“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi minglab vatanparvar yoshlarni birlashtirdi

BEPUL PROPAN

Kecha Toshkentda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va kuch ishlatuvchi tuzilmalarining vakillari, harbiy o‘quv-muassasalarining kursantlari, havaskor va professional sportchilar ishtirokida “Men g‘olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Erta tongda 2000 nafarga yaqin ishtirokchi “Humo Arena” sport majmuasining hududida 3 km va 10 km masofalarga yugurish dasturlarida qatnashish uchun to‘plandi.

Ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston engil atletika federatsiyasining bosh hamkori – «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Toshkent shahar hokimiyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov ham ishtirok etishdi. Rasmiylar o‘z nutqlarida “Men g‘olib” musobaqasi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, yurtimiz farovonligi yo‘lida faoliyat olib borayotgan xizmatchilar o‘rtasidagi sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni yanada targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Yana bir ahamiyatli tomoni musobaqada kuch ishlatuvchi tuzilmalarning rahbarlari ham ommaviy yugurish musobaqasida o‘z xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishtirok etishdi.

“Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazishdan ko‘zlangan eng muhim maqsadlaridan biri harbiy xizmatchilarni faol jismoniy harakatda bo‘lishini ta’minlash, Qurolli kuchlar va kuch ishlatuvchi tuzilmalar orasida do‘stona aloqalarini rivojlantirish, ular orasida eng kuchli jamoalarni aniqlash hisoblanadi. Ommaviy yugurish musobaqasi doirasida ishtirokchilar ham yakkalik, ham jamoaviy ommaviy yugurish musobaqasida o‘z kuchlarini sinaydi.

“Men g‘olib” ko‘chma kubogini qo‘lga kiritish uchun bugun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa kurash olib bordi. Shuningdek, Qurolli kuchlar akademiyasi, Jamoatchilik xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, FVV vazirligi, DXX akademiyasi va DSQ instituti, kuch ishlatuvchi tuzilmalarning o‘quv yurtlari kursantlardan shakllantirilgan 6 ta jamoa orasida ham bellashuvlar o‘tkazildi.

Ommaviy yugurish musobaqasi doirasida O‘zbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatuvchi tuzilmalarining qudratini namoyish etuvchi harbiy texnika ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yakunda 3 va 10 kmga yugurish bahslarida o‘z yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan qatnashchilar taqdirlanishdi. Musobaqada Mudofaa vazirligi sportchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!