
Masharipovning qopqonga tushib qolishi, "Paxtakor"ga endi chempionatimizdagi o‘yinlarning qizig‘i qolmagani, murabbiyning xatosi va boshqalar haqida Birodar Abduraimovning tahlili
O‘zbek futbolining tirik afsonasi – Birodar Abduraimovning hayoti va faoliyatida “Paxtakor” o‘chmas iz qoldirgan. Uning bildiradigan har qanday fikri jamoatchilikning e’tiborida bo‘ladi.
Yaqinda “Paxtakor” OChLdagi ishtirokini chorak finalda yakunlab Toshkentga qaytib keldi. Birodar Abduraimov esa sports.uz muxbiriga “Paxtakor”ning o‘yinlarini tahlil qildi.
- Birodar Hasanovich, o‘zingiz uchun qadrdon bo‘lgan “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Umumiy olib qaraganda, “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki borasidagi fikrlar ijobiy. Jamoamiz musobaqada yaxshi qatnashdi. Ammo chorak finalda “Persepolis” bilan uchrashuvda Jaloliddin Masharipovning qo‘pol harakati o‘yinni buzib qo‘ydi. Shunga qaramay, birinchi bo‘limda 0:0 o‘ynashdi. Lekin taktika tomonlama boshqacharoq o‘ynash lozim edi. Mana, “Barselona”ning o‘yinini ko‘rdik. Ular 10 nafar futbolchi bilan “Selta”ni 3:0 hisobida yutishdi. Bu “Barselona”. “Paxtakor” to‘pni ushlab turish borasida raqibdan ustunroq ko‘ringandi. Yana boyagi gapimda qolaman: boshqacha taktikani qo‘llash kerak edi. Eren Derdiyok yaxshi hujumchi, ammo u himoyada yuribdi. Natijada uning o‘ynayotgan pozitsiyasidan gol urishdi. O‘ylaymanki, bu murabbiyning xatosi edi. Vaqtida o‘yinchi almashtirish lozim edi, axir bizda yaxshi yarim himoyachilar ham ko‘p edi. Bunday paytda bizda faqat bitta imkoniyat qolgandi: u ham bo‘lsa, qarshi hujumda o‘ynash. Zaxiramizda Sadriddin Abdullaev, Abror Ismoilov, Vladimir Kozak singari futbolchilarimiz o‘tirishdi. Ular maydonga tushishsa yomon bo‘lmasdi. Faqat Cheranni hujumda qoldirib o‘ynash kerak edi. Albatta, bu bizning fikrimiz. Menimcha, o‘yin paytida murabbiy o‘zini biroz yo‘qotib qo‘ydi. Shota Arveladze bo‘lganida darrov bunday vaziyatdan chiqib ketish yo‘llarini o‘ylab topgan bo‘lardi. Negaki, o‘zi o‘ynagan va ko‘p narsadan xabardor. Kimni nimaga qodirligini yaxshi bilardi.
- Masharipovning qizil kartochka olgan vaziyatidagi harakatiga qanday izoh bildirasiz?
- O‘sha vaziyatda Masharipov to‘p uchun kurashishga majbur emasdi. Yo‘q joydan qizil kartochka bo‘ldi. Raqib esa bundan vaqtida foydalanib qoldi. Ayniqsa, hakam uchun bu ayni muddao bo‘ldi. Bunday holatlar o‘zimizning chempionatda o‘tishi mumkin, ammo Osiyoda o‘tmaydi. Holbuki, biz bemalol musobaqadagi ishtirokimizni davom ettirishimiz mumkin edi. Raqibdan kuchli edik. Qizil kartochkagacha bo‘lgan vaziyatda ham “Paxtakor”ning imkoniyati ko‘rinib turgandi. Maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganimizdan keyin murabbiylar albatta taktikani o‘zgartirishlari shart edi. Axir Derdiyok yaxshi futbolchi bo‘lsa-da, u himoyachi emas-ku. Murabbiylar hammasini ko‘rib turgan bo‘lsa, darrov o‘yinni boshqacha o‘zgartirishsa bo‘lardi. Masalan, Sergeevni ham yordami tekkan bo‘lardi.
- Aslida Osiyo Chempionlar ligasida “Paxtakor”dan nima kutgandingiz?
- O‘tgan safar borganimizda saudiyaliklar va boshqalar bilan o‘yinlarimizni ko‘rgandim. Eng asosiysi, qo‘rqish kerak emas. O‘yinimiz bilan ko‘rsatdikki, boshqalardan kamchilik joyimiz yo‘q. Raqib jamoalarda nomigagina legionerlari ko‘p. Ammo o‘zimizni–o‘zimiz vahimaga tushirib qo‘yyapmiz. Qarang, o‘sha legionerlar o‘yinlarini o‘ynab bo‘lgan o‘yinchilar, yosh emas-ku. Keyingi musobaqada bundan ham yaxshiroq o‘ynashga qurbimiz ham, kuchimiz ham etadi.
- “Paxtakor” ichki chempionatimizda yaqqol peshqadam va raqobatdan holi bo‘lib qolyapti. Bu esa klubning ziyoniga xizmat qilmayaptimikin? Har xolda xalqaro maydonlarda o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
- Menimcha, endi “Paxtakor”ga o‘zimizni chempionatda bundan buyog‘iga o‘ynashni qizig‘i ham qolmaydi. Asosiy kuch va e’tiborni Osiyo Chempionlar ligasiga qaratish haqida o‘ylashi kerak. Axir xalqaro maydonlarda qanaqadir iz qoldirishimiz muhim. Sobiq Ittifoq davrida ham “Paxtakor” o‘z so‘zini ayta olgan. Osiyoda esa biz klublar miqyosida o‘z joyimizni topishimiz kerak. Bunga imkoniyatimiz ham etadi. Buning uchun Osiyo Chempionlar ligasiga alohida tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Mana, terma jamoamizga taqvim bo‘yicha tayyorgarlik uchun bir-ikki hafta vaqt ajratiladi-ku. Shunga o‘xshab “Paxtakor” ham alohida shug‘ullanishi maqsadga muvofiq. “Paxtakor”dan tashqari yana boshqa klublarimizni ham xalqaro maydonlarga chiqishini istaymiz. Bu esa futbolimizning o‘sishiga bog‘liq.
- U holda Superligamizning bugungi saviyasi qanday deb o‘ylaysiz?
- Unchalik aytarli darajada emas. Negadir chempioantimizda tuzukroq futbolchilar chiqmayapti. Ular avvalo o‘z ustida ko‘proq ishlashlari kerak. Faqat futbolchilar jamoasini almashtirib yuradilar xolos. Ilgari futbol maktablari yaxshi ishlardi. Masalan, “Paxtakor”da har doim iqtidorlar etishib chiqardi. Fyodorov, Anga o‘xshagan o‘yinchilar hozir yo‘q. Hozirgi o‘yinlarning saviyasidan qoniqmayapman.
- Italiya A seriyasiga ketgan Eldor Shomurodovning imkoniyatlarini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Eldor Shomurodov o‘z ustida ishladi, Rossiyada o‘sdi. O‘tgan yili u bilan ko‘rishgandim. O‘z nomimdan Eldorga muvaffaqiyat tilayman. Evropada o‘ynash har kimga ham nasib qilavermaydi. U o‘zini ko‘rsata olishiga ishonaman.
- Shuningdek, Masharipovning xorijga ketish vaqti kelganligi haqida ham ko‘pchilik gapiryapti...
- Masharipov haqida shuncha yozyapmiz, lekin hozircha quruq gaplar. Mana, Shomurodovga aniq taklif tushdi va u ketdi. O‘zbek yigitining Italiya chempionatida o‘ynashidan butun xalqimiz xursand bo‘ladi. Esimda, o‘z vaqtida “Paxtakor” tarkibida Italiyada “San Siro” stadionida “Roma” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynaganmiz. Niyatim, futbolchilarimiz ko‘proq o‘sishsin, qanchalik ko‘p rivojlanishsa bu terma jamoalarimizga shunchalik foydali bo‘ladi. Jaloliddinni “Paxtakor” bilan shartnomasi bor. Ilgari ketishi kerak, deb ko‘pchilik gapirardi. Uni “Paxtakor”ga hali yordami tegadi deb o‘ylayman. Lekin shu yigitimiz “Persepolis” bilan o‘yinda qopqonga tushib qoldi. Buning ustiga o‘sha vaziyatni ko‘pirtirishib, 10 martacha ko‘rsatishdi, ko‘rdingizmi? Vaholanki, oyog‘i bilan bosib olgan bo‘lsa ham raqib o‘yinchisiga hech narsa bo‘lmagan. Shunchaki, eronliklarning ayyorligi bo‘ldi. Bizning futbolchilarimiz esa bunday ayyorliklarni qilishmaydi. Biz bilamiz, arablar va ular oldindan shunday qiliqlar qilishadi. Toshkentdagi o‘yinlarda ham bunga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Menimcha, bu xato va endi qaytarilmaydi.
Fikrlar