
Manchesterliklar “Real”ning superfutbolchisini olib ketmoqchi
“Manchester Yunayted” kelasi mavsum oldidan jamoani jiddiy tarzda kuchaytirishga qaror qilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Ruben Amorim o‘z shogirdlari orasida “Real” yulduzi Federiko Valverdeni ko‘rmoqchi.
Klub xo‘jayinlari ham bosh murabbiyning tanlovini ma’qullayapti. Rahbariyat urugvaylik futbolchi uchun Madrid jamoasiga 100 million evro to‘lashga tayyorligini bildirdi.
26 yoshli yarim himoyachi bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan universal futbolchilardan hisoblanadi. Federiko yuqori jismoniy tayyorgarligini barqaror ushlab tura oladi, o‘ta kuchli va aniq zarbaga ega.
Valverde futbol sir-asrorlarini o‘z yurtida “Penyarol”da o‘rgana boshlagan va 2016 yili “Real” akademiyasi “Kastilya”ga olib kelingan.
Ayni paytda dunyoning eng kuchli yarim himoyachilaridan biriga aylangan Federiko 130 million evroga baholanmoqda. Shu bois, transfer bo‘yicha ekspertlar manchesterliklar o‘z rejasini amalga oshirishda katta qiyinchilikka duch kelishini aytmoqda.
Fikrlar