
Mavlud Tifiev mag‘lubiyatga uchradi. Aslidachi...?
Xabaringiz bor, 3 may kuni Rossiyaning Ekaterinburg shahrida RCC hamda One Championship promoushenlari hamkorlikda ajoyib jang kechasi tashkil qilgan edi. Ushbu turnirda K-1 hamda professional muaytay ustasi Mavlud Tifiev o‘z jangini o‘tkazdi. U mezbonlar vakili Vladimir Kuzmin bilan professional kikboksing yo‘nalishida jang qildi va ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.
Biz mazkur jangga oid voqeliklar yuzasidan unga hamrohlik qilgan O‘zbekiston K-1 federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Hojiakbar Hakimovning fikrlari bilan qiziqdik.
- Jang juda qiziqarli o‘tdi. Ha, mag‘lubiyat bo‘ldi. Biroq jangni tomosha qilganlar bu qarorga qo‘shilmasliklari aniq, nazarimda... Referi bizga kelib, 1 va 2-raundlarni olganimizni, uchinchi raundda ham ikki yon hakam Mavludni g‘alabasini qayd etganini, g‘olibni e’lon qilish jarayonida esa, o‘zi ham hayron qolganini aytdi.
Mavlud 50 dan ortiq professional janglarda ishtirok etgan va 40 dan ortiq g‘alabasi mavjud. Demoqchimanki, oddiy sportchi emas! Shunday ekan, raqib ham shunchaki bo‘lmasdi. Albatta, kuchli bo‘lishi aniq edi. Vladimir Kuzmin o‘z vazn toifasida Rossiyaning birinchi raqamli jangchisi va "One Championship promousheniga yo‘l" turnirining g‘olibi edi. Shuning uchun ham mezbonlik faktori rol o‘ynadi. Apellyatsiya berishimiz mumkin edi. Ammo buning nafi yo‘qligini anglab turardik. Shuning uchun bir og‘iz e’tiroz bildirmadik. Aksincha tashkilotchilarning o‘zlari kelib, Mavludga revansh jangi tashkillashtirib berishlarini ma’lum qildi.
Bu gaplarni shunchaki mag‘lubiyatni haspo‘shlash uchun aytmadim, shunchaki, bor voqelikni tushuntirmoqdaman. Barchasi Allohdan! Bu yanada motivatsiya beradi va navbatdagi janglarda faqat nokaut, muddatidan avval g‘alaba qozonish uchun harakat qilinadi.
Shu o‘rinda, yana bir yangilikni aytib o‘tishim mumkinki, O‘zbekistonda "One Championship promousheniga yo‘l" turnirini tashkil qilish borasida muzokaralar olib bormoqdamiz. Agar, moliyaviy jihatlarimizni hal qila olsak, ushbu nufuzli turnirni Toshkentda o‘tkazamiz. Va yana shuni alohida ta’kidlab o‘tardimki, tez orada bizning sportchilar jahonning mashhur promoushenlarida jang qiladi.
Fikrlar