"Metallurg" futbol akademiyasi xalqaro turnirda qatnashadi

  • 10 iyun, 2023, 14:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

An’anaga muvofiq iyul oyining boshida “Metallurg” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilar Ispaniyaga navbatdagi safarni uyushtirishadi.  “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi nizomiga muvofiq eng namunali o‘quvchilardan tashkil topgan delegatsiya odatdagidek, “Qirollik klubi” bilan yaqindan tanishish, Madrid akademiyasidagi sharoitlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Tecno

Bu yilgi safardan avvalgilaridan boshqa bir jihati bilan farq qiladi. Bugun shu xususda batafsil ma’lumot bermoqchimiz. Oldingi yillardan farqli jihati bu galgi safarda “Metallurg” futbol akademiyasi yoshlari yirik xalqaro turnirda qatnashishi ko‘zda tutilgan. Turnir San Sebastyan shahrida tashkil etilib, unda jahonning eng nufuzli futbol akademiyalarining 860 ta jamoasi qatnashyapti. Ham qizlar, ham o‘g‘il bolalar o‘rtasida tashkillashtirilayotgan musobaqada barcha qit’alardan – 26 mamlakatdan jamoalar ishtirok etadi. Bu yilgi musobaqa hisob bo‘yicha 31-si sanaladi.

Shunisi e’tiborga molikki, turnir tashkilotchilari Osiyo qit’asi vakillari – “Metallurg” FK vakillarini TOP sakkiztalik qatorida e’tirof etishmoqda. Bular – Portugaliyaning “Sporting”, “Benfika”, Ispaniyaning “Real Sosedad”, “Madrid CFF” Angliyaning “Nyukasl”, Gondurasning “Olimpiya”, AQShning “Orlando siti” hamda mezbonlar jamoasidir.

Bir hafta mobaynida o‘tadigan turnirda qizlar oltita, o‘g‘il bolalar esa o‘n bitta yosh toifasida g‘oliblik uchun bahs olib borishadi. Musobaqa FIFA bolalar musobaqasi Reglamentiga muvofiq o‘tkazilib, qatnashchilar ixtiyoriga 50 ta tabiiy maydon ajratilgan. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi 52 kishidan iborat. “Metallurg” futbol akademiyasi Ispaniya safariga to‘rtta yosh toifasida ketyapti. Turnirda esa U-12 hamda U-17 yosh toifasidagi jamoalari ishtirok etadi. Qolgan ikki yosh toifamiz qatnashchi jamoalarimizga bevosita muxlislik qilishlari barobarida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga chiqishlari, muntazam mashg‘ulotlar olib borishlari ko‘zda tutilgan. Bu tadbirlarning barchasi San Sebastyan futbol akademiyasi rahbariyati tomonidan kelishuvga muvofiq xolisoni tarzda uyushtirib beriladi.

Kuni kecha “Donosti Cup – 2023” turniriga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi va “Metallurg” yoshlarining raqiblari nomi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra U-12 jamoamiz V guruhida “Beti Ona CD” (Baskoniya, Ispaniya), “LSA Tarragona” (Kataloniya, Ispaniya), “Salesianos Guadalajara EFCD” (Toledo, Ispaniya) jamoalariga qarshi bahs olib boradi. U-17 yosh toifasidagi “Metallurg” jamoasining raqiblari esa “Bordeaux Aquitaine FC” (Frantsiya), “Orereta Kafea CD” (Baskoniya, Ispaniya), “Trintxerpe KE” (Baskoniya, Ispaniya) jamoalari bo‘ldi. Guruh g‘oliblari plef-offda sovrinli o‘rinlar uchun olimpiya tizimida kurashni davom ettirishadi.

“Metallurg” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!