
Mashhur tadbirkor Murod Nazarov O‘zbekiston sport federatsiyalaridan birida ish boshladi
O‘zbekiston polo federatsiyasining yillik hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibidan federatsiyaga yangi rais o‘rinbosarlari va Bosh kotib saylash masalalari o‘rin oldi. Unda Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Bahromjon Gaziev boshchiligidagi O‘zbekiston polo federatsiyasi mutasaddilari, faxriy mehmonlar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Konferentsiyani Oybek Kasimov hamda O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Kseniya Gulyamova olib bordi.
Dastlab, O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziev kirish so‘zi va 2021-2022 yilgi mavsumda amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan qulay sharoitlar alohida ta’kidlandi.
Federatsiya raisi o‘rinbosari va Bosh kotib lavozimlariga nomzodlarni Bahromjon Gaziev taqdim etdi. Bu borada yirik qurilish tashkilotlarini boshqarishda boy tajribaga ega Murod Nazarov hamda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti kafedra mudiri Mirziyod Majidiy rais o‘rinbosari, Akbar Asqarov nomzodi esa federatsiya Bosh kotibligi uchun ilgari surildi. Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari, jumladan, O‘zbekiston Milliy mediya assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov, O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi maslahatchisi Yakov Ribalskiy taklif etilgan nomzodlar haqida iliq fikrlarini bildirdilar.
Shu tariqa, konferentsiya ishtirokchilari taklif etilgan nomzodlarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar va federatsiya rahbariyati quyidagi tarkibda qayta shakllantirildi:
O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi: Bahromjon Gaziev;
Bosh kotib: Akbar Asqarov;
Rais o‘rinbosarlari: Bahrom Mirqosimov, Murod Nazarov, Kseniya Gulyamova, Mirziyod Majidiy.
MOQ matbuot xizmati
Fikrlar