
“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi
14 may kuni Toshkentda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi “ Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi
4 may kuni O‘zbekiston Engil atletika federatsiyasining anjumanlar zalida, 14 mayda Humo Arena sport majmuasining start-finish maydonchasida bo‘lib o‘tadigan “Men g‘olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy yugurish musobaqasi Engil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida tashkil qilinmoqda.
“Men g‘olib” vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi an’anaviy ravishda muhim davlat sanalari – Vatan himoyachilari kuni, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa kuchlari tashkil etilganligi hamda Xotira va qadrlash kunini nishonlashga bag‘ishlangan holda o‘tkaziladi.
Kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari, harbiy xizmatchilar, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, sport klublari a’zolari va faol hayot tarzini sevuvchilar yiliga ikki marotaba jamoaviy va yakkalik ommaviy yugurish musobaqasida qatnashadilar.
“Men g‘olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish poygasini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad aholi o‘rtasida yugurish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, harbiy xizmatchilarning sport ruhini saqlash va do‘stona sport aloqalarini rivojlantirish, kuch ishlatuvchi tuzilmalar idoralarining vakillari orasidan eng kuchli jamoalarni aniqlashga qaratilgan.
Bo‘lib o‘tadigan “Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi 14 may kuni o‘tkazilib, Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanadi.
Harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi yildan yilga kuch ishlatuvchi tuzilmalar va yugurish havaskorlari orasida katta qiziqish qozonmoqda. Ushbu sport tadbiri ilk marotaba 2000 ga yaqin ishtirokchini birlashtiradi. Ommaviy yugurish musobaqasining dasturi kengaytirildi va unga 3 ta masofa kiritildi: yarim marafon – 21,1 km, chorak marafon - 10,5 km va 3 km ga ommaviy yugurish musobaqasi. Ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkaziladigan kunda ishtirokchilar yig‘ilishi - 06:00 da boshlanadi, start 07:00 da beriladi.
“Men g‘olib” kubogini qo‘lga kiritish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa hamda kuch ishlatuvchi tuzilmalar ta’lim muassasalarining 6 ta jamoasi kurash olib boradi.
Tashkilotchilar tomonidan 14 ta nominatsiya uchun qimmatbaho sovg‘alar ko‘zda tutilgan: planshet, smartfon, smart soatlar, elektr skuterlar, noutbuklar va esdalik sertifikatlari.
“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasida qatnashish istagini bildirgan barcha yuguruvchilar 10 mayga qadar Iticket.uz saytida pullik ro‘yxatdan o‘tgan holda ariza topshirishlari mumkin.
Sport musobaqasini o‘tkazish shartlari bilan batafsil tanishish uchun Engil atletika federatsiyasi saytida “Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasining ilovasi joylashtirilgan.
MUHIM: “Men g‘olib” musobaqalarining ishtirokchilari 2021 yildan 2023 yilgacha tsiklik sport turlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bo‘lmasligi shart: engil atletika, triatlon, duatlon, velosport, yozgi biatlon.
O‘zbekiston Respublikasi
Engil atletika federatsiyasining
Matbuot xizmati
Fikrlar