchli beshlikdagi angliyalik futbolchilar orasida eng ko‘p gol urgan Abraxamni premer-ligaga qaytarmoqchi bo‘layotgan klublar safi kengayib bormoqda. Hujumchiga “Manchester Yunayted”, “Tottenxem” va “Arsenal” og‘iz solmoqda. To‘purarni tarbiyalagan “Chelsi” ham uni tezroq ortga qaytarishga bosh qotiryapti.
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino Temmi Abraxam haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Yosh futbolchiga o‘z vatani, ona shahri va Angliya premer-ligasini tark etib ketish oson emas. Agar Abraxam Angliyaga qaytmoqchi bo‘lsa, barmog‘ini shiqillatishi kifoya. Men Temmi uchun xursandman. U Angliya terma jamoasidagi ishlarini ham o‘nglab oldi.
“Roma”dagi Kris Smolling va “Milan”da o‘ynayotgan Fikayo Tomori kabi angliyalik futbolchilar Angliya ligalaridan tashqarida ham hayot borligini his qilishdi, - dedi Joze Mourino.
Portugaliyalik mutaxassisning Rimdagi faoliyatiga turlicha baho berish mumkin. Rim klubiga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganiga qarama, Mourino o‘z oldiga dastlabki mavsum uchun qo‘yilgan uchta vazifasidan ikkitasini uddalay olmadi.
Joze “Roma”ni Chempionlar ligasiga olib chiqolmadi va Italiya kubogini qo‘lga kirita olmadi. Biroq, Rim klubi Evrokuboklarda ishtirokini davom ettirayotgan Italiyaning yagona jamoasi hisoblanadi.
Mourino “Roma”ni 31 yil deganda xalqaro finalga olib chiqdi. Uning shogirdlari 25 may kuni Konferentsiyalar ligasi finalida Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasiga qarshi saf tortadi.
Bo‘lajak bellashuvdagi g‘alaba rimliklarga yangi sovrin va Evropa ligasi yo‘llanmasini taqdim qiladi.
Oltita o‘yinda bitta g‘alaba!
“Roma” futbolchilar A Seriyaning 36-turida safarda “Fiorentina”ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Bu g‘alabadan keyin florentsiyaliklar ochkolar hisobida rimliklar bilan tenglashib oldi va Evropa ligasi yo‘llanmasi uchun kurashga qaytdi.
Statistika bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar “Roma” so‘nggi oltita o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozonganini ma’lum qildi.
Mourino shogirdlari ichki chempionatdagi oxirgi g‘alabasini 10 aprel kuni “Salernitana”ga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritgan edi – 2:1.
Shundan keyin poytaxtlik “bo‘rilar” A Seriyada “Inter”ga 1:3, “Fiorentina”ga 0:2 hisobida yutqazdi, “Napoli” va “Bolonya” bilan durang qayd etdi.
“Roma” Konferentsiyalar ligasi yarim finali birinchi uchrashuvida “Lester” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Rimdagi javob bellashuvida bitta to‘p farqi bilan g‘alaba qozondi.
Endi “Roma” oldida uchta muhim uchrashuv turibdi. Mourino shogirdlari A Seriya doirasida 14 may kuni “Venetsiya” va 22 mayda “Torino” bilan to‘qnash keladi.
Shuningdek, Mourino shogirdlari mavsumning eng muhim bahsida Konferentsiyalar ligasi finalida Niderlandiyaning “Feyenoord” futbolchilariga qarshi o‘ynaydi. Bu uchrashuv 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida tashkil qilinadi.
Reja o‘xshamay qoldi
“Roma” o‘ziga kerak bo‘lmay qolgan o‘yinchilardan biri Jastin Klyuyvertni Frantsiya chempionati vakili “Nitstsa”ga ijaraga berib yuborgan edi.
Kelishuvga ko‘ra, frantsiyaliklar “Nitstsa” Chempionlar ligasiga chiqqan taqdirda niderlandiyalik hujumkor futbolchini xarid qilish majburiyatini olardi.
Biroq, “Nitstsa” chempionat yakunlanishi arafasida Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli uchlikdan uzoqda – oltinchi pog‘onada joylashgan.
Agar “Nitstsa” o‘z maqsadiga eta olmasa, “Roma” mutasaddilari ularni Klyuyvertni olib qolishga ko‘ndirish uchun qo‘shimcha muzokara o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
23 yoshli Jastin Kyuyvert Frantsiya chempionati va mamlakat kubogida jami 25 ta uchrashuv o‘tkazib, beshtadan gol va assist qayd etdi.
“Roma”ga xushxabar!
“Roma”ning po‘stagini qoqamiz!
Legionerimiz: Murabbiy men bilan gaplashmay qo‘ydi!
Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!
“Roma” hujumchisi: Ketishim kerak bo‘lgan vaqt kelganini bildim!
Fikrlar