
Mirko Elichich: "Hujumchilarning gollarini sanashadi. Gol urmasang qadrlanmaysan"
Pro liganing 16-turida "Lokomotiv" "Olimpik"ni 2:0 hisobida taslim qildi. "Temiyo‘lchilar" 16 turdan so‘ng 36 ochko jamg‘arib musobaqa jadvalida peshqadamlik qilishmoqda. "Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Elichich sobiq klubi ustidan qozonilgan g‘aloaba haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Uch ochkoni qo‘lga kiritdik. O‘yindan unchalik mamnun emasman. Ko‘p vaziyatlarda biz to‘p yo‘qotdik, xatolarga yo‘l qo‘ydik. Ortiqcha harakatlar ko‘p bo‘ldi, bularni kamaytirish kerak. Futbolchilarim qanday futbol o‘ynash kerakligini yaxshi bilishadi. Hali to‘p bilan ko‘p ishlashimiz kerak. Bugun ko‘p oldinga o‘ynadik, ko‘p hujumlar qildik. Shunchaki vaziyatlardan foydalanish, ya’ni, to‘g‘ri qarorlar chiqarish kerak. Raqib tarkibidagi yosh futbolchilarning iqtidori yuqori. Ushbu mavsumdan keyin ularga yaxshi jamoalardan takliflar bo‘lishi kerak. Chunki ularni anchadan beri bilaman. Ushbu yoshlarning o‘yinlari menga ma’qul kelmoqda. Umid qilamanki, ushbu yoshlarning kelajagi yaxshi bo‘ladi.
- Jamoangiz ko‘p xato qildimi?
- Osonroq o‘ynashni o‘rganish kerak, ishni qiyinlashtirib yuborish kerak emas. O‘yin bunchalik qiyin bo‘lmasligi ham mumkin edi, lekin biz o‘zimiz holatlarni og‘irlashtirib yubordik.
- Nikola Popovich ikkita gol urdi. Ushbu futbolchi haqida fikringiz.
- Unda etarlicha sifatlar bor, biroq barqarorlik etishmayotgandi. Bu safar u ikkita gol urdi va bu yaxshi holat. Hujumchilarning gollarini sanashadi. Gol urmasang qadrlanmaysan. Endi u ham barqarorlik sari harakat qilishi kerak. O‘yinlar orqali o‘z darajasini qaytarib olish uchun o‘ynasin.
- Chempionatdagi tanaffus chog‘ida rejalar qanday?
- Keyingi o‘yingacha 3 hafta bor. Balki bunga optimal holatda bormasligimiz ham mumkin. Agarda bunday holat yil boshida bo‘lganida o‘rtoqlik o‘yinlari uchun raqib ham bo‘lardi, futbolchilarga jismoniy yuklama ham bera olardik. Mavsum oxirida esa bu noqulaylik tug‘diradi. Mavsum tugashiga oz vaqt qoldi, hamma charchagan. Bunday paytda futbolchiga dam berib, ularni bo‘shashtirish, shu orqali ularning futboldagi sifatlarini saqlab qolish kerak.
Fikrlar