Manchesterliklar 100 dan ortiq gol urgan o‘yinchidan voz kechadigan bo‘ldi
Inqirozdan chiqishga harakat qilayotgan “Manchester Yunayted” rahbariyati 31 yoshli yarim himoyachi Brunu Fernandeshni sotish variantiga tobora ko‘proq moyil bo‘lmoqda.
Manchesterliklar keyingi yillarda jamoaning eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turgan Fernandeshni qimmatroq narxga sotib, tushadigan mablag‘ni bir necha yosh o‘yinchilarni olishga yo‘naltirmoqchi.
Bu haqda Caught Offside xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Manchester Yunayted” portugaliyalik pleymeykerni taxminan 70 million funt sterling (79,8 million evro) evaziga qo‘yib yuborishga tayyor. Yarim himoyachiga Saudiya Arabistoni klublari, xususan “Al-Hilol” va “Al-Ittihod” jiddiy qiziqish bildirishda davom etmoqda.
Portugaliyalik futbolchi 2020 yil yanvaridan beri «Manchester Yunayted» safida o‘ynab kelyapti. Shu davr mobaynida u barcha musobaqalarda 306 ta o‘yin o‘tkazib, 102 ta gol va 92 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Uning klub bilan shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Fernandeshning bozor qiymati 40 million evroni tashkil etadi.



Fikrlar