
Mirjalol Qosimov: "Gol etishmadi, raqibni kuchsiz demayman"
“Qo‘qon-1912” – AGMK (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
- Qiziqarli va kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Haqli ravishda durang bo‘ldi. “Qo‘qon-1912” qarshi hujumlarda yaxshi harakatlandi. Qolaversa, Norbekov bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin tizginini qo‘limizga oldik. Lekin bunday o‘yinlarda ko‘p imkoniyat bo‘lmaydi. Vaziyatlarimiz bor edi, futbolchilarimiz gol urishlari kerak edi. O‘yin vaqti o‘tib borgani sari o‘yinchilarda ko‘p “brak”lar bo‘ladi. “Qo‘qon-1912” jamoasini ham tushunib turibmiz, ular pastki o‘rinlardan birida. Duranglar o‘ynayapti. Biz esa yuqori maqsadlarni qo‘yganmiz va bunday bahslarda yutishimiz kerak. Lekin shunaqasi ham bo‘lib turadi.
- “Qo‘qon-1912” safida 4 ta asosiy futbolchi o‘ynamadi. Ishqibozlar nazdida ular asosiy o‘yinchilar edi. Kuchsizlangan “Qo‘qon-1912”ni yutish uchun sizlarga nima etishmadi?
- Gol etishmadi. Kuchsiz demayman. Jadvalda bunday o‘rindagi jamoalar bilan o‘yin juda ham qiyin. Superligada qolish uchun jon-jahdi bilan kurashyapti. Muxlislar uchun gol kerak, g‘alaba kerak. O‘z jamoasi uchun muxlislik qilishadi. Ikkinchi bo‘limda gol urganimizda o‘yin yanada boshqacha bo‘lardi. O‘yin yanada ochilardi. O‘zinglar ham guvoh bo‘ldinglar, jamoa ikkinchi raqamda harakat qildi. Bunaqada yorib kirish qiyin.
- Valijon Rahimov zaxirada qolyapti...
- Unda jarohat bor.
- Keyingi turda “Paxtakor” bilan o‘yinda bugungi yo‘qotilgan ochkoni to‘ldirishga ishonasizmi?
- Har bir o‘yinga tayyorlanamiz, ajratmaymiz. Taqvim bo‘yicha o‘ynaymiz. Kim bilan o‘ynashimizdan qat’iy nazar doim chiroyli o‘yin ko‘rsatish va albatta g‘alaba uchun chiqamiz.
- O‘zbekiston Kubogi yarim finalida Qarshida “Nasaf” bilan o‘ynaysizlar. Finalga chiqishga harakat qilasizlarmi?
- (Kuladi) Albatta. Hamma harakat qiladi. Yarim finalgacha kelish o‘zidan-o‘zi bo‘lmadi. Hammasi o‘zimizni qo‘limizda. Yana Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish uchun imkoniyat. Jon-jahdimiz bilan harakat qilamiz. Qolgani Allohdan, nasib qilgani!
Fikrlar